Prezident Qoraqalpogʻistondagi qoʻshma korxonaning yangi loyihasi bilan tanishdi

13:25 19 Avgust 2024 Siyosat
170 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifini sanoat salohiyati bilan tanishishdan boshladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Nukus Elestroapparat” qoʻshma korxonasi 2017-yilda ishga tushgan, unda elektr energiyasi tarmogʻi uchun kuchlanish qurilmalari ishlab chiqariladi. Joriy yil iyunda bu yerda 10 million dollardan ziyod mablagʻ evaziga quyosh panellarini yasash loyihasi ishga tushirildi. Uskunalar Koreya Respublikasidan keltirib oʻrnatildi. Ishlab chiqarish jarayoni 100 foiz avtomatlashtirilgan. Loyihaning yillik quvvati 273 ming dona.

Bu mamlakatimizda muqobil energetikadan foydalanish borasidagi ishlarda qoʻl keladi. Hozirgacha turli inshoot va xonadonlarda 600 megavatt quvvatli quyosh panellari oʻrnatilgan. Bu hali davom etadi.

Qoʻshma korxona ichki bozorda talab yuqori mahsulotni mahalliylashtirish bilan birga 4 million dollarlik eksport imkoniyatiga ham ega boʻldi. 70 kishi ish bilan taʼminlandi.

Davlatlarimiz rahbari ish jarayonini koʻzdan kechirdi, xodimlar bilan suhbatlashdi. Mutasaddilarga bunday korxonalarni koʻpaytirish, ularda bozor talabi yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shu yerda tarmoq korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi.

Zavodning oʻzida ham 125 kilovatt quvvatli quyosh panellari oʻrnatilgan. Undan olingan elektr ichki ehtiyojlar uchun ishlatiladi, ortiqchasi hududiy elektr tarmogʻiga sotiladi.

Soʻnggi yillarda yurtimizda 2 milliard dollar investitsiya hisobiga quvvati 2,6 gigavatt 10 ta quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Shuningdek, umumiy qiymati 19 milliard dollar boʻlgan 18,6 gigavattli 32 ta “yashil” loyiha boʻyicha ish olib borilmoqda. Umuman, 2030-yilgacha energetika balansida qayta tiklanuvchi quvvatlar ulushini 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер