Qizilqumning oʻziga xos Las-Vegasi

11:10 15 Aprel 2025 Jamiyat
71 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Zarafshon shahrining AQSHdagi Las-Vegas shahri bilan bir qator oʻxshashliklari mavjud. Birinchidan, har ikkisi ham biyday choʻlning qoq markazida joylashgan boʻlsa, ikkinchidan, ular isteʼmolidagi obihayotning toʻqson foizdan ortigʻi olisdan tortib kelingan. Va hokazo...

Yaqinda bu oʻxshashliklar qatoriga yana bir jihat qoʻshilishi rejalashtirilmoqda. Yaʼni shahardagi “Marvarid koʻl”ga tutash hududda betakror loyihaga qoʻl urildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, “Marvarid koʻl” atrofida bugungi kunda bir qancha loyihalar qad rostlagan boʻlib, ularning aksariyati Oʻzbekiston doirasida yagona hisoblanadi. Xususan, bu yerda yelkanli suv sporti majmuasi hamda havo shari shaklidagi sport zalida yoʻlga qoʻyilgan loyihalar nafaqat koʻngilochar, balki professional sportchilarni ham tarbiyalamoqda.

Oqshom tushishi bilan koʻl sathida dengiz ruhini kuzatish mumkin. Katta-kichik yelkanli kemalarda sayohat, turli-tuman hordiq chiqarish maskanlari, rang-barang chiroqlar hozircha Qizilqumda oʻziga xos mini Las-Vegasi hisoblanadi.

Orzuga ayb yoʻq. Ulkan rejalarni oldiga qoʻygan zarafshonliklar yanada koʻproq qulayliklar ega boʻlish va boʻsh vaqtlarini mazmunli kechirishga yoʻnaltirilgan yana bir yangi loyihaga qoʻl urishdi. Unga koʻra choʻlning betakror ekstremal turizmini oʻzida aks ettirgan ushbu loyihaga “Yangi Zarafshon” mahallasi hududidan 30 gektar yer maydoni ajratilib, Turkiyaning “Sigma Toshkent” kompaniyasi tomonidan mini shaharchaning master-rejasi ishlab chiqildi.

— Mazkur reja asosida zamonaviy bozor, koʻngilochar park, besh yulduzli mehmonxona, ekstremal hudud, dala hovlilar va xizmat koʻrsatish, bungalo va kapsula shaklidagi uylar, zamonaviy akvapark singari loyihalar amalga oshiriladi, — deydi Zarafshon shahri hokimi Nazirbek Rahmonov. — Qiymati 70 mln. AQSH dollari boʻlgan ushbu loyihalar amalga oshgach, koʻl atrofida yangi zamonaviy besh yulduzli mehmonxonalar, yirik va oʻrta hajmdagi xizmat koʻrsatish obyektlari, xalqaro standartlarga mos savdo markazi, 100 ga yaqin turistik turarjoylar quriladi. Bu oʻz navbatida, yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.

Darvoqe, ushbu loyihalarni amalga oshirishda zarafshonliklar tadbirkorlarni hamkorlikka chorlamoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер