“Puling boʻlsa…” filmining premyerasi boʻlib oʻtdi
“Kinochilar uyi”da Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Koʻzgufilm” kinostudiyasi bilan hamkorlikda suratga olingan “Puling boʻlsa…” filmining ilk premyerasi boʻlib oʻtdi.
Namoyishdan avval Oʻzbekistonning taniqli madaniyat va sanʼat arboblari va OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Filmda Alijon ismli mehnatsevar olim haqida soʻz boradi. U oʻz umrini pillachilikka baxshida qilgan. Uning urinishlari necha yildirki, samarasiz. Shunga qaramay, u oʻz sevgan kasbidan voz kecholmaydi. Shuningdek, u oʻz laboratoriya jihozlarini uyiga koʻchirib olib, tun-u kun tinimsiz ishlaydi. Kunlarning birida qishloqdan otasi mehmonga keladi-yu, oʻgʻlining mukkasidan ketib ishlayotganidan jahli chiqib, unga tanbeh beradi. Ota-oʻgʻilning bu safargi suhbati Alijon hayotida keskin burilish yasalishiga sabab boʻladi.
Kecha goʻshtga ham pul topa olmagan olim qisqa fursat ichida ixtirosi tufayli badavlat insonga aylanadi. Alijon hatto tushida ham koʻrmagan boyliklarga ega boʻladi.
Qoʻshnilar, yaqinlar va hatto oila aʼzolarining masxara qilishlariga qaramay, uning oʻziga va ishiga boʻlgan ishonchi oʻz samarasini berdi. Muvaffaqiyat, moliyaviy farovonlik boshqalarning Alijonga boʻlgan munosabatini keskin oʻzgartirdi…
Komediya sahnalari borligiga qaramay, film janri tragikomediyaga yaqin.
“Bugungi film namoyishi – bayram kunlarida oʻzbekistonliklar uchun yana bir tuhfa boʻldi. Film eng muhim narsalar – oʻziga boʻlgan ishonch va oʻz ishiga sodiqlik haqida. Inson qalbida ishonch bilan yashasa, toʻgʻri yoʻlni tanlab, halol mehnat qilsa, albatta qadrlanadi. Umid qilamanki, film tomoshabinlarga manzur keladi, balki kimdir oʻzini bosh qahramon sifatida tanib qolar…”, — dedi Kinematografiya agentligi Bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Rizayev.
Film ustida ishlagan ijodiy guruh: prodyuser - Qudratilla Fayzullayev, ssenariy muallifi - Baxtiyor Karim, rejissyor - Ilhom Muhammadibrohimov. Bosh rollarda: Tolib Moʻminov, Lola Eltoyeva, Matyoqub Matchanov, Botir Muhammadxoʻjayev, Munisa Magametibragimov, Xonzoda Doʻstova, Xadichabonu Abduqahhorova, Goʻzal Yusupova, Maxliyo Asqaraliyeva va Feruza Sobitova.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring