“Prezident kubogi 2024”: Nodirbek Abdusattorov turnir gʻolibi boʻlishi deyarli imkonsiz

Toshkent shahridagi Xalqaro shaxmat akademiyasida davom etayotgan nufuzli “Prezident kubogi” xalqaro musobaqasining 7-tur uchrashuvlari ortda qoldi. 7-turning markaziy uchrashuvida birinchi raqamli shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov (2777) hindistonlik Puranik Abhimanyu (2682) bilan durang oʻynadi. Bu natija Nodirbekning chempionlik imkoniyatlarini pasaytirgan boʻlsa-da, uning umidi hali soʻnmagan. Nazariy jihatdan hali imkoniyat saqlanib qolgan, ammo amalda buni uddalashi boshqa shaxmatchilarga bogʻliq boʻlib qoladi.
Peshqadamlikni qoʻlga kiritgan Ortiq Nigʻmatov (IM, 2447) 7-turda qora donalarda hindistonlik grossmeyster Nihal Sarin (2676)ga magʻlub boʻldi va 5-oʻringa tushib ketdi. Nihal Sarin esa ushbu gʻalaba tufayli hisobidagi ochkolarni 6 taga yetkazib, 2-oʻringa koʻtarildi. Qizgʻin kurashdan keyin har ikki shaxmatchining keyingi turdagi oʻyinlari muxlislar eʼtiborida boʻladi.
Bu turda ham oʻzbek shaxmatchilari oʻrtasidagi derbi koʻtarinki tarzda oʻtdi. Shamsiddin Vohidov (2681) Nodirbek Yakubboyev (2668)ga qarshi bahsda murosasiz gʻalabaga erishib, turnirdagi maqomini yaxshiladi. Bu ularning shaxsiy hisobdagi 32-uchrashuvi boʻldi. Shamsiddin yutqaziq vaziyatni gʻalabaga aylantira oldi. Bu gʻalabaning ahamiyati u uchun juda muhim edi. Bu orqali Shamsiddin amalda terma jamoamizning 3 shaxmatchisi ekanligini isbotladi.
Javohir Sindarov (2682) esa 7-turda hindistonlik Sankalp Gupta (2539)ni magʻlub etib, 6 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlikni qoʻlga kiritdi. Musobaqada ikkinchi raqamli shaxmatchi Parham Maqsudlu (Eron, 2712) hind shaxmatchisi Nilash Saha (2458) bilan durang oʻynab, 5 ochko bilan sovrinli oʻrinlar uchun kurashni davom ettirmoqda. Nilash Saha esa 5,5 ochko bilan 4-oʻrinda.
Bugun, 8-turda ham qizgʻin bahslar kutilmoqda. Asosiy uchrashuvlarda Nodirbek Abdusattorov (GM, 2777) Xitoy shaxmatchisi Syuy Mingxui (IM, 2405) bilan roʻbaroʻ kelsa, peshqadam Javohir Sindarov (GM, 2682) Nihal Sarin (GM, 2676)ga qarshi kurashadi. Ortiq Nigʻmatov esa Sankalp Gupta bilan gʻalaba uchun kuch sinashadi. Kutilgan ushbu oʻyinlar musobaqaning keyingi natijalariga katta taʼsir koʻrsatishi aniq.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring