Qingʻir ishning qiyigʻi...
Hamroqul QARSHIYEV/“Xalq soʻzi”. Keyingi paytlarda “firib”, “firibgar” yoki “firibgarlik” kabi soʻzlarga shu qadar koʻp duch kelayotganimizdan uning nimaligiga eʼtibor ham bermaydigan darajaga yetdik. Aksar hollarda uning oqibatlarini eshitib ajablanmay ham qoʻydik. Bu tushuncha insoniyatga qadimdan esh. Shu bois islom dinida ham aldov, firibgarlik, birovni chuv tushirish, savdo-sotiqda aldamchilik kabi illatlar qoralangan. Bu borada bir qancha hadislar aytilgan, oyatlar nozil boʻlgan.
“Firib” soʻzi aldash, yoʻldan ozdirish, makr-hiyla, maʼnolarini bildiradi. Shu ishni qilgan yoki buni kasbga aylantirib olgan kimsa esa firibgar deyiladi. Aldov, firibgarlik, oʻgʻrilik shu qadar keng tarqaldiki, u kirib bormagan joy, u kirib bormagan soha qolmadi: imtihonlarda, tijoratda va hatto nikoh munosabatlarida ham odamlar yolgʻonni keng ishlatmoqda.
Uning boshqa mulkiy jinoyatlardan farqi — jabrlanuvchilar firibgarlarga mol-mulki va unga boʻlgan huquqini oʻz xohishi bilan qoʻsh-qoʻllab topshirishidir. Yurtdoshlarimizning aksariyatidagi yengil boyib ketish, qonuniy yoʻllar orqali erishishi mumkin boʻlgani maqsadlariga osonlik bilan yetishish ishtiyoqi oʻzlari bilmagan va oʻylamagan holda mol-mulklarini firibgarlar qoʻliga topshirishiga yoʻl ochib beradi. Firibgarlar ham anoyi emas — “besh minuti kam” aktyorlardir. Shu sababli “firibgarlik” jinoyatlari aqlli jinoyatlar turiga ham kirib ulgurdi. Yana bir jihati borki, zamonaviy firibgar — juda tajribali ruhshunosdir. Sizning ishonuvchan, parishonxotir va aldanishga moyil qiyofangiz ular uchun misoli bir “taklifnoma”. Bu “taklifnoma”ni qoʻlga kiritgan firibgar uchun sizning ichki olamingizga sayohat qilish hech gap emas.
Mamlakatimizda keyingi vaqtlarda firibgarlik jinoyatlari soni koʻpayib borayotgani tashvishlanarli hol. Ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanib, internet jahon axborot tarmogʻidan hamda elektron toʻlov tizimlaridan foydalanuvchilar soni koʻpayib borayotgani, oʻz navbatida, ushbu sohalarda firibgarlik jinoyatlari soni oshishiga olib kelmoqda.
Statistik maʼlumotlarga koʻra Oʻzbekistonda firibgarlik soʻnggi 4 yilda 4 baravarga, kiberfiribgarlik esa soʻnggi 3-yilda 8,3 baravarga koʻpayib, hozirda umumiy jinoyatchilikning qariyb 5 foiziga yetgan. Soʻnggi 2-yilda dunyoning yetakchi kompaniyalari iqtisodiy jinoyatchilik natijasida koʻrgan zararining 47 foizi firibgarlikka toʻgʻri keladi, oʻtgan yilda esa ushbu kompaniyalarga 42 mlrd. dollar miqdoridagi zarar yetkazilgan va bu soʻnggi 20-yildagi eng yuqori koʻrsatkich sifatida qayd etilgan.
“Ahmadboy ishi”, “Human” va boshqa qator xususiy bandlik agentliklari bilan bogʻliq ishlar yoki “Straus House” MCHJ, “Avto 60 oy”, “Auto Rental” kabi qator firma va tadbirkorlik subyektlari bilan bogʻliq ishlarga ham koʻp boʻlgani yoʻq. Achinarlisi shundaki, shuncha voqealardan keyin ham firibgarlik jinoyati yoxud firibgar qarmogʻiga ilinayotgan vatandoshlar soni kamayib qolayotgani yoʻq. Bir guruh aybdorlar ustidan mahkama jarayonlari nihoyasiga yetib, ularga sud hukmi oʻqilmasdan ikkinchisi, uchinchisi paydo boʻlmoqda. Qolaversa, taraqqiyot yuksalgani sari firibgarlikning yangidan-yangi turlari ham qayd etilmoqda.
Jumladan, internet axborot tizimi orqali biznes qilish boʻyicha taklif kiritish, plastik karta raqamini turli bahonalar bilan olish va undan mablagʻlarni yechib olish, xorijga ishga yuborishni vaʼda qilib aldash orqali mablagʻlarni qoʻlga kiritish, lizingga avtomobil olib berish, xorijiy davlatlarda oʻqishga kiritib qoʻyish, oʻqishini koʻchirib berish sohalarida hujjatlarni qalbakilashtirib firibgarlik qilish koʻpayib bormoqda. Ushbu jinoyatlarning takroran sodir etilish sabablarini aksar hollarda firibgarlik jinoyatini sodir qilgan shaxslarga nisbatan javobgarlikdan va jazodan ozod etish institutlari qoʻllanilishi tufayli jazodan qoʻrqmaslik kayfiyati paydo boʻlayotgani bilan tavsiflash mumkin. Sud-tergov amaliyotida bir shaxsning firibgarlik uchun 8-10-martagacha sudlanganlik holati, hatto oldingi qilmishlari uchun tergov yoki sud jarayonlari ketayotgan vaqtda ham firibgarlikni davom ettirayotganlar uchrayotganining borligi ushbu jinoyatning tobora ildiz otib ketayotganidan dalolat.
Baʼzan ularning ish uslublarini eshitib, hayratdan yoqa ushlaysiz. Yaqin-yaqin yillargacha firibgarlik jinoyati bir-birini taniydigan, hech boʻlmaganda bir-biri bilan bir-ikki marta uchrashgan insonlar orasida yuz bergan boʻlsa, rivojlangan axborot texnologiyalari sharofati bilan firibgar bilan qurbonining uchrashishlari shart boʻlmay qoldi. Quyida keltirilgan sud ishi bunga yaqqol misol boʻladi.
2024-yil 18-dekabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudi binosida boʻlib oʻtgan sud majlisida sudlanuvchi S. Sh. oʻgʻli va Sh. B. hamda jabrlanuvchilar — K. L. va G. M. ning ishtirokida S. Sh. oʻgʻli va Sh. B.ga nisbatan 1-1001-2403/742-sonli jinoyat ishini koʻrib chiqdi.
Unda aniqlanishicha Sh. S. oʻgʻli axborot tizimi va axborot texnologiyalaridan foydalanib, birovlarni aldash va ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini qoʻlga kiritish maqsadida, Sh. B. va boshqa shaxslar bilan til biriktirib, internet brauzeri va shlyuz qurilmalari orqali SIP protokoliga asoslangan virtual aloqa raqamlaridan foydalanib, 2024-yil 24-iyun kuni soat taxminan 13:00 larda, Toshkent shahar, Chilonzor tumanida yashovchi K.L.ning uy telefoniga qizi G. M. nomidan qoʻngʻiroq qilishadi. Unda G. M. yoʻl transport hodisasiga uchraganini, ushbu hodisa oʻzining aybi bilan sodir boʻlganini va avtohalokatda jabr koʻrgan shaxsning sogʻligi ogʻir ahvolda ekani va uning operatsiyasi uchun koʻp miqdorda pul mablagʻi zarurligi toʻgʻrisida gapirib, goʻshakni yonidagi kimsaga beradi. Oʻzini “Anna Vladimirovna” ismli prokuratura xodimi deb tanishtirgan shaxs ham K. L.ga qizining avtohalokatga uchragani, yosh bolani urib yuborgani va jabrlanuvchining ahvoli ogʻirligini, zudlik bilan operatsiya qilish kerakligini va qizining aybi bilan sodir boʻlgan yoʻl transport hodisasi natijasida jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplash zarurligini, shu bois jabrlanuvchi hamda qizi G.M.ning operatsiyasi uchun toʻlovni amalga oshirish lozimligini aytib, K. L. dan zudlik bilan 50.000 AQSH dollarini “Yandeks” taksi xizmati orqali berishini soʻraydi. Pulni olish uchun boradigan shaxs haqida maʼlumot beradi.
Farzandining ogʻir ahvolga tushib qolgani xabaridan lol boʻlib qolgan K. L. 50.000 AQSH dollarini “Yandeks” taksi xizmati orqali berib yuboradi.
Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra 24.06.2024-yildagi 1 AQSH dollarining soʻmga nisbatan qiymati 12.625,18 soʻmni tashkil etgan. Shunga koʻra 50.000 AQSH dollari 631.259.000 soʻm boʻlgan.
Pulni olgan firibgarlar dollarlarning bir qismini qora bozor orqali soʻmga aylantirib paynet shoxobchalari orqali sheriklarining plastik kartalariga tashlab bergan.
Shu oʻrinda, nahotki, jabrlanuvchining xayoliga qiziga qoʻngʻiroq qilish kelmadi, degan savol tugʻiladi. Ammo firibgarlar buning ham chorasini topib qoʻyishgan edi. K. L.ning guvohlik berishicha, uning telefoni bir kun davomida band qilib qoʻyilgan. Oʻzini prokuratura xodimasi deb tanishtirgan “Anna Vladimirovna” avval uning qoʻl telefoni raqamini yozib olib, soʻngra uy telefoni goʻshagini qoʻyib qoʻymaslikni va oʻzi bilan muntazam aloqada boʻlib turishini talab qilgan. Bundan tashqari unga hamshira, shifokor, prokuratura va ichki ishlar xodimlari nomidan ham tinimsiz soxta qoʻngʻiroqlar uyushtirilgan. Qisqacha aytganda, jabrlanuvchi K. L.ning ham uy telefoni, ham qoʻl telefoni ertalabdan kechgacha bir zum boʻlsa-da tin olmagan. Nafaqat uning telefoni, balki ularning oilaviy tanishi M.A. hamda nabirasi M.L.ning telefonlari ham muntazam band qilib turilgan. Sababi aniq. Kimdir ularga qoʻngʻiroq qilsa yoki ular kimgadir qoʻngʻiroq qilib qoʻyishsa, firibgarlarning barcha toat-ibodatlari bir pul boʻladi.
Sud yakunda barcha ogʻirlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni hamda yetkazilgan moddiy zararlarning oʻrni qoplanganini inobatga olinib, firibgarlarga tegishincha jazo tayinladi.
Gap bu yerda kimning qancha zarar koʻrgani-yu, kimning qancha muddatga qamalgani borasida emas. Gap ayrim kishilarning oson pul topish uchun turli usullardan foydalanayotgani va alal-oqibatda baʼzi ishonuvchan yurtdoshlarimizning ne-ne azoblar bilan, peshona teri evaziga topayotgan mablagʻlarini firibgarlarga osongina oʻlja qilayotganida. Bunda texnika taraqqiyotini ham, ishonuvchan insonlarni ham ayblab boʻlmaydi. Biroq oʻzlarini ustomon sanab, kishilarning halol mablagʻini oʻmarayotgan firibgarlar aslida birovlarga emas, oʻzlariga, oilalariga va farzandlariga firib berayotganlarini kech anglamoqda. Zotan, jinoyatga jazo muqarrar. Qingʻir ishning qiyigʻi qirq yilda ham chiqadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring