Qizilqumning ahamiyati yirik korxonalarga teng moʻjaz sexi

18:32 10 Oktyabr 2025 Jamiyat
279 0

“Navoiy uran” davlat korxonasining “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni tarkibidagi sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi 1985-yilning 20-oktyabrida ishga tushirilgan. Bor-yoʻgʻi sex maqomidagi korxona mamlakatimiz sanoatida muhim ahamiyatga ega.

— Sexning asosiy vazifasi — uran mahsulotini ishlab chiqarish jarayonida qoʻllaniladigan sulfat kislotasini mahalliy sharoitda tayyorlash hamda respublika sanoat tarmoqlarini ushbu muhim kimyoviy birikma bilan taʼminlashdan iborat, — deydi “Uchquduq” ishlab chiqarish maydoni sulfat kislotasi ishlab chiqarish sexi boshligʻi Erali Vasiyev. — Ishga tushirilgan paytda sexning ishlab chiqarish quvvati yiliga 500 ming tonnani tashkil etgan boʻlib, bu quvvat hozirgacha barqaror saqlanib qolgan.

Bir soʻz bilan aytganda, oʻtgan qirq yil mobaynida sexda jami 15 million 400 ming tonnadan ortiq sulfat kislotasi ishlab chiqarilib, mamlakatimiz konchilik sanoati korxonalari hamda kimyo-energetika quvvatlariga yetkazib berildi.

— 2011-yildan seximizda ishlab chiqarish surʼatlarini saqlagan holda asosiy texnologik uskuna va qurilmalar toʻliq rekonstruksiya qilindi, — deya davom etadi E. Vasiyev. — Natijada ishlab chiqarish quvvati va samaradorligi oshib, soʻnggi oʻn yil mobaynida belgilangan rejalarning 101–105 foiz darajada bajarilishi taʼminlandi. Joriy yilda seximizning 40-yillik yubileyi munosabati bilan ishlab chiqarish rejasini 107,8 foizga bajarishni rejalashtirmoqdamiz.

Sexda mahalliylashtirish dasturi hamda innovatsion loyihalar doirasida quritish-absorbsiya boʻlimi uchun yangi sovutgichlar ishlab chiqarilib, qumoqli oltingugurt boʻlimi uchun zamonaviy eritish qurilmalari oʻrnatildi. Chiqindi bugʻlaridan qayta foydalanish orqali suv sarfini kamaytiruvchi kondensatorlar va ovozsoʻndirgichlar joriy etildi. Shuningdek, chiqindi bugʻidan foydalangan holda binolarni isitish va issiq suv taʼminoti tizimi yoʻlga qoʻyildi. Geotexnologik konlar ehtiyojlari uchun “Ekstruder” qurilmalari ishlab chiqarilib, polietilen quvurlari tayyorlash faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

— Hozirda seximizda texnik qayta jihozlash va avtomatlashtirish loyihalari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, — deydi E. Vasiyev. — Shuningdek, texnik jarayonlarni avtomatik boshqarish tizimlari zamonaviy talablar asosida modernizatsiya qilinmoqda. Fan va ishlab chiqarish hamkorligi natijasida ishlab chiqarish chiqindilaridan qimmatli elementlarni qayta tiklash boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilib, laboratoriya sharoitida ishlatilgan vanadiy katalizatoridan vanadiy pentoksidi olish texnologiyasi yaratildi. Bu yoʻnalish kelgusida ishlab chiqarishda xomashyodan tejamkor foydalanish va yangi mahsulot turlarini oʻzlashtirish imkonini beradi.

Temur ESHBOYEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер