Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Qahramoni Azim Latipov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

18:54 07 Iyun 2025 Jamiyat
180 0

Oʻzbekiston Qahramoni Azim Latipov vafoti munosabati bilan hamdardlik.

Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasi ogʻir judolikka uchradi. Taniqli fermer, “Azim Shofirkon yulduzi” fermer xoʻjaligining raisi, jamoat arbobi, Oʻzbekiston Qahramoni

Azim Shukurovich Latipov shu yil 6-iyunda 74 yoshida vafot etdi.

A.Latipov 1951-yil 5-iyunda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tugʻildi. Oʻrta maktabni, keyinchalik Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash texnikumini tugatgach, mehnat faoliyatini Shofirkon tumanidagi “Buxoro” jamoa xoʻjaligida mexanik sifatida boshladi va koʻp yillar davomida mazkur xoʻjalikda brigada boshligʻi lavozimida samarali ish olib bordi.

Oʻzining butun ongli hayoti va mehnat faoliyatini mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi rivojiga bagʻishlagan mehnatkash inson 1996-yildan boshlab “Buxoro” jamoa xoʻjaligi raisi sifatida ish yuritib, oʻzining boy bilim va tajribasi, tashkilotchilik va jonkuyarlik fazilatlari bilan koʻpchilikka ibrat va namuna boʻlib, murakkab iqlim sharoitida gʻalla hosildorligini ikki barobar oshirishga erishdi.

Yurtimizda fermerlik harakatini shakllantirishda alohida jonbozlik koʻrsatgan A.Latipov 2007-yilda “Azim Shofirkon yulduzi” fermer xoʻjaligini tashkil etdi va umrining oxiriga qadar uni muvaffaqiyatli boshqarib, tom maʼnoda ilgʻor va zamonaviy, koʻp tarmoqli xoʻjalikka aylantirdi. Zahmatkash fermerning saʼy-harakatlari, ezgu tashabbuslari bilan bu yerda oʻziga xos tajriba maktabi yaratilib, xoʻjalik chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, bogʻdorchilik va polizchilik yoʻnalishlarida ham samarali faoliyat yuritmoqda. Hududda kam taʼminlangan oilalarning uylari taʼmirlanib, ularga gʻalla va oziq-ovqat mahsulotlari homiylik asosida yetkazib berilmoqda.

Azim Latipov haqiqiy xalq oqsoqoli sifatida doimo el-yurtning dardu tashvishlari bilan yashadi. U uzoq yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzosi, Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashi deputati sifatida milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotimiz uchun zarur boʻlgan muhim qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga, hududda keng koʻlamli obodonchilik ishlarini olib borishga, aholi turmush darajasini yuksaltirishga katta hissa qoʻshdi.

A.Latipovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlandi. U “Shuhrat” medali hamda Vatanimizning oliy nishoni – “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan edi.

Atoqli fermer, taniqli jamoat arbobi, kamtarin va olijanob inson Azim Latipovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер