Qandli diabetning qaysi turlari xavfli?

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi diabetologiya boʻlimi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Tohirova bilan suhbat eʼlon qilindi.
— Qandli diabet nasldan naslga oʻtadimi? Agar shunday boʻlsa, oldini olish chorasi bormi?
— Qandli diabetning ikkinchi turi nasldan naslga oʻtadi. Moyilligi bor insonlar ushbu xastalikka umrbod chalinmaslik uchun sogʻlom turmush tarziga rioya qilishlari zarur boʻladi.
— Ushbu xastalik bilan ogʻrigan bemorlar uzoq umr koʻrishi uchun nimalarga eʼtibor qaratishlari lozim boʻladi?
— Eng avvalo, qandli diabet bilan ogʻriydigan bemor har yarim yilda statsionar sharoitda davolanib turishi kerak. Qandli diabet kasalligining davo choralari koʻp. Bemor doimiy ravishda parhezda boʻlishi, qand pasaytiruvchi vositalarni isteʼmol qilib borishi, jismoniy faollikni oshirishi zarur. Diabetga chalingan kishilarda yoshidan qatʼiy nazar, u yoki bu darajada jismoniy yuklama boʻlishi lozim.
Qondagi qand miqdori sutka davomida doimo toʻliq meʼyorida yursagina qandli diabetning asoratlarining oldini olish yoki kechiktirish mumkin. Aks holda statsionar davolanish ham bu kasallikda yordam bera olmaydi. Bemor yilda ikki marotaba tibbiy koʻrikdan oʻtishi, umumiy qon, umumiy peshob va biokimik tahlillarni oʻz vaqtida oʻtkazishi zarur.
— Qandli diabet bilan kasallangan bemorlar qaysi mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda davolanadi? Odatda tashxis qanday qoʻyiladi?
— Qandli diabet bilan kasallangan bemorlar, avvalambor, endokrinolog nazoratida boʻlishi lozim. Ehtiyoj boʻlganda kardiolog, nevropatolog, nefrolog, xirurg mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda davolanish choralarini koʻrishi kerak.
Bemor bilan suhbatda boʻlgan shifokor shubhali belgilarni sezsa, och qoringa barmoqdan qon olish (qandli diabetga), glyukoza uchun peshob tahlili, qondagi insulin va glikozil gemoglabin darajasini aniqlashga kirishadi. Qandli diabet belgilarini aniqlash uchun ushbu tekshiruvlar yetarli.
Agar diabetning aniq belgilari boʻlmasa, lekin siz xavf guruhida boʻlsangiz, yilda bir marta qandli diabetga qon topshiring. Sogʻlom odamlar esa bunday tekshiruvdan uch yilda bir oʻtishlari kerak.
— Qondagi qand miqdorini doimiy tarzda kamaytirib yurish uchun nimalarga ahamiyat qaratgan afzal?
— Bemorlar nafaqat qonda qand miqdorining balansiga, balki lipidlar miqdoriga, qon bosimining meʼyorda boʻlishiga va qonning quyuqlashmasligiga eʼtibor qaratishlari lozim. Qondagi qand miqdorini doimiy tarzda kamaytirib yurish uchun sogʻlom turmush tarziga rioya qilish – toʻgʻri ovqatlanish, serharakat boʻlish, shifokor nazoratida boʻlib, dori vositalarni muntazam qabul qilish tavsiya etiladi.
— Aholi orasida tarqalgan qandli diabetning qaysi turlari xavfli? Ushbu xastalikka chalinmaslik uchun qanday profilaktik choralarga jiddiy ahamiyat berishlari talab etiladi?
—Qandli diabetning bir necha turlari farqlanadi, aholi orasida qandli diabetning 2-turi koʻproq tarqalgan. Xavflisi 1-turi hisoblanadi. Sababi u koʻproq bolalar va oʻsmirlar orasida uchraydi. Agar oʻz vaqtida davolash choralari koʻrilib, nazoratga olinmasa, koma holatiga olib kelishi mumkin. Keng tarqalgan 2-turining esa oldini olsa boʻladi. Agar insonda diabet oldi holat kuzatilsa, metformin dori vositasini qabul qilish tavsiya qilinadi.
Kundalik ratsiondan yengil singuvchi uglevod saqlovchi mahsulotlar (shakar, asal, shirin konditer mahsulotlari, murabbo, shirin va gazli sunʼiy boʻyoqli ichimliklar) chiqarib tashlanadi.
Insonning tabiiy shirinlikka boʻlgan ehtiyojini bemorlar qand oʻrnini bosuvchi vositalar yordamida qondirishi mumkin. Ular shirinliksiz tura olmaydigan insonlarga tavsiya etiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring