Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqini Oʻzbek tili bayrami kuni bilan tabrikladi

Qadrli vatandoshlar!
Yangi Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidan mustahkam oʻrin olgan qutlugʻ sana – Oʻzbek tili bayrami kuni bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni, chet ellardagi barcha yurtdoshlarimizni chin dildan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu shukuhli ayyomda bir fikrni alohida taʼkidlab aytmoqchiman: bundan sakkiz yil oldin mamlakatimizda boshlagan tom maʼnodagi tarixiy islohotlarimiz tufayli oʻzbek tili rivojida ham yangi davr boshlandi. Bu borada qabul qilingan farmon, qaror va dasturlar asosida uning davlat tili sifatidagi oʻrni va maqomini mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan, axborot texnologiyalari va xalqaro munosabatlar tiliga aylantirish boʻyicha katta ishlarni amalga oshirdik.
Xususan, yurtimizda geografik obyektlar nomlarini davlat tili meʼyorlariga muvofiqlashtirish izchil davom ettirilmoqda. Bugungi kunga qadar 250 mingga yaqin geografik obyekt, jumladan, 200 mingdan ortiq koʻcha nomlari davlat tiliga muvofiqlashtirilib, reyestrga kiritilgani, faqat keyingi ikki yilda togʻ va choʻqqilar, daryo, koʻl, suv omborlari, foydali qazilma konlari, metro bekatlari, temiryoʻl vokzali va stansiyalari, aeroport va avtostansiyalar singari 2 ming 600 ta obyekt davlat tili talablari asosida qayta nomlanganini qayd etish zarur.
Hozirgi shiddatli globallashuv jarayonlari, ilm-fan yutuqlari orqali hayotimizga keng miqyosda kirib kelayotgan yangi tushuncha va atamalarni tilimizga aniq qoida va tamoyillarga binoan qabul qilish, til siyosatini ilmiy asosda, markazlashgan holda yuritish maqsadida Atamalar komissiyasi faoliyati kuchaytirildi.
Xorijiy soʻz va iboralarni keng jamoatchilik, olim va mutaxassislar ishtirokida oʻzbekchalashtirish boʻyicha samarali mexanizm joriy etilib, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish uchun maxsus dasturiy taʼminot ishlab chiqilgani, elektron manbalar yaratilgani eʼtiborga sazovordir.
Shu oʻrinda bir fikrni yana taʼkidlashni oʻrinli, deb bilaman: kelajagimiz egasi boʻlgan yosh avlodimiz zamonaviy bilimlar, innovatsiya va taraqqiyot choʻqqilarini egallashi uchun albatta chet tillarini oʻrganishi lozim. Lekin ular milliy ruh, milliy tafakkur egasi, vatanparvar insonlar boʻlib voyaga yetishlari uchun, avvalo, oʻzbek tili va adabiyotini bolalikdan boshlab puxta bilishlari shart.
Shu maqsadda taʼlim tizimida oʻzbek tilini oʻqitishni takomillashtirishga jiddiy ahamiyat qaratmoqdamiz. Joriy yildan eʼtiboran tegishli milliy sertifikatga ega boʻlgan oʻzbek tili fani oʻqituvchilarining oylik maoshiga 50 foiz qoʻshimcha ustama berilayotgani, taʼlim boshqa tilda olib boriladigan maktablarning 11-sinf bitiruvchilari uchun davlat tili fanidan yakuniy imtihon topshirish belgilangani shu yoʻldagi muhim qadamdir.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish talabi rasman belgilangani ham tilimizning mavqeyini oshirishga xizmat qilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan oʻtgan davrda 72 nomda qomus, lugʻat va qoʻllanmalar koʻpming nusxalarda chop etilib, davlat idoralari va taʼlim muassasalariga taqdim etildi.
Ayniqsa, olti jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”, toʻrt jildli “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, besh jildli “Navoiy tili lugʻati” va boshqa nashrlar yetakchi xorijiy universitetlarning kutubxonalari, jahondagi oʻzbek tili markazlari va klublariga yetkazib berilayotgani saflari tobora kengayib borayotgan oʻzbek tili doʻstlarini mamnun etmoqda.
Biz inklyuziv jamiyat barpo etish tamoyillarini til sohasidagi davlat siyosatimizda ham muvaffaqiyatli joriy etib, mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillarining ona tillarini rivojlantirishga muhim ahamiyat bermoqdamiz. Ayni vaqtda ularning davlat tilini oʻrganishlari uchun ham zarur sharoitlar yaratyapmiz. Bugungi kunda oʻzbek tili davlat tili sifatida mamlakatimizdagi barcha millat va elat vakillarini jipslashtirishga xizmat qilayotgani birgalikda olib borayotgan saʼy-harakatlarimiz natijasi, desak, toʻgʻri boʻladi.
Aziz doʻstlar!
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, oʻzbek tilining jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini mustahkamlash, uni xalqaro miqyosda keng targʻib etish borasida oldimizda turgan muhim vazifalarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Bu borada, avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu bayram arafasida qabul qilingan “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida koʻrsatib oʻtilgan asosiy maqsad va vazifalarni oʻz vaqtida, samarali amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, ushbu qaror bilan tasdiqlangan “2020–2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026-yillarda amalga oshirish dasturi”ni hayotga joriy etishda nafaqat masʼul va mutasaddi tashkilotlar, balki barchamiz faol ishtirok etishimiz zarur.
Bu haqda soʻz yuritganda, raqamli olamda oʻzbek tilida sifatli, ilmiy asoslangan, qiziqarli axborot va maʼlumotlarni koʻpaytirish, xususan, global elektron ensiklopediya va platformalarni davlat tilidagi ilmiy-ommabop maqolalar bilan boyitish, onlayn lugʻatlarni takomillashtirish ham diqqatimiz markazida boʻlishi lozimligini aytib oʻtmoqchiman. Hayotimizda sunʼiy intellekt taʼsiri ortib borayotgan bir paytda bu qudratli vosita yordamida ona tilimizni rivojlantirish va targʻib etish – davr talabidir.
Oʻzbek tilining boy imkoniyatlari asosida xalqimiz tafakkuriga mos va jozibador milliy brendlar yaratish, mahsulotlarimizni tashqi bozorga olib chiqish marketing sohasida asosiy yoʻnalishga aylanishi zarur. Bu borada vatanparvar tadbirkorlarimiz alohida jonbozlik koʻrsatadilar, deb ishonaman.
Bundan oʻttiz yil oldin qabul qilingan Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalarini qayta koʻrib chiqish ham kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarimiz qatoriga kiradi. Shuningdek, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz oʻrtasida til madaniyati va savodxonlikni targʻib qilishga qaratilgan zamonaviy va taʼsirchan media mahsulotlarni koʻpaytirish lozim. Ayniqsa, farzandlarimizni ona tilimizga mehr qoʻyib, uning beqiyos boyligi va imkoniyatlaridan bahramand boʻlishga oʻrgatish maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyaning ajralmas bir qismidir. Bu dolzarb masala ijodkor ziyolilarimiz, taʼlim-tarbiya, madaniyat, yoshlar, mahalla, xotin-qizlar tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatida doimo markaziy oʻrinda turishi, butun jamiyatimizda umummilliy harakatga aylanishi kerak.
Bir soʻz bilan aytganda, barcha sohalarda boʻlgani kabi ona tilimizni rivojlantirishda ham biz keng jamoatchiligimizning amaliy fikr va takliflariga, faol ishtirokiga tayanamiz.
Muhtaram vatandoshlar!
Siz, azizlarni bugungi quvonchli bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sogʻlik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, baxt-saodat va fayzu baraka tilayman.
Milliy oʻzligimiz timsoli boʻlgan jonajon oʻzbek tilimiz yanada ravnaq topsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring