“Prezident sovgʻasi” Namanganga yetib keldi
Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Yangi yil boʻsagʻada. Uni hammadan koʻproq bolajonlar intiqib kutadi. Oʻzbekiston Respublikasida yosh avlodga gʻamxoʻrlik va eʼtiborning yorqin ifodasi boʻlgan “Prezident archasi” bayram tantanalari farzandlarimiz uchun eng sevimli tadbirlardan biriga aylangani ham shundan. Bayramning joriy yilgi tadbirlarini mazmunli va koʻtarinki ruhda tashkil etish maqsadida, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tegishli vazirliklar va hokimliklar bilan hamkorlikda qator amaliy ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Mehribonlik va Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, “SOS – bolalar mahallalari”, Goʻdaklar uyi, Oilaviy bolalar uyidagi, shuningdek, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar, yurtimiz tinchligi yoʻlida qurbon boʻlgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining farzandlari uchun 12 turdagi oʻquv qurollari va 15 xil shirinlikdan iborat 647 dona Prezident sovgʻalari Namangan viloyatida ham qabul qilib olindi.
— Yangi yil sovgʻalari bolajonlar uchun Namangan musiqali drama teatri binosida tashkil etiladigan bayram kechasida tantanali ravishda oʻz egalariga topshiriladi, — deydi viloyat ijtimoiy himoya boshqarmasi masʼul xodimi Zulayho Zayniddinova. — Ijodiy jamoa ayni maqsadda kichkintoylar uchun zavqli tomoshalarga boy alohida badiiy dastur tayyorlagan. Bundan tashqari, tumanlarda ham yoʻqlov tadbirlari uyushtirilib, mutasaddi tashkilotlar vakillari ijtimoiy muhofazaga muhtoj xonadonlar farzandlari huzuriga sovgʻa-salom va qisqa mazmundagi tabrik bilan kirib boradi.
Aytish lozimki, viloyatda bayram tomoshalari hozirdan boshlab yuborildi. Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida qad rostlagan 43 metr balandlikdagi archa atrofida oʻgʻil-qizlarga moʻljallangan “Yangi yil sarguzashtlari” – ertak qahramonlari chiqishi hamda musiqiy dastur namoyish etilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring