“Qoch, samokat kelyapti…” Endi yoʻlkalarda ham yurak ushlab yuramizmi?
Elyor HAYDAROV/“Xalq soʻzi”. Yurish-turish, kiyinish, ovqatlanishning oʻziga xos etika-estetikasi, odobi boʻlganidek koʻcha-koʻyda harakatlanishning ham oʻz tartib-qoidalari mavjud. Balki eslatish kulgili tuyular, ammo yoddan chiqarmaslik kerak, yoʻllar hech kimning shaxsiy mulki yoki “otasidan qolgan meros”i emas, unda istaganingcha harakatlanish, ayniqsa boshqalarga xalaqit berish, yoʻlini toʻsish, soʻnggi paytlarda bot-bot takrorlanayotgan “farosatsizlikning oliy darajasi” xolos.
Eng yomoni, bunday paytda kimni ayblashga ham qiynalasan kishi. Xoʻsh, kim aybdor? Ularga yoʻllarni ravon qilib, “ol, istagan ulovingni min” deya sharoit yaratib berayotganlarmi yoki undan qanday foydalanishni bilmayotgan baʼzi qoʻshtirnoq ichidagi odamlarmi? Fikrimcha, ayb kimdaligi kunday ravshan. Endi esa boshqa savol oʻrtaga chiqadi: Buning chorasi nima?
Keyingi paytlarda yurtimizning tobora zamonaviy koʻrk ochib borayotgan markaziy shaharlari, xususan, poytaxtimiz Toshkentda turli rusumdagi, imkoniyatlari keng, ekologiyaga zarar yetkazmaydigan, ogʻirimizni yengil, uzogʻimizni yaqin qiladigan elektrosamokat, skuter va sigveylar paydo boʻldi. Bu turdagi harakatlanish vositalarining soni aholi gavjum joylarda kundan-kunga ortib borayotgani ham bor gap. Boshkentimizning koʻchalari, qay goʻshasi, qay joyiga qaramang ularni uchratasiz. Avtobus bekatlari, istirohat bogʻlari, turli savdo markazlari, konsert zali-yu kinosaroylar roʻparasida tizilib turgan, hozirda eng ommalashib borayotgan elektrosamokatlarni koʻrib, xayolingizdan “Bir minib koʻrsammikan, qanaqa ekan-a?” degan oʻy kechadi.
— Piyodalar yoʻlakchasida elektrosamokatlar sabab yurak hovuchlab yuramiz, — deydi yoʻlovchilardan biri Maʼmura Zohidova. — Oldi-orqamizdan gʻizillab, gohida urib-turtib, uzr ham soʻramay, bemalol oʻtib ketishadi baʼzi birovlar. Aybni elektrosamokatga toʻnkash xato, uni minayotgan odamning aqli noqisligi yo oʻzini koʻrsatgisi kelgani buning asosiy sababidir. Balki unga minishdan oldin talabgor maʼlum qoidalarga javob berishi kerakligi borasida ogohlantirishi, bunga rioya qilmagan paytda maʼlum miqdorda jarima solinishi kerakdir, tagʻin bilmadim. Biz-ku mayli, yosh bola bilan koʻcha aylanishga qoʻrqib qoldi odam, turtib ketsa, qattiqroq yerga yiqilsa kimga dodingni aytishni bilmay qolaverasan kishi…
Darhaqiqat, elektrosamokat boshqaruvchilarining harakati tartibga solinmasligi aholining salomatligiga xavf soladi. Koʻcha-koʻyda eʼtibor bersangiz ularning koʻpchiligi maktab yoshidagi oʻspirinlar ekaniga guvoh boʻlasiz. Vaholanki, texnikani boshqarishda yosh chegarasi bor. Bolalar oʻzaro poyga oʻynab, turli ekstremal harakatlar koʻrsataman, deb oʻzi va atrofdagilarning hayotini xavf ostiga qoʻyayotgani, avtomobil yoʻllariga chiqib ketayotgani ham achinarli holat.
— Elektrosamokatlar “Individual harakatlanish vositalari” guruhiga kirib, 14 yoshdan kichik shaxslar yopiq hududlardan tashqarida boshqarishi mumkin emas, — deydi yoʻl harakati xavfsizligi xodimi Matkarim Ibodullayev. — Spirtli ichimlik ichgan, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoxud kuchli taʼsir qiluvchi moddalar taʼsirida boʻlgan, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoq va betoblik holatida boʻlganlar ham xuddi shunday. Bir yoki bir nechta individual harakatlanish vositalarini shatakka olish hamda tormoz tizimi, rul boshqaruvi, tovushli ishorasi, shuningdek, sutkaning qorongʻi vaqtida yoki koʻrinish cheklangan vaziyatlarda nosoz fara chiroqlari yoki fonarlar, orqa fara chiroqlari ishlamaydigan, nur qaytargichlar bilan jihozlanmagan individual harakatlanish vositalarini boshqarish ham taʼqiqlanadi.
Piyodalar harakatlanish qismi bilan yonma-yon velosipedlar yuradigan qizil yoʻlakda elektrosamokatlar harakatlanishi belgilanganiga qaramay ular baʼzan katta yoʻllar, baʼzan yoʻlakning odamlar yuradigan joyida paydo boʻlishmoqda. Velosipedlardagi katta shinalar yoʻlda chuqurlar va turli nosoz joydan ham oʻtib keta oladi, biroq elektrosamokatlar-chi? Bunga albatta ularning kichik balonchalari yoʻl qoʻymaydi. Qarabsizki, biror noxush voqea sodir boʻladi, kimdir jarohatlanadi, biror joyi sinishi, yorilishi ham hech gap emas. Tan olish kerak, hali koʻchalarimizda ular uchun sharoit yoʻq, ular shuning uchun piyodalar yoʻlagidan yurishga majbur. Pirovardida ular odamlarga xalaqit bera boshlaydi… Ehtimol, bu ulov harakatlanishi uchun maxsus maydonlar qurish yoki ommaviy harakatlanish hududlarda yurishi taqiqlash vaqti kelgandir…
Har kecha vatanimizning yirik shaharlarida tungi chiroqlar ogʻushida hayot qaynaydi. Aholi ham koʻpqavatli tor uylaridan holi turli koʻngil ochar maskanlarda oilasi, farzandlari bilan boʻsh vaqtlarni mazmunli oʻtkazish uchun oshiqadi. Tungi shahar koʻchalarida arzimagan chalgʻish elektrosamokat boshqaruvchisining gavjum piyodalar yoʻlakchasidagi kishilar hayotiga xavfni oshirsa oshiradiki, aslo kamaytirmaydi. Ayniqsa, yosh bolali ota-onalar bu vaqt xavfdan yurak hovuchlab yuradi.
Oxirgi vaqtlarda elektrosamokatlar harakatini nazoratga olish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda. Bu birinchi galda ularni ijaraga beruvchi tadbirkorlarga bogʻliq boʻlib qolmoqda baribir. Bilamiz, elektrosamokatlarda ular ayni paytda qayerdaligini koʻrsatib turuvchi biolokatsiya mavjud boʻlib, foydalanuvchi uni oʻgʻirlamoqchi boʻlsa, tadbirkor tomonidan oʻchirib qoʻyiladi. Balki, shu tizimni elektrosamokat boshqaruvchilari piyodalar yoʻlakchasida yuqori tezlikda yurganida, svetofor hamda yirik avtomobil yoʻllarida notoʻgʻri harakatlanganda ham qoʻllab, avtomatik oʻchirib qoʻyish kerakdir… Kasalni davolagandan koʻra, oldini olgan maʼqul, deydi dono xalqimiz. Shuni hisobga olib, undan foydalanish uchun maxsus ilovada turli testlar, yosh boʻyicha qatʼiy cheklovlar oʻrnatilsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Toʻgʻri, buning uchun ijarachi tadbirkorlar moʻmay daromadining bir qismidan kechishiga toʻgʻri keladi. Ammo, sogʻlik hammasidan ustun, kimdir undan foydalanish chogʻida baxtsiz hodisaga uchrasa odamlarda salbiy fikrlar paydo boʻlishi hech gap emas.
Rivojlangan davlatlar tajribasiga nazar solsak, yoʻl qoidasini buzgan elektrosamokat boshqaruvchisiga qattiq chora qoʻllanadi, jarimalar belgilangan. Bizda ham ijarachilar oʻz mahsulotini yoʻlning turli joylariga joylashtirgani hamda mijozlarini yoʻl qoidalari bilan tanishtirmagani uchun sharoit yaratib bergani uchun qattiq choralar qoʻllansa, koʻcha-koʻylardagi holat biroz boʻlsada tartibga tushardi.
Zero, har birimiz bexatar yoʻllarda yurishni, hayotimizga xavf tugʻdiruvchi omillar boʻlmasligini, sogʻ-salomat uyimiz, oilamiz bagʻriga yetib olishni xohlaymiz. Buning uchun albatta nazorat kuchaytirilishi shart.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Vazir oʻrinbosari xotinini aldagani uchun ishdan boʻshatildi
- Qurilish materiallari uyushmasi qoshida sinov laboratoriyasi tashkil qilinadi
- Oʻzbekistondagi MCHJlar soni 470 mingtaga yaqinlashdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi koʻtarildi
- Dollar kursi uzoq vaqt koʻtarilishdan soʻng pastladi
- Dollar kursi koʻtarilishda davom etomoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring