Qarshi tarixining toʻkilib borayotgan toʻrt parchasi

Foto: Xalq so‘zi
Qarshi shahri qadimiy va boy tarixga ega. Bu yerda qadimdan shaharsozlik rivoj topgani, yirik muhandislik inshootlari, bozorlar, bogʻ-rogʻlar boʻlgani manbalardan maʼlum. Ammo ularning hammasi ham bizgacha yetib kelmagan. Saqlanib qolganlari esa Koʻkgumbaz, Odina jomeʼ masjidlari, Bekmir, Qilichbek, Xoja Abdulaziz madrasalari, Qarshi sardobasi, Abu Ubayda bin al-Jarroh ziyoratgohi, Qashqadaryo koʻprigi, Qarshi hammomi va yana bir nechta madaniy meʼros obyektlaridir.
Albatta, ushbu madaniy meros obyektlarining har biri beqiyos tarixiy ahamiyatga ega. Ularni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish esa asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi.
Ammo necha-necha asrlar toʻfonlarida omon qolib, bizgacha yetib kelgan bu madaniy meros obyektlarining aksariyati bugun nihoyatda achinarli ahvolga kelib qolgan. Quyida ularning toʻrttasi bilan tanishasiz.
Haramjoʻy masjidi
Qarshi shahrining Haramjoʻy mahallasida joylashgan ushbu masjid 5 asrlik tarixga ega. Peshtoqidagi lavhada ham binoning XVI asrda qurilgani hamda hozirgi kunda lavlat muhofazasida ekanligi aks etib turibdi.
Bugungi kunda Haramjoʻy masjidining tarixiy qismidan bitta xona, uning shift qismi hamda bitta yogʻoch eshigi saqlanib qolgan, xolos. Ana shu qismlarning oʻzidayoq binoning takrorlanmas uslub va noyob arxitektura yechimlarga ega boʻlgani koʻzga tashlanadi.
Mahalla oqsoqollarining aytishicha, shoʻrolar davrida bu binodan turli maqsadlarda foydalanilib, unga katta zarar yetkazilgan, bir qismi qulab tushib, yoʻqolib ketgan.
Mustaqillikdan soʻng Haramjoʻy masjidi meʼmoriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan. Biroq quruq muhofazaga olish bilan uni saqlab qolib boʻlmaydi. Bino sifatli taʼmir, eʼtibor va qarovga muhtoj. Aks holda besh asrlik tarixiy obida yaqin yillar ichida yoʻqolib ketishi hech gap emas.
Kulol masjid.
Qarshi shahrining Chaqar mahallasida joylashgan Kulol masjidi XVIII asrda bunyod etilgan. Uning tarixi bilan bogʻliq maʼlumotlar kam.
Mahalla keksalarining eslashicha, 1950-yillarga qadar binoning hamma tomoni yopiq holda turgan. Keyinchalik eshik va derazalari ochilib, qaysidir tashkilotga berilgan va bu yerda rangli chiroqlar tayyorlangan.
Mustaqillikdan soʻng Kulol masjidi arxitektura yodgorligi sifatida davlat muhofazasiga olingan, ammo binoni taʼmirlash, atrofini obodonlashtirish borasida hech qanday ish qilingani yoʻq.
Natijada koʻp yillar davomida eʼtiborsiz qolib, oʻta taʼmirtalab ahvolga kelgan masjid binosi ayni vaqtda bir tomonga ogʻib qolgan va atrofdagilar uchun ham juda xavfli holatda turibdi.
Chaqar masjidi
XVIII asrda bunyod etilgan Chaqar masjidi binosining bir qismi allaqachon toʻkilgan. Shundan soʻng aholi oʻz tashabbusi bilan bir necha marotaba uni taʼmirlab, ayrim qismlarini qoʻshishgan ham.
Biroq tarixiy bino meʼmoriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingach, aholining uni oʻzbilarmonlik bilan taʼmirlashiga chek qoʻyildi. Shu bilan bir qatorda davlat tomonidan ham hech qanday eʼtibor qaratilmagan. Ayni vaqtda bino oʻta taʼmirtalab ahvolda.
Sharifboy madrasasi
Ushbu madrasa XVIII asrda pishiq gʻishtdan barpo etilgan boʻlib, ikki sotixdan ortiq maydonni egallagan. Hovli sathi juda kichik, toʻrt tomonida 12 ta hujra mavjud. Oʻz davrida bu yerdan koʻplab ziyoli kishilar yetishib chiqqan.
Meʼmoriy yodgorlikning “Sharafboy madrasasi” deb atalishiga sabab esa u shu yerlik Sharafboy ismli inson tomonidan barpo etilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, shoʻrolar davrida Sharafboy madrasasida bir muddat rentgenxona faoliyat yuritgan. Keyin bu joy teri-tanosil kasalliklari boʻyicha shifoxona filialiga aylantirilgan. Yana bir muddat omborxona vazifasini oʻtagan. Va tabiiyki, shu yillar davomida tarixiy bino oʻta taʼmirtalab holga kelib qolgan.
Mustaqillikdan soʻng Sharafboy madrasasi davlat muhofazasiga olingan. Bu oʻsha paytda koʻpchilikda ushbu madrasaning taʼmirlanib, meʼmoriy yodgorlik sifatida asrab-avaylanishi, shahar tarixining bir boʻlagi sifatida kelajak avlodlarga ham yetib borishiga ishonch uygʻotgan boʻlsa, ajab emas. Ammo oradan yillar oʻtmoqdaki, peshtoqida davlat muhofazasida ekanligini anglatuvchi yozuv turibdi, xolos. Oʻta taʼmirtalab, qarovsiz qolgan tarixiy inshootning oʻzi esa asta-sekin nurab bormoqda.
Masʼullar nima deydi?
Taʼkidlash joiz, birgina Qarshi shahrining oʻzida davlat muhofazasiga olingan 25 ta arxitektura yodgorligi mavjud. Ularning barchasini sifatli taʼmirlash va saqlash oson ish emasdir balki. Lekin bu borada qandaydir aniq chora-tadbirlar belgilangani, qatʼiyatlilik, jonbozlik koʻrsatilayotgani ham yoʻq. Masʼullar esa goh u obidani, goh bu obidani taʼmirlash boʻyicha yillik dasturlarga kiritish bilan ovora. Ammo dasturga kiritilgani bilan amaliy ish qilinmasa, bari bekor.
Misol uchun, 2021-yilda Madaniy meros departamenti Qashqadaryo viloyat boshqarmasi (avvalgi nomi)ga rahbarlik qilgan Xislat Hotamov Haramjoʻy va Kulol masjidlari 2021-yilgi taʼmirlash dasturiga kiritilgani, Sharafboy madrasasi esa 2022-yilgi dasturga tushishi haqida aytgan edi. Bu haqida ommaviy axborot vositalarida ham xabarlar berilgan. Lekin shu kunga qadar har uchala obyektda biror taʼmirlash ishi amalga oshirilmadi.
Bu orada tashkilotning huquqiy shakli oʻzgarib, Qashqadaryo viloyat madaniy meros boshqarmasi deb atalmoqda. Uning yangi rahbari Obidjon Hamidov esa yana boshqa maʼlumot berdi.
— 2022-yilgi taʼmirlash dasturiga Qarshi shahridan 2 ta obida kiritilgan edi, — deydi Obidjon Hamidov. –— Biroq ishlar kech boshlangani bois ularni oʻtgan yilning oʻzida yakunlash imkoni boʻlmadi. Ayni paytda ham taʼmirlash ishlari ketyapti.
Obidjon Hamidovning aytishicha, joriy yilda viloyat miqyosida 10 ta madaniy meros obyektini taʼmirlash rejalashtirilgan. Biroq ularning orasida Qarshi shahridagi madaniy meros obyektlari yoʻq. Demak, Haramjoʻy, Kulol, Chaqar masjidlari hamda Sharafboy madrasasi taʼmirni hali ancha kutadi. Agar ungacha yeta olishsa, albatta.
Xulosa oʻrnida
Biz bu bilan kimnidir ayblash fikridan yiroqmiz. Masʼullar buning uchun yetarli miqdorda mablagʻ ajratilmayotgani, tarixiy obidalarni sifatli taʼmirlay oladigan mutaxassislar yoʻqligi va yana shu kabi koʻplab sabablarni keltirishi mumkin.
Biroq milliy madaniyatimizni, xalqimizning qadimiy tarixidan soʻzlaydigan noyob yodgorliklarni asrash, oʻrganish, tatqiq etish va avlodlarga yetkazish kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etayotgan bugungi kunda Qarshi shahridagi ushbu tarixiy obidalar bu qadar oʻz holiga tashlab qoʻyilmasligi kerak, nazarimizda.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BAAning “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring