Putin va Tramp uchrashadigan joy maʼlum boʻldi. Ular muhokama qiladigan mavzularchi?

18:02 11 Avgust 2025 Dunyo
457 0

Foto: Reuters

Joriy hafta, 15-avgust, juma kuni Alyaskada Rossiya va AQSH prezidentlari Vladimir Putin va Donald Trampning uchrashuvi boʻlib oʻtadi. Bu ikki davlat oʻrtasidagi toʻrt yil ichida birinchi oliy darajadagi sammit. Shu bilan birga, ishtirokchilar tarkibiga oid qarama-qarshi maʼlumotlar hamon eʼlon qilinmoqda. Xususan, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning muzokaralarda ishtirok etishi hamon nomaʼlum. Shunga qaramay, Rossiya rahbari va uning eng yaqin ittifoqchilari oʻrtasidagi koʻplab telefon suhbatlari muzokaralarda mumkin boʻlgan oʻzgarishlardan dalolat bermoqda va Ukrainadagi mojaroga barham berishning aniq shartlari ommaviy axborot vositalarida paydo boʻlmoqda. Putin va Tramp oʻrtasidagi uchrashuv va boʻlajak muzokaralar kun tartibi haqida nimalar maʼlum? Quyida shular xususida.

Putin va Tramp uchrashuvining sanasi va joyi haqida nimalar maʼlum?
Shu yilning 8-avgust kuni “FoxNews” telekanali Vladimir Putin va Donald Tramp 11-avgust, dushanba kuniyoq Rimda muzokara oʻtkazishi mumkinligi haqida xabar berdi. Vladimir Zelenskiy sammitni Italiyada oʻtkazish gʻoyasini qoʻllab-quvvatladi, biroq Rossiya buni nomaqbul deb hisobladi. Rossiya ommaviy axborot vositalarining tushuntirishicha, rasmiylar Yevropa davlatlarini bunday uchrashuvlar oʻtkaziladigan joy deb hisoblamaydi.

“Bunday tadbirni tashkil etishda bizga yordam berishga tayyor boʻlgan koʻplab doʻstlarimiz bor”, — dedi Vladimir Putin bu mavzudagi xabarga izoh tariqasida.

Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari, Vengriya va Shveysariya ommaviy axborot vositalarida uchrashuv oʻtkazish mumkin boʻlgan joylar sifatida koʻrsatildi.

Biroq, 9-avgust, jumadan shanbaga oʻtar kechasi Tramp “TruthSocial” ijtimoiy tarmogʻida Putin bilan muzokaralar 15-avgust, juma kuni AQSHda, Alyaska shtatida boʻlib oʻtishini yozdi.

Bu maʼlumotni Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ham tasdiqladi. Uning qoʻshimcha qilishicha, kelgusida yana ikki tomonlama sammit oʻtkazilishi mumkin, unisi Rossiyada boʻladi. “Taklifnoma allaqachon AQSH prezidentiga yetkazilgan”, — deydi u.

Biroq yigʻilish ishtirokchilarining tarkibi hali tasdiqlanmagan. “CBS News” telekanalining AQSHning yuqori martabali mulozimiga tayanib xabar berishicha, Zelenskiy ishtirok etishi mumkin.

“Zelenskiy qandaydir tarzda sammitda ishtirok etishi ehtimoli hali ham mavjud”, — deyiladi manbada.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning qayd etishicha, ikki tomonlama uchrashuv dastlabki yutuqlarga erishilgan taqdirdagina samarali boʻladi.

Nima uchun Alyaska?
Putin Alyaskaga tashrif buyurgan birinchi Rossiya rahbari boʻladi. Shu bilan birga, hatto AQSH prezidentlari ham u yerga tez-tez tashrif buyurishmaydi. Shu paytgacha Ayalskaga borgan oxirgi AQSH prezidenti Barak Obama hisoblanadi. Bu voqea 2015-yilda yuz bergan.

Umuman statistika maʼlumotlariga koʻra, amerikaliklarning 12 foizi Alyaskaga kelgan

Yuriy Ushakovning soʻzlariga koʻra, Alyaskaning tanlanishi bejiz emas: Rossiya va AQSH oʻrtasidagi chegara shu yerdan oʻtadi va Arktikadagi ikki davlatning iqtisodiy manfaatlari kesishadi.

“Rossiya va Qoʻshma Shtatlar yaqin qoʻshnilar, bir-biriga chegaradosh. Va bizning delegatsiyaning oddiygina Bering boʻgʻozi orqali uchib oʻtishi juda mantiqiy tuyuladi” — deydi Ushakov.

Oʻz navbatida, Rossiya toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jamgʻarmasi direktori Kirill Dmitriyev Alyaskani sammit uchun ideal joy deb atadi.

“AQSH va Rossiya bir-biridan atigi 3,8 kilometr masofada joylashgan – bu Diomed orollari orasidagi masofa xalqaro sana chizigʻi bilan boʻlingan — birida tun edi, ikkinchisida — kun”, — deydi u.

AQSHga avvalgi tashriflari chogʻida Putin Nyu-York, Texas, Merilend, Jorjiya va Meyn shtatlarida boʻlgan. U bu mamlakatga oxirgi marta 2015-yil sentyabrida, BMT Bosh Assambleyasida nutq soʻzlaganida borgan edi.

Dmitriy Medvedev prezidentlik davrida Gavayi, Nyu-York va Pitsburgga tashrif buyurgan.

Sovet davrida Nikita Xrushchev, Aleksey Kosigin va Leonid Brejnev AQSHga tashrif buyurishgan. Mixail Gorbachyov bu mamlakatda uch, Boris Yelsin besh marta boʻlgan.

Uchrashuvda nimalar muhokama qilinishi kutilmoqda?
“Bloomberg” agentligi xabariga koʻra, Rossiya va AQSH allaqachon Ukrainada oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuv shartlarini muhokama qilmoqda. Bu hozirgi front chizigʻi boʻylab mojaroni muzlatishni oʻz ichiga oladi.

Nashrning yozishicha, Rossiya allaqachon bosib olingan hudud, shuningdek, hozirda Ukraina Qurolli kuchlari tasarrufidagi Donesk va Lugansk xalq respublikalari qismlari ustidan nazoratni saqlab qolishi mumkin.

Hujjatda, shuningdek, Rossiya Gʻarb OAVlari oldindan bashorat qilgan Zaporojye va Xerson viloyatlariga keyingi hujumlardan bosh tortishni ham nazarda tutadi.

“Bunday natija uzoq vaqtdan beri AQSH bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borishga intilayotgan Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilarini ikkinchi oʻringa surib qoʻygan Putin uchun katta gʻalaba boʻladi”, — deya taʼkidlanadi nashr maqolasida.

Keyinchalik bu maʼlumotni “Axios” portali, jumladan, AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffga tayanib tasdiqladi. Ukraina va bir qator Yevropa davlatlari, jurnalistlarga koʻra, tashabbuslarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlgan.

Ukraina Trampning shartlariga qanday munosabatda boʻldi?
“RBK-Ukraina” xabariga koʻra, Vladimir Zelenskiy oʻt ochishni toʻxtatishni qoʻllab-quvvatlashga va bitim tuzishga tayyor. Shuningdek, Ukraina tomoni oʻt ochishni toʻxtatish rejimiga, jumladan, “havo sulhiga” rioya qilishga tayyorligi maʼlum qilingan.

“Biz havodami yoki umuman olganda sulhni qoʻllab-quvvatlaymiz”, — degan ukrainalik yuqori martabali manba anonimlik sharti bilan.

Nashrning taʼkidlashicha, Rossiya ham kelishuvga erishish uchun murosaga tayyor.

“Strana.ua” nashrining yozishicha, ayni paytda Ukrainada ehtimoliy imtiyozlar masalasi faol muhokama qilinmoqda.

Biroq, 9-avgust, shanba kuni ertalab Vladimir Zelenskiy Ukraina hech qanday hududni Rossiyaga oʻtkaza olmasligini aytdi.

“Ukraina hududiy masalasiga javob Ukraina Konstitutsiyasida allaqachon mavjud. Bundan hech kim chetga chiqa olmaydi... Biz Rossiyaga qilgan ishi uchun mukofot bermaymiz”, — deydi Vladimir Zelenskiy.

Shu bilan birga, u “tinchlik olib kelishi mumkin boʻlgan haqiqiy qarorlar”ga tayyorligini tasdiqlab, ular Ukraina ishtirokida qabul qilinishi kerakligini taʼkidladi.

“Va barchamizga odamlar hurmat qiladigan haqiqiy, tirik tinchlik kerak. Biz Prezident Tramp bilan barcha sheriklar bilan birgalikda haqiqiy va eng muhimi, mustahkam tinchlik uchun harakat qilishga tayyormiz”, — deya qoʻshimcha qilgan Ukraina yetakchisi.

Oʻz navbatida, Zelenskiy Putin va Tramp sammiti boʻlib oʻtadigan Alyaskani Ukrainadan “juda uzoq” degan.

Ukrainlar Rossiya bilan muzokaralar haqida qanday fikrda?
Amerika jamoatchilik fikri instituti — “Gallup”ning iyul boshida oʻtkazgan yangi soʻroviga koʻra, mintaqa yoki demografik guruhdan qatʼi nazar, Ukraina aholisining barcha qatlamlari oʻrtasida harbiy harakatlarni qoʻllab-quvvatlash muttasil kamayib bormoqda.

Yaʼni 69 foiz ukrainaliklar mojaroni muzokaralar yoʻli bilan tezroq tugatilishi, 24 foizi esa jangovar harakatlar davom etishi tarafdori ekanini bildirgan.

Shu bilan birga respondentlarning aksariyati faol harbiy harakatlarni erta tugatish ehtimoliga shubha bilan qarashadi.

Uchdan ikki qismidan koʻprogʻi (68 foiz) mojaro kelasi yil ichida tugashi dargumon deb hisoblaydi. Har toʻrtinchi (25%) bu bir yil ichida sodir boʻlishi mumkin deb hisoblaydi.

Yana kim Rossiya va Ukraina oʻrtasida vositachi boʻlishga tayyor?
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko AQSH, Rossiya va Ukrainaga vositachilik xizmatlarini taklif qildi. U Minskda muzokaralar oʻtkazishga tayyorligini bildirib, shu bilan birga Donald Trampning tinchlikparvarlik yoʻlini tanqid qilgan.

“Bu ish bunday qilinmaydi: “Keldim, 50 kun berdim”. Bu Eron emas, u yerda uchta bomba tashlab va keyin xabar beriladigan: “Boʻldi, men buni boshqa qilmayman. Kelinglar, yigitlar, sulh tuzamiz”. Uchrashish kerak, gaplashish kerak” — Aleksandr Lukashenko.

Uning fikricha, muzokaralar koʻp bosqichli boʻlishi kerak:

birinchi bosqichda — Rossiya — AQSH sammiti va 50 kunlik havo sulhi;

ikkinchi bosqichda — Ukrainaning muzokaralarda ishtirok etishi va toʻliq oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishish;

uchinchi bosqichda — Rossiya va Ukraina oʻrtasida baʼzi munozarali masalalarni hal qilishni kelajakka kechiktirish imkoniyati bilan toʻlaqonli tinchlik shartnomasini imzolash.

“Uchalingiz qayerdadir yigʻiling. Tramp, Putin birinchi kuni kelishib, Zelenskiyni taklif qiling. Birinchi kuni Rossiya — AQSH munosabatlari haqida, ikkinchi kuni esa bu muammo haqida gaplashing” — deya qoʻshimcha qiladi Belarus prezidenti.

“Time” jurnali jurnalisti Saymon Shuster Aleksandr Lukashenkoni Rossiya va AQSH oʻrtasida amalda vositachi deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, siyosatchi AQSH tomoniga maslahat beradi va Tramp maʼmuriyatiga Putin bilan oʻzini qanday tutish kerakligini “shivirlaydi”.

“Belorus orqali yashirin muzokaralar tarixi Ukrainaning taslim boʻlishining debochasi boʻlishi mumkin” — deydi Saymon Shuster.

Putin Vitkoff bilan uchrashgandan keyin yana kim bilan gaplashdi?
Stiv Vitkoffning tashrifidan soʻng Vladimir Putin bir qator telefon muloqotlari oʻtkazdi. Jumladan u Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev va Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa bilan muloqot qildi.

Putin oʻz suhbatdoshlariga Vitkoff bilan uchrashuv natijalari, jumladan, Rossiya va AQSH oʻrtasidagi keyingi hamkorlik rejalari haqida maʼlumot berdi.

Xitoy mamlakatlar oʻrtasidagi muloqotning rivojlanishini bevosita olqishladi.

“Xitoy Rossiya va Qoʻshma Shtatlar aloqalarni davom ettirishi, munosabatlarni yaxshilashi va Ukraina inqirozini siyosiy yoʻl bilan hal qilishga yordam berayotganidan xursand”, — dedi Szinpin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер