Propiska tizimini isloh qilish — tarixiy qadam
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayoni ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarini qamrab oldi. Ayniqsa, uzoq vaqtdan buyon fuqarolik huquqiga oid toʻplanib qolgan koʻp masalalar huquqiy islohotlar bilan oʻz yechimini topmoqda. Ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi bir qator qonun va farmonlar qabul qilingani eʼtiborga molik.
Jumladan, yangi tahrirda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonun bilan mamlakatimiz hududida doimiy istiqomat qiladigan fuqaroligi boʻlmagan 50 mingga yaqin shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olishiga imkoniyat yaratildi. Bu boradagi masalalarni koʻrib chiqishda idoralararo elektron hamkorlik mexanizmlari amal qilishi belgilab berildi. Shuningdek, sohadagi oʻzgarishlar joriy yilda qabul qilingan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi Qonunda oʻz ifodasini topdi.
Prezidentimizning “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan keng jamoatchilik fikrlarini inobatga olgan holda ruxsat berish xususiyatiga ega boʻlgan doimiy propiska qilish tizimidan bosqichma-bosqich xabar berish xususiyatidagi roʻyxatdan oʻtkazish tizimiga oʻtish yuzasidan ishlar boshlab yuborildi.
Qonunchilikka kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan “propiska” soʻzi maʼnaviy eskirganligi va ushbu atama fuqarolar ongida “toʻsqinlik qiluvchi”, “erkinlikni cheklovchi” degan tushunchalarni keltirib chiqarayotganligi munosabati bilan “doimiy propiska” soʻzlari “yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish” soʻzlariga almashtirildi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koʻchmas mulkka ega boʻlish uchun bu hududlarda doimiy roʻyxatda boʻlish talabi bekor boʻldi.
Qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida fuqarolarga nafaqat birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manzilga, balki ularning egaligida boʻlgan uy-joy maydoniga ham doimiy roʻyxatga turish imkoniyati yaratildi. Yaʼni boshqa viloyatda doimiy roʻyxatda boʻlgan fuqaro Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan koʻchmas mulk sotib olgandan keyin, avvalo, oʻzi shu manzilga doimiy roʻyxatga oʻtadi. Soʻngra oilasi (turmush oʻrtogʻi, farzandlari)ni, agar xohlasa, ota-onasi, bobo-buvisi va nabiralarini ham doimiy roʻyxatga oʻtkazishi mumkin boʻldi.
Er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda propiskani yoʻqotish boʻyicha qoidalar bekor qilindi.
Oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinish imkoniga ega boʻldi.
Oliy Majlis palatalari, Oʻzbekiston Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar hamda ularning oila aʼzolari belgilangan tartibda doimiy propiska qilingandan soʻng ular boshqa ishga oʻtishi yoki lavozimdan ozod etilishi yashash joyi boʻyicha doimiy roʻyxatdan chiqarilishiga oid qoida bekor qilindi.
Ilgari Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan fuqarolar — doimiy yashash uchun tegishincha Toshkent shahriga va Toshkent viloyatiga qaytib kelganida hech qanday toʻsiqlarsiz doimiy yashash joyi boʻyicha qayta roʻyxatga olinadi. Yaʼni oldin amalda boʻlgan tartib boʻyicha avvalgi yashagan manziliga faqatgina davlat yoʻllanmasi bilan ishga yuborilgan, oʻqish uchun ketgan, jazoni ijro etish muassasasidan ozodlikka chiqib qaytib kelgan fuqarolargina, agar shu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etsalar, yana qaytadan doimiy roʻyxatga olingan. Endilikda har qanday shaxs Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan maʼlum sabablarga koʻra, yoki oʻzining xohishiga koʻra roʻyxatdan chiqib ketsa ham, xohlagan paytida yana qaytib, tegishincha Toshkent shahri yoki Toshkent viloyati hududiga doimiy roʻyxatga turishi mumkin boʻldi.
Davlat hokimiyati organlarida, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida hamda boshqa davlat tashkilotlarida uzluksiz besh yil va undan ortiq boʻlgan davr mobaynida mehnat faoliyatini olib borayotgan mutaxassislar (texnik, xizmat koʻrsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) shuningdek, ularning oila aʼzolari doimiy roʻyxatga turish imkoniyatiga ega boʻldi.
Farmonda propiskaga qoʻyish bilan bogʻliq jarayonlar va ularni “yagona darcha tamoyili” asosida amalga oshirish mexanizmlari raqamlashtirilishi lozimligi belgilangan.
Shu asosda, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish bilan bogʻliq ishlar idoralararo elektron hamkorlik orqali “yagona darcha” tamoyili asosida Ichki ishlar vazirligining “Manzil” dasturi vositasida amalga oshirish yoʻlga qoʻyildi. Yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olishda avvalgi doimiy yashash joyidan roʻyxatdan chiqish tartibi bekor qilindi. “Manzil” dasturi orqali roʻyxatga olish Toshkent shahri va Toshkent viloyatida — 2020-yil 1-sentyabrdan amal qilmoqda.Ushbu tartib Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — 2021-yil 1-yanvardan boshlab amalga oshiriladi.
“Yagona darcha tamoyili” deyilganda fuqaroning ishi bir joyda hal boʻlishi tushuniladi. Mazkur holatda doimiy roʻyxatga ega boʻlish uchun fuqaro talab etiladigan hujjatlarni taqdim etish uchun boshqa davlat idoralariga borishi shart emas. Murojaat ichki ishlar organining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasining oʻzida hal boʻladi. Masalan, doimiy roʻyxatga qoʻyish uchun zarur boʻlgan uy-joy kadastr hujjatlari, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalar elektron koʻrinishda idoralararo hamkorlik tizimi orqali raqamlashgan shaklda olinadi. Xuddi shunday boshqa hujjatlar — oʻlim, nikoh tuzilganligi yoki nikohdan ajrashganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalar, shaxsning ishlayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham tarmoq orqali elektron tarzda olinishi mumkin.
Fuqaro doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinganida QR-CODE bilan himoyalangan qayd varagʻi berish amaliyoti joriy etildi. Ushbu tartibga asosan pasportlarga shtamp bosish tartibi bekor qilindi.
Idoralararo hamkorlikni samarali tashkil etish maqsadida Adliya vazirligining “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining yagona elektron arxivi” axborot tizimi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi, Davlat soliq qoʻmitasining “Soliq” axborot tizimlari kompleksi “Manzil” dasturiga integratsiya qilindi.
Xalq taʼlimi vazirligida ham voyaga yetmaganlarni tugʻilganlik haqida guvohnomasi maʼlumotlariga hamda voyaga yetganlarni jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga bogʻlagan holda vasiylik va homiylikni tasdiqlovchi hujjatlarning elektron bazasi yaratilib, “Manzil” dasturi orqali oʻzaro hujjat almashish imkoniyatiga ega boʻldi.
Mudofaa vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-sentyabrdan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini real vaqt rejimida harbiy hisobga olish va hisobdan chiqarish yoʻlga qoʻyildi, 2021-yil 1-yanvardan qolgan viloyatlarda yoʻlga qoʻyilishi belgilangan.
Oliy Sudning axborot tizimi “Manzil” dasturi bilan integratsiya qilinib, shaxsni turar-joydan foydalanish huquqi bekor qilinganligi haqida qaror raqami, sanasi hamda uning qonuniy kuchga kirish sanasi va sud qarori asosida bekor qilingan boʻlsa, qaror raqami, sanasi hamda uning qonuniy kuchga kirish sanasi haqidagi maʼlumotlarni taqdim etish elektron tarzda amalga oshirilmoqda.
Albatta, fuqarolarning turgan joyi boʻyicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlarining bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganligi tizimda zamonaviy munosabatlarni joriy etish imkoniyatini berdi. Qonunchilikdagi oʻzgarishlar asosidagi propiska tizimining islohotlari bilan aholini doimiy roʻyxatga olish tartib-taomillari liberallashtirildi hamda fuqarolarning erkin koʻchib yurish sohasidagi huquqlari mustahkamlandi.
Toʻlqin KARIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Avstraliyada 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi
- Oston Oʻrunov Eron chempionatidagi eng qimmat futbolchiga aylandi
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring