Prezidentning progressiv gʻoyasi — klaster haqidagi kitob Germaniyada chop etildi

14:07 05 Mart 2021 Iqtisodiyot
5391 0

“Cotton-Textile Cluster — lokomotive of the economic development” (“Paxta-toʻqimachilik klasteri — taraqqiyot lokomotivi”). Risolaning nomi shunday. U Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, senator M.Rahmatov, akademik, biologiya fanlari doktori, professor B.Zaripov, Namangan davlat universiteti oʻqituvchisi B.Niyozmetov, shuningdek, yurtimizdagi qaldirgʻoch klasterlar “BCT Cluster” va “TCT Cluster” klasterlari loyiha koordinatori M.Rahmatov hamda bosh menejeri A.Bahromov muallifligida ingliz tilida nashr etildi.

Kitobda mamlakatimizda soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar haqida batafsil hikoya qilinadi. Xususan, ushbu sohaga tatbiq etilayotgan yangi gʻoyalar, innovatsiya va nou-xaular agrar sektorni sanoatlashtirish, qishloq mehnatkashlarining hayot darajasini yuksaltirishga xizmat qilayotgani paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyati misolida keng ochib berilgan. Bunda nafaqat matn, balki tasvirlar, infografikalar, diagrammalardan unumli foydalanilgani qoʻl kelgan.

Eʼtirof etilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita gʻoyasi asosida amaliyotga klaster tizimi joriy etilib, qishloq xoʻjaligida mahsulot yetishtirish va chuqur qayta ishlashning “zanjirli usuli” yaratildi. Xoʻsh, bu qanday samara beryapti? Oʻquvchilar kitobda ushbu savolga mufassal javob olishlari mumkin. Zero, olimlarimiz davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan “Buyuk kelajagimiz bugundan boshlanadi”, “Oʻzbekiston xalqi ertaga emas, bugun baxtli yashashi kerak” tamoyillarining mazmun-mohiyatini aynan klasterlar asosida chuqur tahlil qilib berishgan.

Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, klaster va manfaatdorlik Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining kelajagidir. Shu bois soʻnggi yillarda paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bu borada yuzaga kelayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish borasida samarali mexanizm yaratildi. Natijada agrar sohada mulkni boshqarish va mahsulot yetishtirishning klaster usulida boy tajriba toʻplandiki, endilikda bu borada xorijiy davlatlar bilan bemalol raqobatlashish mumkin. Risolada buning asosiy omillari toʻlaqonli koʻrsatib oʻtilgan.

Taʼkidlash kerakki, qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish orqali sohada samaradorlikni oshirishda klaster eng istiqbolli yoʻlga aylanmoqda. Bir misol, aynan klasterlar tufayli hozirgi davr talabi boʻlgan ilmiy-tadqiqotlar va ishlanmalarni moliyalashtirish hajmi koʻpayadi, ularning texnik taʼminot darajasi yuksaladi. Oʻz navbatida, investitsiyaviy tashqi loyihalarni tashkil etish, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishda yangi imkoniyatlar vujudga keladi. Ilmiy xodimlar va mutaxassislarni koʻproq ragʻbatlantirish, yangi tovarlarni Oʻzbekiston brendi bilan ixtiro qilishga mustahkam poydevor boʻladi.

Ilmiy asarda Oʻzbekiston toʻqimachilik va yengil sanoat tizimida klasterlarni shakllantirish masalasi mamlakat miqyosida emas, balki mintaqalar — viloyatlardagi aniq iqtisodiy-ijtimoiy shart-sharoitlar asosida amalga oshirilayotgani eng oqilona yoʻl ekanligiga ham alohida urgʻu berilgan.

— Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida ish yuritishning klaster tizimiga oʻtilishidan koʻzlangan birinchi maqsad — yerdan samarali foydalanish, — deydi professor Murtazo Rahmatov. — Qolaversa, qishloq xoʻjaligini sanoatlashtirish, chetga xom ashyo emas, qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar sotish, daromadni oshirish orqali dala mehnatkashlarining hayot darajasini koʻtarishdir. Zero, agrar jabhadagi natijalar birgina hosildorlik koʻrsatkichi bilan oʻlchanadigan davrlar oʻtib ketdi. Olinadigan daromad va sof foyda asosiy mezonga aylanishi kerak. Kitobda ana shu jihatni nafaqat nazariy va ilmiy tarafdan, balki hayotiy misollar bilan tushuntirishga harakat qildik. Oʻzbekistonda qisqa davr ichida bu borada erishilgan natijalar haqida fikr yuritar ekanmiz, bunda Buxorodagi “BCT Cluster” va Toshkent viloyatidagi “TCT Cluster” klasterlari faoliyatiga murojaat qildik, aniq detallar va dalillarga suyandik.

Oddiy misol, fermerlar tolaning bir kilosini 1,5 dollarga sotsa, klasterlar paxta xom ashyosini bunday arzon bahoga sotmaydi. Ularda 1,5 dollarlik xom ashyoni 25 dollar qiymatga aylantirish imkoniyati bor. Mana, klasterning asosiy ustunligi qayerda?!

Klasterning yana bir afzalligi aholi bandligini taʼminlashda koʻzga tashlanmoqda. Chunki har 100 gektarda 15 — 25 nafar kishi doimiy ish bilan taʼminlanishi, ularga mehnat daftarchasi ochilib, oylik maosh berilishi kerak. Afsuski, fermer xoʻjaliklarida buning uddasidan amalda chiqilmagani oqibatida chekka hududlarda ishsizlik masalasi eng ogʻriqli muammoga aylandi. Klaster usuliga oʻtilgach, odamlar yil — oʻn ikki oy ish bilan taʼminlandi, mehnatiga yarasha haq berilmoqda. Bugun ular qishloq xoʻjaligidagi klaster islohoti samaralarini oʻz hayotida his qilmoqda. Risolada bu masalalar ham qamrab olingan.

Umuman olganda, Germaniyada nashr qilingan mazkur kitob dunyo hamjamiyatini Prezident Shavkat Mirziyoyevning elni farovon, xalqni boy qilishdek ezgu maqsadga yoʻgʻrilgan ushbu gʻoyasi mazmun-mohiyatidan yaqindan xabardor etish, Oʻzbekistoning noyob tajribasi bilan yaqindan tanishtirish, demakki, Yangi Oʻzbekiston haqidagi tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladi. Ayniqsa, chet ellik ishbilarmonlar, investorlar, ekspertlar, davlat va nodavlat sektor vakillari uchun mamlakatimizdagi oʻzgarishlarga oid zarur maʼlumotlarni olishlarida qimmatli manbaga aylanishi mumkin. Bu, oʻz navbatida, davlatlar oʻrtasida nafaqat iqtisodiy hamkorlikni, balki “xalq diplomatiyasi”ni rivojlantirishga ham muhim hissa boʻlib qoʻshiladi, degan umiddamiz.

Darhaqiqat, ushbu kitob chop etilgan Germaniyaning “LAMBERT Academic Publishing” xalqaro ilmiy nashriyoti butun dunyoda oʻz mavqeiga ega nashriyotlar sirasiga kiradi. Har yili 5 mln.dan ortiq akademik ishlar, monografiyalar, ilmiy-tadqiqot loyihalari, ilmiy maqolalar, ijodiy ishlar chop etiladi. Shu bois mazkur nashriyotning jahon reytingidagi oʻrni ham ancha baland. Buni nashr etgan kitoblari 80 dan ortiq mamlakatlarda sotilayotgani misolida ham koʻrish mumkin. Bugungi kunda nashriyot amazon.com, libri.de, morebooks.de, umbreit.de, knigozal.com kabi yirik internet doʻkonlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер