Qashqadaryoda 2,5 yoshli qizaloqning oʻlimiga sababchi boʻlgan bogʻcha rahbari qamaldi

17:20 19 Sentyabr 2025 Jamiyat
152 0

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi xususiy bogʻchalardan birida yuz bergan fojia boʻyicha sud hukmi eʼlon qilindi.

Sud hujjatlariga koʻra, 31 yoshli Lola Haqnazarova 2024-yilda nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini ochib, unga rahbarlik qilib kelgan. U talablarni buzgan holda, 2022-yil 16-dekabrda tugʻilgan, hali bogʻcha yoshiga yetmagan Zarina Izzatillayevani ham MTMga qabul qilgan.

2025-yil 20-iyun kuni Haqnazarova haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmasa-da, turmush oʻrtogʻiga tegishli Spark mashinasida 7 nafar bolani bogʻchaga olib kelgan. Ammo bolalarni tushirayotganda 2,5 yoshli Zarina mashinada qolib ketgan. Qizaloq 6 soat davomida yopiq mashinada qolib, dimiqib vafot etgan.

Sud jarayonida ayblanuvchi aybini tan oldi. U bolalarni tushirayotganda ikki nafarini qoʻlida koʻtarib olib chiqqanini, qolganlarini orqa eshikdan tushirish uchun ochib qoʻyganini, ammo tartibsizlik sababli barcha bolalar tushgan-tushmaganiga eʼtibor bermaganini bayon qildi. Shu kuni bogʻchada tarbiyachi ham kelmagan, barcha ish oʻziga yuklanganini aytgan.

Marhumaning onasi sudda bogʻcha rahbarining eʼtiborsizligi oqibatida farzandi halok boʻlganini taʼkidladi:

Qanday qilib 6 soat davomida oʻzi olib borgan bolaning yoʻqligini bilmaslik mumkin? Hisob-kitob, sanoq boʻlishi kerak-ku. Qizim bogʻchaga birinchi kun borishi emasdi, bir necha oydan buyon borardi. Qanday qilib bogʻcha rahbari va tarbiyachilar uning yoʻqligini tushlikka qadar bilmasliklari mumkin? Hech boʻlmasa tushlik vaqtida eʼtibor berish kerak edi-ku. Bu kabi eʼtiborsizlikni hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi”, degan u.

Koson tumanidagi fojia yuzasidan Jinoyat ishlari boʻyicha Dehqonobod tuman sudi 2025-yil 11-sentyabrda hukm chiqardi. Unga koʻra, Lola Haqnazarova Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (“kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odam oʻlimiga sabab boʻlishi”) bilan aybli deb topildi va 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazo manzil-koloniyada oʻtaladigan boʻldi.

Sud qaroriga koʻra, unga qoʻllanilgan garov ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalida hibsga olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер