Qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarning jiddiy oqibatlari

10:36 21 Iyul 2022 Jamiyat
1697 0

Soʻnggi paytlarda onlayn qimor oʻyinlari ayrim toifadagi insonlar hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Bunday oʻyinlar natijasida nafaqat moliyaviy taʼsirga, balki qaramlikni keltirib chiqaruvchi hissiy taʼsirga ham tushib qolish holatlari koʻp uchramoqda.

Milliy urf-odatlarimiz va mentalitetimizga, shuningdek, diniy qarashlarimizga yot boʻlgan qimor oʻyinlarini noqonuniy ravishda tashkil etish holatlari, ayniqsa, onlayn tarzda ommalashib, oʻsmir va yoshlarni oʻz domiga tortayotgani achinarli holatlardan biridir. Hattoki, bunday oʻyinlarda koʻp miqdoridagi pulini yutqazib qoʻyib, oxir-oqibat oʻz joniga qasd qilish yoki yutqazib qoʻygan pulini toʻlash uchun jinoyat sodir qilish holatlari ham yuz bermoqda.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda respublikamizda totalizator va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish va albatta, bunday xizmatlarni reklama qilish noqonuniy hisoblanadi. Bu borada 2021-yilda oʻtkazilgan 1 105 ta oʻrganishlarda 102 ta holatda bunday noqonuniy xizmatlar reklamasi aniqlangan. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda 30 dan ortiq totalizator va bukmekerlik reklamasini noqonuniy ravishda yurituvchi saytlarga kirish cheklab qoʻyildi.

Binobarin, mamlakatimizda qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish hamda oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-moddasida jinoyat sifatida belgilab qoʻyilgan. Qolaversa, bunday oʻyinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish, shuningdek voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asolangan boshqa oʻyinlarda ishtirok etishga jalb qilish Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 191-moddasida maʼmuriy huquqbuzarlik sifatida eʼtirof etilgan.

Jumladan, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki oʻtkazish, shu jumladan ana shunday oʻyinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Voyaga yetmagan shaxsni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarga jalb qilish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud toʻrt oygacha qamoq bilan jazolanadi.

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tashkil etish yoki oʻtkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi provayderlari tomonidan xizmatlar koʻrsatish, tegishli dasturiy taʼminotdan nusxa koʻpaytirish, tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi”.

Bu borada xorij tajribasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Germaniyada qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar bilan bogʻliq jinoyatlar Jinoyat kodeksining “Gʻarazli jinoyatlar” boʻlimidan joy olgan hamda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarda ishtirok etgan shaxs uchun belgilangan jazo esa 6 oygacha etib belgilangan.

Fransiyada qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar bilan bogʻliq jinoyatlar uchun javobgarlik masalalari 1983-yilda qabul qilingan “Qimor oʻyinlari toʻgʻrisida”gi Qonunda bayon etilgan. Oʻtgan vaqt davomida mazkur qonunga bir necha bor oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan. Qonunning 1-moddasiga binoan, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazish tartibini buzish, yaʼni mazkur faoliyat bilan litsenziyasiz shugʻullanish yoki litsenziya talablariga rioya etmaslik 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish hamda 90 ming yevrogacha jarima qoʻllash bilan jazolanadi. Agar qilmish bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan boʻlsa, jazo 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va 200 ming yevrogacha jarima solishgacha ogʻirlashadi.

Buyuk Britaniyada qimor oʻyinlarini tartibga solish maqsadida
2005-yilda “Gambling Act 2005” nomli normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan. Mazkur hujjatda kazinolardagi oʻyin biznesini, oʻyin avtomatlaridan foydalanishda, lototereyalar tashkil etishda, shuningdek bukmekerlik idoralarining faoliyatida yuzaga keluvchi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan nazorat qiluvchi moddalar nazarda tutilgan. Shuningdek, ushbu hujjat oʻyinga oid faoliyat bilan shugʻullanish uchun litsenziya berish tartibini va mazkur turdagi faoliyatni nazorat qiluvchi organ – Gambling Komissiyasi (Gambling Comission)ning vakolatlarini belgilaydi.

Bundan tashqari, “Gambling Act 2005”da voyaga yetmagan shaxslarni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarga jalb etish masalasiga alohida toʻxtalgan. Voyaga yetmagan shaxslarga qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni har qanday shaklda reklama qilganlik uchun ham javobgarlik belgilangan. Qonunning 46-moddasida voyaga yetmagan shaxslarga qimor va tavakkalchilikka asolangan boshqa oʻyinlar haqida maʼumotlar berish va ularda bu kabi oʻyinlarga qiziqish uygʻotish jinoyat tarkibini keltirib chiqarishi belgilangan.

Shuningdek, Qonunning 47-moddadasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar tashkil etiladigan hududlarga voyaga yetmagan shaxslarning kirishiga imkon bergan shaxslarning javobgarligi belgilab qoʻyilgan.

AQSHning Federal miqyosdagi va 50 ta shtat miqyosidagi Jinoyat kodekslari shuningdek, Kolumbiya Federal okrugining jinoyat kodeksi asosida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish hamda oʻtkazish jinoyatlariga alohida toʻxtalib oʻtilgan. Xususan, AQSH qonunlari (United states Code)ning “Gambling” (“Qimor oʻyinlari”) deb nomlangan bobida qonunga xilof ravishda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tashkil etganlik uchun javobgarlik masalalari yoritilgan.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarning qonunga xilof ravishda tashkil etilishi va oʻtkazilishi fuqarolarga nafaqat ruhiy taʼsir oʻtkazadi, balki moliyaviy qaramlikka duchor etib, oilaviy nizolarga ham sabab boʻladi. Shuningdek, ushbu faoliyat naqd pullarning bankdan tashqari muomalasi koʻpayishiga, soliqlar va boshqa toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlanishiga yoʻl ochadi hamda shu orqali mamlakatimizning iqtisodiy ravnaqiga putur yetkazadi.

Shunga koʻra, fuqarolarning ogohligini oshirish, davlatning bu boradagi nazoratini kuchaytirish hamda ota-onalar tomonidan oʻz farzandlarining boʻsh vaqtlaridan unumli foydalanishi ustidan muntazam nazorat olib borilishi yuqoridagi kabi salbiy illatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Yulduz Jonuzoqova,

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер