Qalblarga umid chirogʻini yoqqan manzilli yordam
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Har bir inson hayotida shunday lahzalar boʻladiki, unda berilgan bir yordam, aytilgan bir iliq soʻz butun hayotni oʻzgartirishga qodir. Denov tumanida faoliyat yuritayotgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar orqali insonlarning hayotiga nur ulashmoqda. Zero, inson qadri eʼzozlangan zamonda koʻrsatilayotgan yordam koʻngilga yetib boradi.
Markaz ishi faqat “moddiy yordam koʻrsatish” bilan cheklanib qolmayapti. Bu — odamlarning dardini eshitish, ular bilan birga yashash, birga his qilish muhimrogʻi, ularni unutib qoʻymaslikda ham namoyon boʻlmoqda. Zilola Qodirova — markazning faol ijtimoiy xodimlaridan biri. Uning tashabbusi bilan Shaxrinav mahallasida yashovchi Axtam Boboyorov oilasiga koʻp tomonlama yordam koʻrsatib kelinmoqda. Oila “Kambagʻal oilalar reyestri”da turadi. Axtam aka hayotning koʻp achchiq qismatlarini totdi. Bevaqt olamdan oʻtgan oʻgʻlidan qolgan nabirasiga vasiylik qilish ham Axtam akaning zimmasida edi. Sogʻligidagi muammolar bois jismoniy mehnatdan cheklandi. Bu oilani kambagʻallik domiga tortdi.

Oiladagi muhitdan yaxshi xabardor ijtimoiy xodim saʼy-harakati bilan homiylar yordamida tomorqadagi boʻsh turgan yerga ekin ekildi, uy taʼmiri uchun moddiy yordam ajratildi. Nabirasi shaxmat toʻgaragiga jalb qilindi. Oila aʼzolari toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, bolalar nafaqasi va “kambagʻallik eʼtirofi” guvohnomasi rasmiylashtirildi.
— Oilamizga koʻrsatilayotgan bunday gʻamxoʻrliklar uchun avvalo, Yurtboshimizdan minnatdorman, — deydi Axtam Boboyorov. — U kishining insonparvar siyosati tufayli bugun dardimizni eshitadigan, beminnat koʻmak koʻrsatadiganlar bor. Zilolaxon tez-tez uyimizga keladi, holimizdan xabar oladi. Biror yordam kerakligini sezsa, darhol yordamga shoshadi.

Bugun Totuvlik mahallasida odamlar totuvligini his qilishida mahallaning ijtimoiy xodimi Feruza Raimqulovaning xizmati katta. U har kuni uyma-uy yurib, koʻmakka muhtojlardan hol soʻraydi. Yordamga muhtoj oilalarga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatadi. 1-guruh nogironi Mahmud Turayev qoʻltiqtayoqqa ehtiyoji bor edi. Faqat ushbu moslamani berish bilan cheklanilmadi. Unga uyida qarab turish xizmati yoʻlga qoʻyildi. Oilasi uchun bolalar nafaqasi tayinlandi. Elektr energiyasi uchun toʻlovlar ham qoplab berildi. Sanatoriyda davolanish uchun navbatga qoʻyildi.
Shu mahallada yashovchi Olim Nurmatovning vafot etgan qizidan qolgan ikki nafar nabirasi uchun vasiylik rasmiylashtirildi. Nogiron ukasiga kunduzgi parvarish xizmatlari tashkil etildi. Bu yordamlar statistika uchun qilinayotgan ishlar emas. Aksincha, odamlar hayotida “inson qadri ustuvor” tamoyilining amaldagi ifodasi, kundalik ishga aylangan ezgu ishlarning natijasidir. Bu ijtimoiy xodimlar — faqat xizmatchi emas, balki qalb shifokori, sukunatni boʻluvchi nurli elchilarga aylanayotganiga bir misol. Denov tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining bu ishlari nafaqat yordam, balki “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati insonga inson sifatida munosabat qilish, uning yuragiga yetkaziladigan mehrni asos qilgan. Bu odamlar qalbida umid va ishonch uygʻotmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring