Qishloq tibbiyoti qachon oʻnglanadi?

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Koʻp yillardan beri sogʻliqni saqlash sohasining eng muhim muammosi qishloq tibbiyoti boʻlib kelgan. Haligacha koʻplab bemorlar favqulodda tez-tez shahardagi kasalxonalarda yotqizilishi ham olis qishloqlarda tibbiy faoliyatning qoniqarsizligidan dalolat beradi. Tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida ishlarni toʻgʻri tashkil etmay turib, kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olish qiyin.
Joriy yilning 7-mayida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektorda mazkur masalaga alohida eʼtibor qaratildi. Birinchi navbatda, Ishtixon misolida tuman poliklinikalari, shifoxonalarda tibbiy yordamning mavjudligi va sifatini kengaytirish vazifasi qoʻyildi. Videoselektor yigʻilishida taʼkidlaganidek, Ishtixon boshqa hududlar orasida qator koʻrsatkichlar boʻyicha ortda qolmoqda. Ayniqsa, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlardan aholi rozi emas. Tumandagi “Oʻzbekiston” poliklinikasiga 7 ta mahalla biriktirilgan. Lekin 6 nafar oilaviy shifokor 9 ta shtatni band qilib, yuklamani eplay olmayapti. Bu poliklinikada yana 6 ta vrach shtati boʻsh. Kafolatlangan paketga zarurati puxta oʻylanmasdan 90 turdagi dori kiritilgani bois poliklinikaga buning yarmi ham kelmayapti. Poliklinikadagi laboratoriya tahlilini birorta shifoxona tan olmaydi. Eng koʻp murojaat bolalar kasalliklariga toʻgʻri kelgani bois oilaviy shifokorlarda koʻnikma yetishmagani uchun ular pediatr vazifasini toʻliq bajara olmayapti. Tugʻruq yoshidagi 9 ming ayolga bor-yoʻgʻi 1,5 stavka ginekolog shtati berilgan. Aholining 35 foizi yurak-qon tomir, qandli diabet, oshqozon-ichak kabi surunkali kasalliklarga chalingan. Bunday kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika qilish va asoratlarini kamaytirish boʻyicha tibbiyot brigadalarining ishi koʻrinmayapti.
Mamlakatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan yigʻilishdan soʻng qishloq tibbiyoti viloyat shifoxonalariga oʻrnak boʻlishi uchun yangi tizim asosida tumandagi birlamchi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, tibbiy jihozlar taʼminoti hamda bino va inshootlar toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazildi. Tumandagi 62 ta mahallada yashovchi qariyb 282 ming nafar aholi xatlov qilinib, “mahalla profili” shakllantirildi. 3-18 yoshli oʻgʻil-qizlar onkogematologik, fertil yoshidagi ayollar perinatal hamda bachadon boʻyni saratoni, 40 va undan katta yoshdagi aholi kardiologik hamda qandli diabet skriningidan oʻtkazilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Har bir mahallaga Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-oʻqituvchilari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari viloyat filiallari va tuman, shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlari biriktirildi.
— Oʻttiz besh yildan beri birlamchi tizimda faoliyat koʻrsataman. Doim oilaviy shifokor tanqisligi kuzatilgan, — deydi Ishtixon tuman tibbiyot birlashmasi boshligʻi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Bahodir Abdurazzoqov. — Bunga sabab yarim stavka ishlaydigan shifokorlar mavjudligi, oylik-maoshlarning kamligi, qogʻozbozlik koʻp, ish yuklamasining kattaligidir. Bugungi kunda 105 nafar oilaviy shifokor shtati boʻlgan tumanimizda 60 nafar umumamaliyot shifokori faoliyat koʻrsatmoqda. Qolaversa, ushbu oilaviy shifokorlarning 50 foizi nafaqa yoshidagi xodimlar sanaladi. Boshqa ilojimiz yoʻq, yoshlarni bu tizimda ishlashga majbur etolmaymiz. Hatto bitiruvchilar ham bir-ikki yil ishlagach, shifoxonalarga oʻtib ketadi. Birlamchi tibbiyot toʻla maʼnoda aholi salomatligiga masʼul muassasaga aylanadi. Tumanimizda 17 ta oilaviy shifokorlik punkti, 4 ta oilaviy poliklinika maqbullashtirilayotganini eshitib xursand boʻldik. Endilikda hududda 12 mingdan koʻp aholiga xizmat qiladigan 7 ta poliklinika faoliyat koʻrsatib, qolgan 27 tasi kichik poliklinika sifatida qaytadan tashkil etiladi. Tuman markaziy koʻp tarmoqli poliklinikasi tuman shifoxonasining maslahat diagnostika boʻlimiga aylantirilmoqda. Bu uzoq kutilgan yangilik.
Albatta, ijobiy natijalardan aholi minnatdor, ammo birlamchi tibbiy-sanitariya yordamida yangi mexanizmlar joriy etish hamon oqsayapti. Masalan, tajriba-sinov oʻtkazilayotgan Samarqand shahar, Bulungʻur va Ishtixon tumanlarida 9 turdagi axborot kommunikatsiya jihozlari va tarmoq qurilmalar bilan taʼminlash boʻyicha biror amaliy ish boshlanmagan. Bugungi kunda viloyatda 41 ta shifoxona, 16 ta koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, 70 ta oilaviy poliklinika, 164 ta oilaviy shifokorlik punktlari, 700 ta xususiy klinikalar hamda 250 ta mahalla tibbiyot punktlari orqali aholiga tibbiy xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Sogʻliqni saqlash tizimidagi ayrim koʻrsatkichlar tahlili natijasida bir qator tumanlarda belgilangan vazifalar yetarli darajada ijro etilmagani bilan bogʻliq qator muammolar aniqlandi.
Jumladan, joriy yil yakuniga qadar viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalarining taʼmirtalab boʻlgan 262 ta sanitariya-gigiyena shoxobchalarida taʼmirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan boʻlib, hozirga qadar 39 tasi taʼmirlangan xolos. Ayniqsa, Kattaqoʻrgʻon, Ishtixon, Pastdargʻom, Urgut va boshqa qator tumanlarda bu ishlarni amalga oshirishda kamchiliklar kuzatilmoqda. “Tibbiyotda 90 kunlik oʻzgarishlar vaqti” dasturi boʻyicha tuman-shaharlarda 6 ta yoʻnalish boʻyicha 22,7 milliard soʻm ajratilishi belgilangan. Bugunga qadar 3,1 milliard soʻm yoki 14 foiz mablagʻ ajratilgan xolos. Albatta, bu mutasaddilardan sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yanada masʼuliyat bilan yondashishni talab etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring