Professor yurak nuqsoni bilan tugʻilish holatlari koʻpayib borayotganining muhim sabablarini aytdi

17:42 21 Iyul 2022 Jamiyat
626 0

Maʼlumotlarga koʻra, bugun jahonda har ming chaqaloqdan sakkiz-oʻn nafari tugʻma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelmoqda. Ularning qariyb 72 foizi hayotining ilk yilida jarrohlik amaliyotiga muhtoj.

Shu bois 1 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasida mazkur xastalikdan oʻlim koʻrsatkichi yuqori oʻrinda turadi. Biroq oʻz vaqtida operatsiya qilingan oʻgʻil-qizlarning 97 foizi toʻliq sogʻlom hayotga qaytishi mumkin.

Rossiyaning Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida tajriba orttirib qaytgan mohir kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekov yurtimizda tugʻma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelayotgan bolalar soni ortishini quyidagi omillar bilan ham izohladi.

— Homiladorlikning dastlabki uch oyi — goʻdak ichki aʼzolarining shakllanish davri, — deydi professor. — Biroq ana shu muhim pallalarda koʻpchilik oʻzbek xonadonlarida boʻlajak ona salomatligiga yetarlicha eʼtibor qaratilmaydi.

Masalan, kelinlik yumushlari, baʼzan qaynota-qaynona, turmush oʻrtoq va yaqinlar oldidagi haddan ziyod koʻp vazifalar boʻlajak onani zoʻriqtirib qoʻyadi. Homiladorligiga qaramay bunday opa-singillarimizga xizmatkor singari munosabatda boʻladiganlar ham, afsuski, oramizda kam emas.

Oqibatda kichik bir stress holati ham farzandning nuqson bilan tugʻilishiga sabab boʻlishi mumkin.

Xuddi shunday, “yukli” ayollarning bozor, doʻkon kabi aholi gavjum joylarga chiqishi ham notoʻgʻri. Chunki bu davrda, ayniqsa, homiladorlikning dastlabki 12 haftasida turli infeksiyalarni yuqtirib olish nafaqat ona, balki bolada ham ogʻir asoratlar qoldirishi ehtimoli katta.

Jumladan, hozir qayta avj olayotgan koronavirus, kuz-qish mavsumiga xos gripp, shu bilan birga, qizamiq, qizilcha va boshqa virus hamda bakteriyalar chaqaloqlarning yurak nuqsoni bilan tugʻilishiga olib kelishi mumkin.

Qolaversa, yurtimizda boʻlajak onalar uchun skrining tekshiruvlari yoʻlga qoʻyilgan. Bunga aslo eʼtiborsiz qarab boʻlmaydi. Negaki, baʼzi xastaliklarni homiladorlik davridayoq aniqlab, erta va samarali bartaraf etsa boʻladi.

Bundan tashqari, bolalik va oʻsmirlik davrida qizlar salomatligiga befarq boʻlmaslik kerak. Maktablarda turli sport mashgʻulotlarini koʻpaytirish, oʻz navbatida, uyda ularni jismoniy mashgʻulotlarga kengroq jalb qilish, toʻgʻri ovqatlanish va asabiylashmaslik sogʻlom farzandlar dunyoga kelishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?