Qoʻmita majlisida bir qator qonunlar muhokama qilindi

11:36 02 Oktyabr 2025 Siyosat
233 0

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining navbatdagi majlisida bir qator qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Xususan, majlis ishtirokchilari “Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida”gi Qonunni koʻrib chiqdi.

Mazkur Qonun bilan mulkiy zararni qoplash uchun hududiy maqsadli jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish va ularning manbalari belgilanmoqda.

Shuningdek, yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun undiriladigan mablagʻlar miqdori sudning qarori asosida aniqlanishi, jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, hududiy Kengashlarga davriy hisobot taqdim etib borilishi, hududiy hokimliklar zararni qoplash uchun toʻlangan mablagʻlarni regress tartibida undirish choralarini koʻrishi belgilanmoqda.

Qonun fuqarolar va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash, mansabdor shaxsning shaxsiy masʼuliyatini oshirish hamda davlat idoralari faoliyatida shaffoflikni taʼminlashga xizmat qilishi senatorlar tomonidan alohida qayd etildi.

“Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bilan mahalliy Kengashlarga hokimliklarning ayrim vakolatlari hamda qonun hujjatlarida mahalliy davlat hokimiyati organlariga berilgan umumiy vakolatlarning aniqlashtirilishi natijasida qoʻshimcha vakolatlar oʻtkazilmoqda.

Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalar mahalliy vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasida ixtisoslashtirilmoqda.

Shundan soʻng “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi. Taʼkidlanganidek, ushbu Qonunning qoʻllaniladigan sohasi kengaytirilib, Qonun soliq, bojxona, davlat nazorati va tekshiruvi, fuqarolarning pensiya taʼminoti, harbiy roʻyxatga olish va harbiy xizmatga chaqirish, shaharsozlik jihatidan rejalashtirish, yer uchastkalarini ajratish va olib qoʻyish kabi tartib-taomillarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Qonun yuzasidan Qoʻmita aʼzolari va ekspertlari tomonidan bir qator takliflar bildirilib, Qonunni chuqur oʻrganib, tahlil qilish lozimligi qayd etildi.

Koʻrib chiqilgan qonunlar boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер