Qashqadaryoda tomorqadan samarali foydalanish boʻyicha seminar oʻtkazildi

16:48 26 Fevral 2025 Jamiyat
173 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qashqadaryo viloyatida “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari” mavzusida respublika koʻrgazmali seminari boʻlib oʻtdi.

Unda respublika, viloyat doirasidagi qishloq xoʻjaligi sohasi masʼullari, mutaxassislar, viloyatdagi shahar va tumanlar hokimlari, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi hududiy boʻlimlari rahbarlari ishtirok etdi.

Seminar qatnashchilari dastlab Qarshi shahridagi “Abu Ubayda Al-Jarroh” ziyoratgohini ziyorat qilishdi. Keyingi manzil Koson tumanidagi Esaboy mahallasida boʻlib, bu yerda “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Ushbu mahalla ahli tomorqachilikda erishayotgan yutuqlari bilan nom qozongan. Ayniqsa, sabzi yetishtirishda ularning oldiga tushadigani yoʻq.

— Bugungi kunda mahallamizdagi 610 ta xonadonda 3975 nafar aholi istiqomat qilmoqda, — deydi mahalla raisi Nurilla Odirov. — Shu xonadonlarning umumiy hisobda 242 gektar tomorqa yerlari mavjud. Barcha oilalar tomorqasida birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan bir qatorda, asosan sabzi, sholgʻom yetishtirish bilan shugʻullanadi. Bundan tashqari, boshqa hududlardan ijaraga yer olib, katta maydonlarda sabzi yetishtiradigan dehqonlarimiz ham koʻp.

Aytish joiz, mahallada boshqa hech qayerda muqobili uchramaydigan sabzi yuvish va qadoqlash sexi ham qurilib, ishga tushirilgan. Dehqonlar tomonidan yetishtirilgan mahsulot shu yerda yuvilib, qadoqlanib, mamlakatimizning deyarli barcha hududlaridagi bozorlarga yetkazib berilmoqda. Bu faoliyat ortidan yaxshi daromad olinadi.

Seminar ishtirokchilari mahalla ahlining sabzichilikda erishayotgan yutuqlari bilan tanishdi. Shuningdek, ularning eʼtiboriga tuyachilik, chorvachilik, baliqchilik va qishloq xoʻjaligi texnikalari koʻrgazmasi ham taqdim etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?