Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari zamon talabiga moslashtiriladi

15:52 21 Fevral 2025 Siyosat
177 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq bugungi kunda ushbu sohada ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilmasligi natijasida debitor qarzdorlik keskin oshib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra tizimda 600 mlrd so‘mlik debitor qarzdorlik to‘planib qolgan.

Natijada bunday holat tarmoqqa tegishli tashkilotlarning asosiy fondlarini yangilash va xizmatlar sifatini oshirishga investisiya kiritishga, sohaga tadbirkorlik sub’yektlari va xususiy sektor vakillarini keng jalb qilishga to‘siq bo‘lmoqda.

Shu vaqtga qadar o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirmagan abonentga nisbatan ta’sir choralari faqatgina sud tartibida amalga oshirilar va u uzoq davom etadigan jarayon hisoblanar edi.

Ushbu Qonun bilan Fuqarolik va Uy-joy kodekslari, “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Unga ko‘ra endilikda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilarga qisqa xabar (sms) yuboriladi. Shundan so‘ng mazkur qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar iste’molchidan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish vaqtinchalik cheklanadi. Bunda xizmat ko‘rsatuvchi tuzilmalar to‘lovlarni hisob-kitob qilishning ishonchli hamda to‘g‘riligini ta’minlashga mas’ul bo‘lishi belgilanmoqda.

Qonunga ko‘ra qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilar uni bartaraf etsa, elektr energiyasi uchun to‘lovlardagi vaqtinchalik cheklashlar avtomatik ravishda bekor qilinadi.

Qonunning qabul qilinishi chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov intizomini mustahkamlash, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning asosiy fondlarini yangilash va xizmatlar sifatini yaxshilash, ushbu sohaga tadbirkorlik sub’yektlarini jalb qilishga xizmat qiladi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер