Qahramon muallimaning hayot yoʻli teatr sahnasiga koʻchdi

17:33 29 Yanvar 2025 Madaniyat
355 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrida Oʻzbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopovaning hayoti va faoliyati aks ettirilgan “Muhabbat” spektaklining premyerasi boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlash joiz, Muhabbat Sharopova 1971-yilda Samarqand davlat universitetining matematika fakultetini tamomlab, Qarshi shahridagi 5-umumiy oʻrta taʼlim maktabida matematika oʻqituvchisi sifatida oʻz faoliyatini boshlagan. Keyinchalik Qarshi davlat universiteti qoshidagi litsey-internatda, Qarshi shahridagi 2-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ishladi. 2022-yildan buyon Qarshi davlat universitetining Algebra va geometriya kafedrasi professori sifatida faoliyat yuritmoqda.

Yarim asrdan oshibdiki, bu fidoyi muallima oʻquvchilarga, talabalarga matematika fanining sir-sinoatlarini oʻrgatib kelmoqda. Uning shogirdlari shu vaqtga qadar 22 marotaba respublika fan olimpiadalarida, 3 marotaba xalqaro matematika olimpiadalarida, 9 marotaba matematika fani boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro tanlovlarda gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy egallashgan. 7 nafar shogirdi fan doktori, 30 dan ortigʻi fan nomzodi darajasiga erishishida ham Muhabbat Sharopovaning qilgan mehnatlari, ularga bergan saboqlari natijasi mujassam.

Oʻzining bor kuch va shijoatini, bilimini yosh avlod taʼlim va tarbiyasiga bagʻishlagan Muhabbat Sharopova 2016-yilda davlatimizning eng yuksak mukofoti – Oʻzbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan edi.

Rejissyor Farhod Boynazarov tomonidan sahnalashtirilgan spektaklda jonkuyar muallimaning bolaligi, oʻqituvchilik faoliyati davomida u bosib oʻtgan uzun va sermazmun yoʻl, bu yoʻlda duch kelgan qiyinchiliklari, kurashlari, shu bilan bir qatorda, oʻqituvchilik kasbining mashaqqati, zahmati va rohatlari aks ettirilgan.

Spektaklda bosh qahramon rolini Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Halilova ijro etgan.

— Spektaklni tomosha qilish asnosida oʻz faoliyatimga, qolaversa, oʻqituvchilar mehnatiga chetdan nazar solish imkoni tugʻildi, — deydi Muhabbat Sharopova. — Biz oʻqituvchi mehnatining qadri boʻlmagan qiyin davrlarni ham koʻrdik. Bugun hukumatimiz tomonidan bu soha egalariga qaratilayotgan eʼtibor, berilayotgan ragʻbat va eʼzozlarga ham guvohmiz. Spektaklda ana shu jihatlar mahorat bilan yoritib berilgani meni mamnun etdi.

Spektakl tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish va olqishlar bilan qarshi olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер