Prezident huzuzrida qishloq xoʻjaligini moliyalashtirish va agrar sohani subsidiyalash rejalari koʻrib chiqildi

16:42 09 Dekabr 2025 Siyosat
183 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev paxtachilik va gʻallachilikni moliyalashtirishni samarali tashkil etish hamda agrar sohada subsidiyalar ajratishning yangi tizimi haqidagi taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimot avvalida joriy yilda sohaga yoʻnaltirilgan moliyaviy resurslar va ularning natijalari to‘g‘risida axborot berildi.

Qayd etilganidek, paxtachilik va gʻallachilikni moliyalashtirish, qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlash va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga jami 29 trillion soʻm ajratildi. Sohaga 2,35 trillion soʻm subsidiyalar yoʻnaltirildi.

Oʻz mablagʻidan paxta yetishtirgan xoʻjaliklarga paxta qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratilishi natijasida 3430 fermer va klasterlar 151 ming gektar maydonda oʻz mablagʻi hisobidan paxta yetishtirdi va 1,9 trillion soʻm resurs tejaldi.

Yoki paxta yetishtirishga olingan kreditni joriy yil yakuniga qadar toʻliq qaytargan fermerlarga foiz toʻlovining 4 foiz bandini qaytarib berish imkoniyati tufayli 9002 nafar fermer 2,5 trillion soʻm imtiyozli kreditlarni muddatidan oldin qaytardi.

Kelgusi yilda paxta va gʻalla hosili, subsidiya va boshqa xarajatlarga jami 34,2 trillion soʻm ajratish rejalashtirilgani, qoʻshimcha 200 million dollar mablagʻ jalb qilib, 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinishi maʼlum qilindi. Bu borada joriy qilinishi taklif etilayotgani yangi qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari koʻrib chiqildi.

Jumladan, 2026-yilda agrotexnik tadbirlar, shu jumladan, plyonka va egiluvchan quvurlar uchun qoʻshimcha 5 trillion soʻm ajratish taklif qilindi. Hosil yetishtirishda kredit limitining 50 foizigacha foydalanganda, sotilgan paxta qiymatining 5 foizi miqdorida subsidiya ajratilsa, oʻz mablagʻi va qisman kredit hisobidan hosil yetishtiradigan fermerlar soni 4-4,5 mingga yetishi va ularning 2,5-3 trillion soʻm mablagʻi iqtisod boʻlishi taʼkidlandi.

Hozirda fermerlarga kredit ajratishda moliyaviy barqaror xoʻjaliklarga ham, toʻlov intizomiga rioya etmayotganlariga ham bir xil foiz stavkasi qoʻllanmoqda. Shu bois, fermerlar orasida “intizomli boʻlish – arzon kredit” modelini shakllantirish uchun “A” kredit reytingiga ega xoʻjaliklarga 2 foizga, “B” toifadagilarga 1 foizga pasaytirilgan stavkada kredit ajratish va shu orqali intizomli fermerlarning kredit yukini kamaytirish taklif qilindi.

Bundan tashqari, oʻz mablagʻi hisobidan bugʻdoy yetishtirgan fermerlarga uning qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratish tashabbusi bildirildi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, fermerlarni rag‘batlantirish, ularda ishonch va iqtisodiy manfaatni kuchaytirish – qishloq xo‘jaligi rivojining asosiy tayanchi hisoblanadi, shu bois agrar sohada qo‘llab-quvvatlash vositalari doimiy ravishda kengaytirib boriladi.

Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil 22-noyabrdagi “Agrar sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, agrar sohada davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Agrar sohada toʻlovlar agentligi tashkil etildi.

Taqdimotda agentlikka yuklatilgan vazifalar ijrosi qanday tashkil etilishi koʻrib chiqildi.

Hozirgi vaqtda qishloq xoʻjaligida 52 turdagi subsidiya ajratilmoqda. Yangi tizimda ushbu jarayon tubdan soddalashtirilib, inson omili tubdan qisqartirilib, byurokratiya kamaytiriladi, arizalarni koʻrib chiqish toʻliq raqamlashtiriladi va barcha jarayonlar “Agroportal” orqali amalga oshiriladi.

Buning uchun “Agrosubsidiya” axborot tizimiga 10 dan ortiq vazirlik va idoralarning axborot tizimlari integratsiya qilinadi.

Jumladan, 2026-yil uchun moʻljallangan 1,3 trillion soʻmlik subsidiyalarni talabgorlar ishtiroki zarur boʻlmagan holda davlat idoralari tomonidan proaktiv tarzda, qolgan subsidiyalar ayrim kelishish, xulosa olish va hujjatlarni rasmiylashtirish bosqichlarini chiqarib tashlagan holda soddalashtirilgan tartibda, ortiqcha ovoragarchiliksiz beriladi. Natijada subsidiya ajratish muddatlari keskin qisqaradi.

Davlatimiz rahbari moliyalashtirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, subsidiyalarning manzilliligi va tezkorligini taʼminlash, barcha jarayonlarni raqamlashtirish va fermerlar uchun qulay sharoit yaratish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?