Qiymati 293,5 million AQSH dollari: Yirik loyihaning ikkinchi bosqichiga start berildi

17:19 21 Oktyabr 2024 Iqtisodiyot
299 0

2024-yil 17-oktyabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi Islom taraqqiyot banki (ITB) ishtirokida va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasining ishga tushirilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 28-mart kuni mamlakatimizning chekka hududlarida yashovchi aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida Prezident qarori imzolandi.

Belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi ITB ishtirokida 2024-2028-yillarda Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining 21 tumanidagi 157 ta mahallani qamrab oladigan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasining ikkinchi bosqichini ishga tushirmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 293,5 million dollarni tashkil etadi.

Yangi loyiha yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, elektr taʼminoti tizimlarini takomillashtirish, bolalar bogʻchalari, maktablar va qishloq poliklinikalari kabi ijtimoiy soha obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda resurs tejamkor va ekologik toza texnologiyalarni qoʻllash orqali qishloq aholisining turmush darajasini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, yashil va energiya tejamkor hamda raqamli yechimlardan foydalangan holda qishloqlarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda arxitektorlar, muhandislar jamoalari, mahalliy hokimiyat organlari va boshqa manfaatdor tomonlarning imkoniyatlarini kengaytirish va salohiyatini mustahkamlash rejalashtirilgan.

Ochilish tadbirida taʼkidlanganidek, loyiha inklyuziv va barqaror oʻsish orqali qishloqlardagi qashshoqlikni kamaytirishga yordam beradi. Loyihani amalga oshirish natijasida 622 mingdan ziyod qishloq aholisining turmush sharoiti yaxshilanishi rejalashtirilgan.

Maʼlumot uchun, loyihaning 2022-yilda boshlangan va bugungacha amal qilayotgan birinchi bosqichi ham xuddi shunday vazifalarni qoʻygan boʻlib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining 20 ta maqsadli tumanlarida 170 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi qishloq aholisining turmush darajasini hamda aholining kasbiy malakasini oshirish maqsadida chekka qishloqlarda ham obyektlarni qurish va taʼmirlash ishlarini oʻz ichiga olgan. Ayni paytda mahalliy aholining faol ishtirokida 2024-2025-yillarda quriladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan 900 ta kichik loyiha tanlab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер