Qizlar oʻqimishli boʻlsa...

14:00 19 Fevral 2025 Jamiyat
270 0

Parkent togʻlari bagʻrida tugʻilib voyaga yetdim. Onam kutubxonada ishlagani uchun u yerdagi barcha kitoblarni oʻqib tugatdim. Bu qishlogʻimizdagi kutubxona faoliyati tugatildi. Onam qayta tayyorlov kursida malaka oshirib, maktabda dars bera boshladi. Uy ishlaridan boʻshaganda qoʻliga kitob oladigan odati borligi uchunmi, oiladagi 5 nafar farzandning barchasi musobaqalashib kitob oʻqirdik.

Bu bellashuv universitetga kirish, sessiyalarni aʼlo bahoga yopishga ulanib ketdi. Universitetga kirganimda, otam olamdan oʻtdi. Onam men va opamning shartnoma pulini oʻz maoshidan toʻladi. Ishlab qanotiga kiray deb amaliyotga bordim. Oʻz ustimda ishlab, ishga joylashdim. Onam doim halol mehnat qil, oʻqi, oʻz ustingda ishla, deb yoʻl koʻrsatdi.

Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bir guruh faol yoshlar bilan muloqotida koʻtarilgan masalalar orasida alohida taʼkidlangan “Bitta qizni oʻqitsak, butun oilani oʻqitgan boʻlamiz”, degan eʼtirofni eshitib, oʻz hayotimda amaliy ifodasini koʻrganim uchun toʻlqinlandim.

Axir, onamda bizni oʻqishga undagan. Boisi, har bir insondagi maqsad va orzular, avvalo, oilada, u unib oʻsayotgan muhitda tugʻiladi. Onamning jamiyatda har bir farzandim oʻz oʻrnini topishi kerak degan fikri boʻlgani uchun ham 5 nafar farzandning barchasi oʻqimishli. Oilamizning kenjasi Risolat Maxsumova oʻqib, ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Singlim hozirgi kunda dunyoning TOP universitetlari reytingida 10-oʻrinda turuvchi AQSHning Chikago universitetida magistrant sifatida taʼlim oladi. Quvonarlisi, singlim “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali tahsilni ummon ortida davom ettirmoqda.

Shu oʻrinda yana bir xayrli tashabbusga toʻxtalib oʻtmoqchiman. Magistratura bosqichida ham shartnomaga oʻqishga qabul qilinganman. Oylik maoshimni kontraktga toʻlab, stipendiyadan kunlik xarajatlarim uchun mablagʻ ajratardim. Keyinroq ilmiy ish himoya qilib, universitetga ishga kirdim. Bugungi magistr qizlarga havas qilaman. Chunki davlat ularga shartnoma summalarini toʻlab beryapti.

Prezidentimizning mana shu tashabbusi eʼlon qilinishidan avval magistraturada sanoqli qizlargina tahsil olardi. Bugun oʻzim mashgʻulotlarga kirib guvohi boʻlyapman. Auditoriyadagi magistrlarning 70 foizi qizlar. Bir tasavvur qiling-a, bu qizlarning har biri bir oilaning bekasi boʻladi. Ular tarbiyalagan farzandlarning dunyoqarashi, hayotiy maqsadlari ham boshqacha – dunyo tamadduniga mos boʻlishi aniq. Axir, uning onasi magistratura bosqichida oʻqigan, bu bosqich ilmiy faoliyatning boshlanish nuqtasi sifatida tahlil, tanqidiy fikrlash, kreativ yondashuvlarni shakllantirish barobarida ilmiy salohiyatni rivojlantiradi. Bu koʻnikmalarga ega ona farzandi kamolotida ham masʼuliyatli boʻlishi tayin.

Sadoqat MAXSUMOVA,

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti kafedra mudiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?