Prezident Kubogi – 2024: Abdusattorov bitta durang bilan 3-oʻringa tushib ketdi. Bugun u peshqadamga qarshi dona suradi

11:31 25 Noyabr 2024 Sport
288 0

Poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida oʻtkazilayotgan Prezident Kubogi xalqaro musobaqasining 4-tur bahslari yakunlandi. 75 ming AQSH dollari mukofot jamgʻarmasiga ega ushbu turnirda dunyoning yetakchi grossmeysterlari bosh sovrin uchun kurash olib bormoqda. Musobaqa jadvalida qoʻshimcha koʻrsatkichlarga koʻra Ortiq Nigʻmatov peshqadamlikni ushlab turibdi.

4-turda Ortiq Nigʻmatov (2447) grossmeyster Javohir Sindarov (2682) bilan durang oʻynab, har ikki shaxmatchi oʻz ochkolarini 3,5 taga yetkazishdi. Turnirning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov (2777) esa hindistonlik Murali Kartikyan (2625) bilan durang oʻynab, oʻz hisobidagi ochkolar sonini 3,5 taga yetkazdi. Shunga qaramasdan, bu natija Nodirbekni turnir jadvalida uchinchi oʻringa tushib qolishiga sabab boʻldi.

Boshqa shaxmatchilarimizdan Shamsiddin Vohidov (2681) rossiyalik Artem Uskov (2430) bilan durang oʻynadi. Nodirbek Yakubboyev (2668) qirgʻizistonlik Eldiyar Orozbayevni magʻlub etdi va ochkolarini 3 taga yetkazib oldi. Oʻz navbatida, Ulugʻbek Tillayev va Muhiddin Madaminov ham 3 ochkodan jamgʻarib, jadvalning oʻrta qismida ishtirok etayotgan shaxmatchilar orasida peshqadamlardan biri boʻlib turibdi.

Hindistonlik Murali Kartikyan Nodirbek Abdusattorovdan ochko tortib olib, ikkinchi oʻringa koʻtarildi. U bilan bir qatorda, Javohir Sindarov, Ivan Zemlyanskiy va Nihal Sarin ham 3,5 ochko bilan yuqori oʻrinlarni egallab turibdi. Turnirning ikkinchi raqamli shaxmatchisi, eronlik Parham Maqsudlu esa 3 ochko bilan 14-oʻringa tushib qolgan.

Bugun oʻtkaziladigan 5-tur jangovar kechishi kutilmoqda. Xususan, ushbu turda Ortiq Nigʻmatov va Nodirbek Abdusattorov oʻzaro yetakchilikka oydinlik kiritadi. Shuningdek, yaqindagina grossmeyster unvoniga ega chiqqan Madaminov Muhiddin tajribali Parham Maghsoodlooga qarshilik qilib koʻradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер