Prezident aviatsiya sohasidagi davlat korxonalari transformatsiyasi boʻyicha taqdimot bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-fevral kuni aviatsiya sohasidagi davlat korxonalari transformatsiyasi boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda aviatsiya xizmatlari bozorida xususiy sektorga keng yoʻl ochildi. Aviakompaniyalar soni 15 taga, jumladan, xususiylari 10 taga yetdi. Oʻtgan yilning oʻzida 28 ta yangi samolyot olib kelindi. Bularning natijasida oxirgi yetti yilda reyslar 2 barobar koʻpaygan. Samarqand aeroporti xususiy sheriklikka berilgani hisobiga yoʻlovchi oqimi 4 karra oshib, 1 millionga yetgan.
Shunga qaramasdan, oʻtgan yili aviatsiya xizmatlari hajmi bor-yoʻgʻi 11,6 foiz oʻsgan. Mamlakatimiz strategiyasida 2030-yilga qadar aviaqatnovlar sonini 4 karra oshirish rejalashtirilgan. Unga erishish uchun sohada yillik oʻsish surʼatlari 20 foizdan kam boʻlmasligi kerak.
Bu infratuzilma, boshqaruv, narx va sifat borasida tizimli ishlarni talab etadi. Yurtimizda avia chiptalar narxi nisbatan qimmat. Ham hududiy, ham xorijiy reyslar soni talabga qaraganda kam. Parvozlarning asosiy qismi haligacha Toshkent va Samarqand aeroportlariga toʻgʻri keladi. Aeroportlarda havo kemalari va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish imkoniyatlari cheklangan, qoʻshimcha xizmatlardan daromad jami tushumning bor-yoʻgʻi 7 foizini tashkil qiladi. Toshkent, Navoiy, Namangan aeroportlari tranzit salohiyati toʻliq ishga solinmayapti.
Taqdimotda “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airrorts” aksiyadorlik jamiyatlarida transformatsiya jarayonlarini tezlashtirish, xizmat turlari va daromadni koʻpaytirish boʻyicha joriy yilgi rejalar bayon qilindi.
Xususan, milliy aviakompaniyaga xalqaro kredit reytingini olib, uni “IPO”ga chiqarish jarayoni boshlanadi. Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlari xususiy boshqaruvga berilib, modernizatsiya qilinadi. Joriy yilda reyslar soni 20 foizga oshiriladi.
Sohada xarajatlarni 20 foizga qisqartirish choralari koʻriladi. Yoqilgʻi sarfi yuqori boʻlgan eski samolyotlar sotilib, zamonaviy va tejamkor havo kemalari olib kelinadi. 72 ta yoʻnalish boʻyicha optimal parvozlar marshrutini tanlash orqali yoqilgʻi sarfi sezilarli kamaytiriladi. Foydalanilmayotgan va daromad keltirmayotgan aktivlar sotuvga chiqariladi.
Mutasaddilarga xarajatlarni qisqartirish dasturini tasdiqlab, xizmatlar raqobatdoshligini oshirish, xususiy sheriklik loyihalarini tezlashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Aeroportlarda qoʻshimcha xizmatlarni koʻpaytirish, Navoiy aeroportida samolyotlarga texnik xizmat koʻrsatishni rivojlantirib, uning salohiyatini toʻliq ishga solish zarurligi taʼkidlandi.
Davlat aviakompaniyalariga xorijiy malakali mutaxassislarni jalb qilish, shuningdek, kadrlar tayyorlashni yaxshilash masalalari ham aytib oʻtildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etiladi
- Qoraqalpogʻistondagi ikkita oliy taʼlim muassasasi oʻz faoliyatini tugatadi, ammo…
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring