Qatagʻon qilingan sulola
Qatagʻon qurbonlari haqida soʻz yuritilganda xalqni ilm-u maʼrifatli qilishni, shu orqali taraqqiyot etagidan tutmakni niyat etgan jadidlar beixtiyor koʻz oldimizga keladi. Taassufki, oʻsha zulmatli yillarda millatning guli sanalgan bu insonlarning umri erta zavol topdi. Butun boshli sulolalar qatagʻon qurboniga aylandi. Ana shulardan biri Burhonovlar sulolasi vakillaridir.
Bu xonadonning toʻngʻich vakili Burhon asli samarqandlik boʻlib, chor Rossiyasi bosqinidan keyin Buxoro amirligiga koʻchib kelishga majbur boʻlgan. Uning toʻrt oʻgʻli bor edi: Muzainiddin (Mutal Burhonovning otasi), Mazhar, Mukammil va Muammir. Bu yoshlar oʻz zamonasining ilgʻor gʻoyalari taʼsirida ulgʻaygan. Mazhar va Muammir jadidchilik harakatining koʻzga koʻringan vakillari boʻlgan. Amir taʼqibidan qochib, 1908-yilda Fitrat bilan birga Turkiyada tahsil olishgan.
Mukammil Burhonov (Mukammilidin Burhonov 1884-y. — 1938.25.10) Ismoil Gaspirali, A.Shakuriy maktablariga qiyosan oʻz uyida 1912-yilda yangi usuldagi bilim dargohi ochgan. 1913-yilda yoshi katta savodsiz va chalasavodlar uchun kechki maktab tashkil qilgan. Buxorodagi maxfiy “Taʼlimi atfol” jamiyati tashkilotchilaridan biri boʻlgan. 1914-yildan “Yosh buxoroliklar” jamiyati aʼzosi hisoblangan. 1917-yili yoshlar namoyishidan soʻng Samarqandda yashagan. Amirlik agʻdarilgach, 1920 — 1924-yillarda Buxoro Xalq Respublikasi Adliya noziri va F.Xoʻjayevning shaxsiy kotibi, BXSRning RSFSRdagi muxtor vakili vazifalarini bajargan. 1922-yilda F.Xoʻjayev bilan birga 25 kun mobaynida Germaniyada boʻlib davolangan va u yerda tahsil olayotgan talabalardan xabar olgan.
Mukammil Burhonov Buxoro VKP(b) aʼzosi, “Milliy ittihod” tashkilotining xazinachisi sifatida faoliyat olib borib 1925-yilda nafaqaga chiqqan. 1937-yil 2-iyunda NKVD Buxoro sektori tomonidan hibsga olingan va 1938-yilning 25-oktyabrida otuvga hukm qilingan.
Mazhariddin Burhonov (1878-yilda tugʻilgan) Buxorodagi jadidchilik harakatining faol aʼzolaridan biri boʻlgan. Saudiya Arabistonining Makka va Madina, Hindistonning Dehli va boshqa shaharlarida borgan.
U amir amaldorlari bilan tortishib qolgan. Shundan soʻng ukasi Muhammir bilan Turkiyaga koʻchib ketgan va 1914-yilda Istanbul universitetida tahsil olgan. Mazhariddin Istanbulda turk millatiga mansub Saʼdiyaxonimga uylangan. Ularning farzandlari boʻlmagan. 1922-yilda matematika oʻqituvchisi diplomi bilan Buxoroga qaytgan Mazhariddin Burhonov 1922-1923-yillarda Buxoro Xalq Respublikasi Mehnat idorasi boshligʻi va Maorif nozirining oʻrinbosari lavozimida ishlagan. 1924-1930-yillarda musiqa institutida dars bergan. 1932-1933-yillarda Dushanbeda, 1933-1936-yillarda Toshkentda yashagan va ishlagan. 1936-yilda Samarqandga koʻchib kelgan va oʻqituvchilik qilgan. Buxoroda tuzilgan “Nashri Maorif” tashkiloti tarkibida faoliyat koʻrsatgan.
U 1937-yil 9-iyulda “Milliy ittihod” tashkilotiga aloqadorlikda ayblanib qamoqqa olingan va aka-ukalari bilan birgalikda 1937-yil 25-oktyabrda NKVD uchligi tomonidan oliy jazoga hukm qilingan. Oʻlimidan soʻng 1962-yil 26-noyabrda oqlangan.
Muammir Burhonov (1897-yilda tugʻilgan) ham Buxorodagi jadidchilik harakatining faol aʼzosi boʻlgan. 1914-1921-yillarda Turkiyaning Istanbul, Bursa, Kastumana shaharlarida yashagan va taʼlim olgan. Istanbulda turk millatiga mansub Nazmiyaxonimga uylangan va undan ikki oʻgʻil farzand (Muzaffar va Mustafo) koʻrgan. “Taʼlimi atfol” jamiyati aʼzosi, “Taʼlimi maorif” uyushmasi tashkilotchilaridan biri, “Yosh buxoroliklar” jamiyati aʼzo boʻlgan.
1921-yilda oilasi bilan Buxoroga qaytgan Muammir Burhonov 1921-1924-yillarda Buxoro shahri militsiya noziri vazifasida ishlagan. 1924-yilda davlat topshirigʻi bilan Turkiyaga borib kelgan. 1921-1924-yillarda “Milliy Ittihod” tashkiloti faoliyatida qatnashgan.
1923-yilda Labi Hovuz yonidagi kinozalda chiqqan yongʻin tufayli oʻgʻli Muzaffardan ayrilib qolgan. Bu yoʻqotishdan soʻng Nazmiyaxonim oʻgʻli Mustafoni olib Istanbulga qaytib ketgan. 1924-1926-yillarda Muammir Turkiyada istiqomat qilayotgan oilasidan xabar olish uchun borib 1924-1926-yillarda oʻsha yerda yashagan. Oʻshanda milliy ozodlik harakati fidoyilari Usmon Xoʻja va Nosir Hakim bilan uchrashgan. 1926-yilda Oʻzbekistonga qaytib kelgan va Samarqanddagi 5-sonli maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlagan.
Muammir akalari Mazhar va Mukammil Burhonov bilan bir kunda 1937-yil 2-iyunda Samarqandda qamoqqa olingan va Toshkentga joʻnatilgan. 1937-yil 14-oktyabrda oʻlim jazosiga hukm qilingan va 1937-yil 25-oktyabrda otib tashlangan. Oʻlimidan soʻng 1965-yil 2-dekabrda oqlangan.
Misboh Burhonov (1905-yilda tugʻilgan) 1919-yilda jadidchilikda ayblanib, Buxoro amiri Olimxon topshirigʻiga binoan 14 yoshida otasi bilan birga zindonga tashlangan. Shu yilning oʻzida zindondan ozod qilingan. 1924-1928-yillarda Moskvada oʻqib, jurnalist diplomini qoʻlga kiritgan. 1928-1933-yillarda Dushanbe shahrida “Tojikistoni Surx” gazetasining masʼul muharriri va muharrir oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. Tojikiston KP (b) MK aʼzosi, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi hisoblangan. Buxoro Xalq Respublikasi rahbarlari bilan yaqin aloqada boʻlib, mamlakat hayotiga oid ijtimoiy-siyosiy ruhdagi maqolalarini davriy nashrlarda eʼlon qilib borgan. Sovetlar yuritgan mustamlakachilik siyosatiga qarshi milliy ozodlik gʻoyalarini targʻib qila boshlagan. 1933-yilda nomaʼlum sabablarga koʻra qamoqqa olingan va besh yilga hukm qilingan. Ammo hukm ijrosiz qoldirilgan. 1937-yil 11-oktyabrda yana hibsga olingan va 1937-yil 25-oktyabrda oliy jazoga hukm qilingan. Amakilari Mazhariddin, Mukammil va Muammir Burhonovlar bilan bir kunda, bir joyda otib oʻldirilgan. Oʻlimidan soʻng qarindoshlariga qamoqdalik paytida yozganlari berilgan. Ular orasidan “Hammasi taqdirdan, taqdir oʻyinidan hech kim, hech qachon qochib qutila olmagan. Bu iztiroblarni sabr-bardosh bilan yengishdan oʻzga chora – yoʻl yoʻq. Shukr qil, axir bundan ham battar ahvolga tushishing mumkin edi-ku! Balki ozodlik daqiqalari yaqinlashib kelayotgandir-u, sen bundan bexabar oʻtirgandirsan?…” mazmundagi fors mutafakkiri Buzurgmehrga tegishli soʻzlar yozilgan qogʻoz ham chiqqan.
Sulolaning qatagʻondan omon qolgan yagona vakili Mutal Burhonovdir. U 1934-yilda Moskva konservatoriyasiga oʻqishga kirgan.
Taʼtil vaqtida Moskvadan Samarqandga qaytgan Mutal Burhonov qarindoshlarining achchiq taqdiridan xabar topadi. Yaqinlari uni zudlik bilan Moskvaga qaytib ketishga koʻndiradi. Aynan shu qatagʻon etilishdan asrab qolgan boʻlsa ajab emas. Har holda juda isteʼdodli sanalgan bu yigit keyinchalik taniqli bastakor boʻlib yetishdi. Unga yorugʻ kunlarni koʻrmoq nasib etdi. Bastakor Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi musiqasi muallifi sifatida ham alohida ardoqda. Xalqimiz hayotidagi oʻsha dahshatli kunlarni esa u oʻzi yaratgan “Abadiy xotira” rekviyem marsiyasida abadiy muhrlab ketdi.
Azalshoh HAMROYEV,
BuxDU tuzilmasidagi Qatagʻon qurbonlari
xotirasi muzeyi direktori, dotsent.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring