Prezident Senat oldida qanday dolzarb vazifalar turgani yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi

11:52 19 Noyabr 2024 Siyosat
123 0

Yangilangan Konstitutsiyamizda Senat bilan Qonunchilik palatasi vakolatlaridagi takroriy holatlar bartaraf etilib, ularning har biriga tegishli vazifalar aniq koʻrsatildi.

Senat qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Ayniqsa, qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun boʻyicha ularning fikrini olish amaliyotini yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega.

Hududlarning oʻziga xos xususiyat va imkoniyatlari hisobga olinmagan qonunlar quyi boʻgʻinda samarali ishlamasligi bois, Davlatimiz rahbari Qonunlarni parlament qoʻmitalarida koʻrib chiqishda vazirlik va idoralar vakillari bilan emas, balki mahalliy kengashlar deputatlari bilan koʻproq ish olib borilsa, adolatdan boʻlishini taʼkidladi.

Eng muhimi, qonunlarda hududiy va umumdavlat manfaatlari uygʻun boʻlishiga erishish lozim.

Soʻnggi yillarda keng koʻlamli demokratik islohotlar tufayli Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrni yaxshilanib bormoqda.

Mamlakatimiz reytingi qonun ustuvorligi boʻyicha 8, elektron hukumat boʻyicha 18, iqtisodiy erkinlik boʻyicha 49, logistika va innovatsiya boʻyicha 10 pogʻona yuqori koʻtarildi.

Bunday muhim yutuqlarni eʼtirof etgan holda, ayni vaqtda bu yoʻnalishlarda hali yana koʻp ish qilinishi zarurligi taʼkidlandi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston nufuzli xalqaro minbarlardan katta-katta tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Ularning mazmun-mohiyatini xalqimizga, xorijiy va mahalliy ekspertlarga yetkazishda senatorlarimiz faol boʻlishlari lozim. Ammo, afsuski, ularning bu boradagi roli yetarli darajada sezilmayotgani qayd etildi.

Yuqori palataning yangi tarkibi mazkur yoʻnalishdagi faoliyatini yaxshilashiga umid bildirildi.

Mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama koʻmaklashish Senatning ustuvor vazifasi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Endi xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan kengash raislari boshchilik qiladi. Prezidentimiz ushbu siyosiy islohot orqali xalqimizning 30-yillik orzusi roʻyobga chiqqanini taʼkidladi.

Bu yil hokimlarning 33 ta vakolati kengashlarga olib berildi, yana 17 ta vakolatni oʻtkazish reja qilingan. Misol uchun, ichimlik suvi tarifiga ustama, davlat obyektlari va bozorlarda ijara toʻlovlari kabi jami 7 turdagi mahalliy yigʻimlar miqdorini tasdiqlash vakolati ham mahalliy kengashlarga oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, kengash soʻrovi va kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Mahalliy kengashlar tomonidan har yarim yilda qilingan ishlar boʻyicha matbuot anjumanlari oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsa, bu ularning faoliyatida oshkoralik va hisobdorlikni kuchaytirishi koʻrsatib oʻtildi.

Ushbu chora-tadbirlarning barchasi mamlakatimizda davlat boshqaruvini quyi boʻgʻinga tushirish, ularni aholiga yaqinlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganidan dalolat beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?