Qirmizi olma
Bayram kunlari oila davrasida, ayniqsa, bolalar bilan hordiq chiqarish, fayzli xiyobonlarda sayr qilib, charchoqlarni yozish juda maroqli. Axir bayramning shukuhi, quvonchi bolalar bilan-da!
Ayyom shukuhi kezib yurgan lahzalarda farzandlarim bilan Fargʻona shahrida yangi qurib bitkazilgan Ekoshaharga sayrga bordik. Bu yerda har kuni bayram dasturlari namoyish etilib, oilaviy hordiq chiqarish uchun qulayliklar yaratilgan. Zamonaviy attraksionlarda qiyqirib, shodlanib uchayotgan jajji bolalarning nigohida ertangi kunni, yurtimiz istiqbolini koʻrganday boʻlaman.
Oqshom sayli juda ham maroqli oʻtdi. Bir olam taassurotlar bilan uyga qaytar ekanmiz, ehtiyoj tufayli yoqilgʻi quyish shoxobchasiga kirishga toʻgʻri keldi. Mashinada bolalarni koʻrgan shoxobcha ishchi-xodimlari ularga shirinliklar ulashishdi. Shu lahzalarda bolalar koʻzidagi quvonchni koʻrsangiz edi! Bola quvonsa, el quvonadi, degan hikmat magʻzini chaqqanday boʻldim.

Yoʻl-yoʻlakay uyga oshiqar ekanmiz, svetoforning qizil chirogʻida mashinani toʻxtatdik. Yonma-yon kelib toʻxtagan mashinadagi amaki bolalarga tabassum bilan qoʻl siltadi. Bolalar ham bunga javoban qiy-chuv qilib, jajji qoʻlchalarini harakatlantirishdi. Mashinaning old oʻrindigʻida oʻtirgan 8 yoshli oʻgʻlim ayni lahzalarda benihoya xursand edi. U kutilmaganda:
— Ayajon, shu mehribon amakiga bitta shokoladimni bersam maylimi? — deb qoldi.
Rozilik bildirganimdan soʻng oynadan yoshi ulugʻ haydovchiga shirinligidan bittasini uzatdi. Amaki ham xursand boʻlib oldi. Yashil chiroq yonib, yoʻlda davom etdik. Keyingi svetoforda yana qizil chiroq yonib, yonma-yon toʻxtaganimizda oʻsha amaki endi oʻgʻlimga bir dona qirmizi olma uzatdi. Oʻgʻlim oldi va rosa sevindi.
Shu lahza donolarning “Yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir”, degan purmaʼno oʻgiti yodimga tushdi. Qadrdon uyimizga yetib kelgach, Ekoshahar xiyobonlarida yugurib, turli koʻngilochar oʻyinlar oʻynab obdon charchagan bolalar bir zumda uxlab qolishdi.

Erta tongda ishga ketayotib mahalladan katta yoʻlga chiqishda qoʻshnimiz farzandini bogʻchaga olib ketayotganini koʻrib, uzogʻini yaqin qilish niyatida toʻxtadim. Ona-bola mamnun boʻlib mashinaga oʻtirgach, odatimga koʻra kichkintoyga biror yegulik, shirinlik qidirib koʻzim kechagi olmaga tushdi. U koʻzni quvnatadigan darajada tovlanib turardi. Aftidan oʻgʻlim uni kecha mashinada unutib qoldirgan.
Bolakay olmani qoʻliga olar ekan, quvonganidan sovgʻani onasiga koʻz-koʻz qildi. Keyin ikkovlon birgalashib, menga rahmat aytishdi. Ularni manziliga yetkazib, yoʻlimda davom etarkanman, qayerda boʻlsa ham rizq oʻz egasini topishiga chin dildan iqror boʻldim.
Atigi bitta olma bir necha qalblarni qadrdon rishta kabi oʻzaro bogʻladi. Darhaqiqat, dunyoni mehr asraydi. Bugungi dolgʻali zamonamizga begʻubor bolalar nigohi bilan nazar tashlasak, bunday tuygʻudan qalbimiz orom topadi. Ayyomingiz muborak boʻlsin, yurtdoshlar!
Gulnora YUNUSOVA,
jurnalist, Fargʻona viloyati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring