Qirmizak

16:04 26 Sentyabr 2025 Jamiyat
132 0

Bu oʻtgan asrning saksoninchi yillaridan qolgan xotira... Eshiklari xasta bemorday ingrab ovoz chiqarib ochiladigan, koʻrimsiz va pastqam maktab binosidan otilib chiqqan Akmal atrofiga alanglaganicha Akramni izladi. Anvoyi gullar ekiladigan yoʻlakcha boʻyidagi yogʻoch oʻrindiqda oʻtirgan doʻsti ham aftidan uni sabrsizlik bilan kutayotgan edi.

— Akram — deya qichqirdi Akmal sakrab-sakrab uning huzuriga yugurarkan.—Yuring, olmazor bogʻga oʻtamiz, yangi kelgan shaharlik qizga qirmizak olmalardan olib kelamiz.

Maktabning orqasidagi katta olmazor bogʻning qorovuliga kun yoʻq – olmaga suv kirmasidan tirmizaklar daraxtga tirmashishni boshlaydi.

Akmal va Akram bolalikdan yaqin doʻst, sinfdosh. Bir mahallada, devor-darmiyon qoʻshni boʻlib ulgʻayishgan. Shu bois ikkovlon hamisha birga, maktabga ham birga kelib-ketishadi. Keyin birga dalaga borib mol boqishadi. Ammo feʼl-atvori, tabiati ikki qarama qarshi qutb – Akmal yerga ursang koʻkka sapchiydi, Akram ogʻir-vazmin. Bu xarakterlarini biladigan ustozlari, sinfdoshlari ham ikkisini oralaridan qil ham oʻtmas doʻst ekaniga hayron qolishadi. Ularning ismlari egizligini aytmasa, bir-biriga butunlay boshqa olam, deya hazillashardi adabiyot oʻqituvchisi.Gap shundaki, yaqinda ularning sinfiga shaharlik bir qiz kelgan. U juda chiroyli boʻlgani uchun barcha oʻgʻil bolalar atrofida parvona boʻlib qolgandi. Ularning biri qoʻyib, bir doimo koʻzlari yulduzdek porlab turadigan qizga yoqish yoʻllarini izlaydi. Ikki doʻst ham goʻzalga befarq emas. Shu bois Akmalning taklifi unga yoqmagan boʻlsa-da, Akram kecha kirishganida moʻljallab qoʻygan chiroyli, qip-qizil olmalardan olib kelish uchun doʻstiga ergashdi.Qoʻynilarini olmaga toʻldirib qaytgan ikkovlonni bir zumda sinfdoshlari oʻrab olishdi. Lekin Akmal va Akram deganlari oʻlgudek pishiq. Biroq, kutilmaganda ular juda saxiy boʻlib ketishgandi. Bugun ularning mehridan hech kim bebahra qolmadi. Shu tariqa eng nafis, qip-qizil olmalarni bir chekada odob saqlab turgan sinfdosh qizlarning eng chiroylisi – shaharlik qizga ilinishdi.

Bu bilan ikki doʻst sinfdagi oʻgʻil bolalarga chiroyli qiz bizniki degandek magʻrur boqishardi...

* * *

Oʻsha yili paxta mavsumi deyarli yangi yilga qadar choʻzildi. Boʻylari paxta barobar murgʻak bolalar ham qurib-qaqashab egatlarga engashib paxta terishdi. Orada qorlar yogʻdi, usti yupun, sovuqdan tarashadek qotib qolgan oʻquvchilar navbati bilan ustozlari tomonidan uvatda yoqilgan olovda isinib qaytishadi.

Bir kuni sovuq suyak-suyagidan oʻtib ketgan Akmal kechga tomon baland oʻsgan gʻoʻzalarga beholgina suyanganicha uxlab qoladi. Oradan anchayin vaqt oʻtibgina, buni payqagan ustozining qoʻrquvdan yuragi uvishib ketdi. Boisi Akmal kuchli isitma taʼsirida tinmay alahsirar, nuqul qaltirardi...

Ustozlar noiloj Akmalni uyiga joʻnatishdi. Ertasiga Akram topib kelgan yangilik barchani dahshatga soldi. Uyga borganidan keyin ahvoli yanada ogʻirlashgach, yarim tunda uning joʻjabirday mushtipar onasi mashina izlashga tushadi, aksiga olib mashina ham topilavermaydi. U paytlari bitta mahallada uy telefoni bor yo yoʻq, mashina ham sanoqli odamda boʻlardi.

Shunda qirqida beva qolgan onaizor shoʻrpeshonasini orqasiga opichlab, uch-toʻrt chaqirim naridagi tuman markaziy shifoxonasiga piyoda boradi.

Afsuski, doʻxtirlar Akmalning dardiga shifo topisha olmadi. Qariyb bir oy mobaynida dorilar xidi anqib yotgan zax palatada shiftga termulib yotgan shoʻx va olov bola mushtdekkina boʻlib qolgandi. Deyarli har kuni darsdan soʻng Akram doʻstining oldiga piyoda koʻrgani keladi. Tobora holsizlanib borayotgan Akmal doʻstining yonida oʻzini dadil tutishga urinadi.

—Bogʻimizdagi olmalar bu yil ham qip-qizil boʻlib pishsa, birga tergani boramiz,—deydi ingragan tovushda.—Qirmizak olmalardan olib kelib, shaharlik qizni xursand qilamiz. Ikkimizni sinfda eng zoʻr bola ekanimizga qoyil qolsin...

Akram nima deyishni, doʻstiga qanday taskin soʻz aytishni bilmay kalovlanadi.

—Boʻpti,—deydi oʻzi ham eshitar-eshitmas darajada mingʻirlab.—Mazza qilib eng yaxshi olmalarni terib kelamiz.Qalin qor yoqqan kunlarning birida sovuqdan ruchka ushlay olmay qoʻllarini “kuh-quh”lab oʻtirgan bolalar sinf rahbarlarining yigʻidan koʻzlari qizargan holda kirib kelishidan hushyor tortishdi.

—Bugun oʻqish boʻlmaydi. Akmallarnikiga boramiz,—dedi ustoz koʻzlaridan duv-duv oqayotgan yoshini toʻxtata olmay.

Sinfdoshlar shoshib oʻrnidan turishdi. Ayni paytda barcha bolalarning koʻz oʻngida sinfdagi eng shoʻx, mahmadona, epchil va chaqqon bolaning qiyofasi gavdalanadi.

Onaizor jigargoʻshasining tengqurlarini koʻrib, bor ovozda dod soldi. Onalariga qoʻshilib, Akmalning opa-akalari ovozsiz, ich-ichidan yigʻlayotgan sinfdoshlarni birma-bir quchoqlab olgancha, oʻksib-oʻksib yigʻlashardi. Uy toʻrida goʻyoki shirin tush koʻrayotgandek, koʻzlarini yumib olgan Akmal jonsiz holatda yotardi. Sinfdoshlar navbatma-navbat Akmalning yuz-koʻzlarini mehr bilan silashdi...

Ayni tushlik mahali mahalladoshlar norasida bolakayning tobutini yelkaladilar.

Mungʻayib turgan hovlida asosan ayollar qolgach, Akmalning balogʻat yoshidagi opasi shahardan yangi kelgan qizni sekin imlab, ichkariga chaqirdi.

—Mana buni Akmaljon sizga saqlab qoʻygan ekan,—deya yigʻidan ovozlari hirqirab qolgan opa gʻunchadek qizni mahkam bagʻriga bosib yigʻlab yubordi. Uning qoʻlida qip-qizil olma yal-yal tovlanardi...

Aftidan bunday vaziyatga umuman tayyor boʻlmagan qizaloq nima qilishini bilmay, bir olmaga, bir yigʻidan koʻzlari shishib ketgan opaga qarardi.—Akmaljon soʻnggi kunlarida sizlarni rosa kutdi, — dedi opasi biroz oʻzini oʻnglab olib. — Sinfdoshlarim kelsa beraman deb anchagina olmani saqlab yurgandi. Buni alohida ajratib bolishining tagida saqlayotgan ekan. Oxirgi kuni shu olmani sizga berib qoʻyishimizni soʻradi, xafa boʻlmaysizmi tagʻin?..

Uzun-uzun kipriklarini tinmay pirpiratayotgan qizaloq olmani qoʻliga olib, dastroʻmoli bilan koʻzlarini arta-arta sinfdoshlari davrasiga yugurdi.

Botir OMON

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер