Prezident sportchilarning ota-onalari, oila aʼzolarini ham olqishlab, ularga ezgu tilak bildirdi

18:59 13 Sentyabr 2024 Siyosat
408 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Paralimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuv oʻtkazayotgani haqida xabar bergan edik.

Unda qayd etilishicha, taekvondo boʻyicha terma jamoamiz birinchi marta Paralimpiya oʻyinlarida 3 ta medalni qoʻlga kiritdi va umumjamoa hisobida 3-oʻrinni egalladi.

Yengil atletika boʻyicha vakillarimiz esa birinchi marta 8 ta oltin medalni, yaʼni eng yuqori sovrinlarning 80 foizini egallaganlari alohida diqqatga sazovordir.

“Bir soʻz bilan aytganda, sizlar Oʻzbekiston Paralimpiya harakatining oltin avlodi sifatida maydonga chiqib, mamlakatimizga mislsiz ulkan yutuqlar olib keldingiz.

Mana, biz maqsad sari chin dildan intilsak, qanday buyuk marralarni egallashga qodirmiz!

Mana, biz birlashib, hamjihat boʻlib harakat qilsak, qanday buyuk xalq, qanday buyuk Vatanmiz!”, dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari bu gal ozgina omad yetishmagan boʻlsa-da, Vatanimiz sharafini bor kuch-gʻayrati bilan himoya qilgan, qizgʻin bellashuvlarda katta tajriba orttirgan sportchilarimiz – para dzyudochilar Turgʻun Abdiyev, Uljon Amriyeva, Shohruh Mamedov, Feruza Ergasheva va para kanoechi Shahzoda Mamadaliyevani ham samimiy tabriklab, kelgusi musobaqalarda ularning barchasiga zafar yor boʻlishini tiladi.

“Chindan ham, bu hayotda koʻp narsani hal qiladigan omil – bu yuksak iroda va matonatdir. Lekin odamning qalbiga mana shunday iroda va matonatni singdirish, uni tarbiyalab, kamolga yetkazish – bu albatta oson ish emas.

Ochiq aytish kerakki, bunday jasorat hammaning ham qoʻlidan kelmaydi. Oʻz oldingizga qoʻygan maqsadga erishish yoʻlida sizlarning boshqalarga qaraganda oʻn marta, balki yuz marta koʻproq mehnat qilishingizga, mashaqqat chekishingizga toʻgʻri kelganini ham men yaxshi anglayman.

Mana shunday murakkab damlarda sizlarning yuragingizga umid va ishonch, qatʼiyat va jasorat tuygʻusini bagʻishlagan, sizlar bilan yonma-yon turib, sizlarni doimo qoʻllab-quvvatlab, zafarli marralar sari ruhlantirgan fidoyi insonlar bor.

Bular – avvalo sizlarning mehribon ota-onalaringiz, yaqinlaringiz, jigarlaringizdir. Sizlar erishgan gʻalabalarda ularning ham albatta munosib hissalari bor”, dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari qahramon sportchilarimizning qahramon ota-onalari, oila aʼzolarini ham olqishlab, ularga eng ezgu tilaklari va hurmatini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер