Prezident: “Yuqori texnologiya va yangi kompetensiyalarni olib kirgan, eksportga ishlagan investor eng ishonchli hamkorimiz boʻladi”

12:36 26 Dekabr 2025 Siyosat
222 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentimiz Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida yurtimizdagi qulay biznes muhiti, demografik oʻsish, inson kapitaliga berilayotgan eʼtibor Oʻzbekistonni investorlar uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirayotganini aytib oʻtdi.

Joriy yilning oʻzida chet ellik hamkorlar bilan 140 milliard dollarlik yangi investitsiya kelishuvlariga erishildi. Kelgusi yilda 50 milliard dollar xorijiy investitsiyani jalb qilish moʻljallangan.

Bundan buyon har bir dollar investitsiya, eng avvalo, ilgʻor texnologiyalar transferi, tashqarida bozori aniq, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga, energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga, mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga oʻqitish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligi taʼkidlandi.

“Yaʼni yuqori texnologiya va yangi kompetensiyalarni olib kirgan, eksportga ishlagan investor eng ishonchli hamkorimiz boʻladi”, dedi davlatimiz rahbari.

Bunday strategik investorlarga loyiha uchun yerlar bozor qiymatida toʻgʻridan-toʻgʻri beriladi. Yer toifasi oʻzgarganida nobudgarchilik uchun toʻlovni 10-yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etiladi.

Yerni rasmiylashtirish, toifasini oʻzgartirish, qurilish va infratuzilmaga ulanishga ruxsatnoma olish uchun investorlar idorama-idora yurmaydi. Ularga “yagona darcha” tamoyili asosida kompleks xizmat koʻrsatadigan elektron platforma ishga tushiriladi va barcha vazirliklar unga ulanadi.

Erkin iqtisodiy zonalarga dunyoning mashhur brendlari jalb qilinadi. Ushbu zonalardagi korxonalar xalqaro texnik reglamentlar, ekologik va mehnat standartlarini qoʻllashi mumkin boʻladi.

Ular uchun maxsus investitsiyaviy, soliq, bojxona va huquqiy rejim joriy etiladi va xalqaro huquq doirasida arbitraj nizolarini koʻrib chiqish imkoniyati yaratiladi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bularning barchasi kelgusi besh yilda 180 milliard dollarlik xorijiy investitsiya hisobiga 1 million yuqori daromadli ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Har bir kelishuvni loyihaga aylantirish, sarmoyalarni qisqa fursatlarda jalb qilish va ularning samaradorligiga masʼul, faqat va faqat investitsiya bilan ishlaydigan alohida yangi tizim yaratilishi belgilandi. Bundan tashqari, mahalliy sanoat va kooperatsiyani rivojlantirish boʻyicha ham xuddi shunday alohida tizimni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.

“Umuman, iqtisodiyotni raqobatdosh qilish, investitsiyalar samaradorligini oshirish, sanoat tarmoqlarini texnologik transformatsiya qilish mutlaqo yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Buning uchun Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklarining faoliyati tubdan qayta koʻrib chiqiladi”, dedi Prezident.

Yangi texnologik bosqichga oʻtish va qoʻshilgan qiymat zanjirini kengaytirish boʻyicha sanoatni rivojlantirish dasturi boshlanadi.

Bu jarayonda kelgusi besh yilda sanoatda qoʻshilgan qiymatni hozirgi 36,5 milliard dollardan kamida 60 milliard dollarga yetkazish, yuqori va oʻrtadan yuqori texnologiyali tarmoqlardagi mahsulotlar hajmini 2,5 barobar oshirish marra sifatida belgilanadi.

Bunga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida 2026-yilda 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi. Kelgusi yilning oʻzida 14 milliard dollarlik 228 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi.

Masalan, Navoiydagi oltin konlarida maʼdan qazib olish boʻyicha 320 million dollarlik loyiha ishga tushirilib, qoʻshimcha 2 million tonna maʼdan qayta ishlanadi. Shuningdek, “Muruntov” konini oʻzlashtirishning navbatdagi bosqichi hamda kumush konlari boʻyicha 2 milliard 300 million dollarlik yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Natijada yiliga 18 million tonna maʼdanni qayta ishlash quvvati barpo etilib, 2030-yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?