Qirgʻizistondan yirik miqdordagi psixotrop moddalar olib kelgan shaxslar qoʻlga olindi

12:25 06 Sentyabr 2025 Jamiyat
165 0

Qirgʻizistondan katta miqdordagi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini olib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, Namangan shahrida yashovchi, 1985-yilda tugʻilgan, muqaddam Jinoyat Kodeksining 246 va 251-1-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan shaxs qirgʻizistonlik tanishiga aloqaga chiqib, katta partiyadagi dori vositalarini yetkazib berishini soʻragan.

Oʻz navbatida Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi 16 ming 755 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini aylanma yoʻllar orqali Kosonsoy tumaniga olib kelib, xufiya joyga qoldirgan.

Namanganlik shaxs esa ushbu dori vositalarini Kosonsoy tumanidan Namangan shahriga keltirib berishi uchun oʻzining hamshahariga 500 ming soʻm vaʼda qilgan.

DXXning Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda kuryer dori vositalarini xufiya joydan olib ketayotgan vaqtida ushlangan. Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib, buyurtmachi ham protsessual tartibda qoʻlga olingan.

Hozirda ushbu 2 nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 1-qismi va 251-1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Shu kabi yana bir holat Fargʻona viloyatida ham aniqlangan.

Unga koʻra, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qoʻqon shahrida yashovchi, 1980-yilda tugʻilgan, muqaddam Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan shaxs oʻzining “Tracker 2” rusumli avtomashinasida “Fargʻona–Qoʻqon” yoʻnalishida harakatlanayotgan vaqtida toʻxtatilgan.

Avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasida 11 ming 200 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi fosh qilingan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu dori vositalari Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kelinganligi aniqlangan. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 1-qismi va 251-1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер