Qalovini topgan apardiliklar

17:18 18 Sentyabr 2025 Jamiyat
104 0

Gʻuzor tumanining Apardi mahallasida aksariyat xonadonlar chorvachilik bilan shugʻullanadi. Har kuni tonnalab sut olinadi. Biroq hududda xom ashyoni qayta ishlaydigan korxona yoʻq. Bu imkoniyatni hisob-kitob qilib koʻrgan shu mahallalik Lobar Boyqulova bankdan 33 million soʻm imtiyozli kredit olib, oila aʼzolari koʻmagida sutni qayta ishlovchi kichik, lekin zamonaviy texnologiyani xarid qildi.

– “Mini zavod”imiz juda ixcham, ammo soatiga 60 litrgacha sutni qayta ishlash imkonini beradi, – deydi u. – Faoliyatimizni boshlaganimizga koʻp boʻlmadi. Hozir hududdagi oilalardan kuniga 100 – 120 litrgacha xom ashyoni qabul qilib, undan kefir, yogurt, ayron hamda qaymoq ishlab chiqaryapmiz. Mahsulotni hududdagi savdo shoxobchalariga yetkazib beryapmiz. Yangi-yangi bozorlarni topish harakatidamiz. Buyurtmalarimiz oshgani sari ishlab chiqarish hajmini ham koʻpaytirib boraveramiz. Bunga salohiyatimiz yetadi.

Dastlabki loyihani muvaffaqiyatli boshlagan oila endi yana kredit olib, xonadonida katta sigʻimli sovitkich qurmoqchi. Faoliyati uchun bu juda zarur. Bugun izlangan, intilgan, harakat qilgan kishi yaxshi daromad topib, farovon turmush kechirmoqda. Apardi mahallasida Lobarxonga oʻxshagan tashabbuskor insonlar koʻp.

Shu mahallalik Normurod Jabborov 32 sotix yerda issiqxona xoʻjaligini tashkil etgan. “Yopiq tomorqa”ning asosiy qismida limon parvarishlayotgan boʻlsa, 10 sotix maydonda bodring yetishtirmoqda. Oila yilning qaysi faslida ichki bozorda bodringga talab oshishini yaxshi biladi. Shunga qarab, hosilni tayyorlaydi.

– Bodringning eng tezpishar navlarini ekamiz, – deydi xonadon sohibasi Nodira Toʻxtayeva. – Shu bois bir yilda ikki marotaba hosil olamiz. Masalan, bu yil fevral oyi oʻrtalarida issiqxonaga bodring koʻchatlarini oʻtqazgan edik. Martning oxiri aprel oyining boshlaridan bozorga mahsulot chiqarishni boshladik. Iyunga qadar hosilni sotdik. Ochiq tomorqalarda ham bodring hosili tayyor boʻlib, bozor toʻyingan pallada biz yana yerni tayyorlab, yangi koʻchatlarni oʻtqazishga kirishdik. Hozir koʻchatlarimiz gullab, ilk hosil nishonalari paydo boʻla boshladi. Bu uzogʻi bilan oʻn kunda yana bozorga mahsulot chiqarishni boshlab yuborishimizni anglatadi. Shundan soʻng to dekabrga qadar hosilning keti uzilmaydi.

Apardilik tadbirkorlar tomonidan yoʻlga qoʻyilgan bunday kichik loyihalarga misollarni yana koʻplab davom ettirish mumkin. Eʼtiborlisi, avvallari mahallada zarur infratuzilmalar yoʻq, bu tomorqachilikda ham, ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyat bilan shugʻullanishda ham muammolarni yuzaga keltirardi. Natijada aholining tadbirkorlikka nisbatan qiziqishi ham yuqori emasdi. Soʻnggi yillarda ichki yoʻllar, ayniqsa, elektr energiyasi bilan bogʻliq koʻplab muammolar bartaraf etildi. Bu yil “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida aholi tomorqalariga suv yetkazib berish uchun mahallada ikkita artizan qazilib, ishga tushirildi.

– Natijada mahalladagi avval oqar suv kelmagan 250 ga yaqin xonadon tomorqa yerlarini sugʻorish imkoniyatiga ega boʻldi, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Oybek Karimov. – Koʻpchilik darhol ekin-tikinni boshlab yubordi. Yaqin yillarda tomorqachilikda ham yuqori natijalarni qoʻlga kirita boshlaymiz. Endi buning imkoniyati bor.

Bugun apardiliklar ham tadbirkorlik, tashabbuskorlik ruhi bilan yashamoqda. Bu ularning nafaqat amalga oshirayotgan ishlari, balki farovon turmush-tarzi, mahalladagi oʻzgarishlarda ham aks etmoqda.

Jahongir BOYMURODOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер