Praga shahrida Oʻzbekiston va Chexiya ishbilarmon doira vakillarining biznes-forumi boʻlib oʻtdi

21:20 15 Yanvar 2024 Siyosat
662 0

Oʻzbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulligi tomonidan Chexiyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Pragada biznes-forum tashkil etildi.

Tadbirda Chexiya Sanoat va savdo vazirligi, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha Savdo-sanoat palatasi, mutasaddilari, shuningdek, yirik chex kompaniya va tadbirkorlari, “UZBIC” Oʻzbekiston biznes va sanoat kengashi nodavlat tashkiloti rahbariyati va kengashga aʼzo 11 ta eksportbop mahsulot ishlab chiqaruvchi oʻzbek korxonalari vakillari ishtirok etdi.

Forum davomida “UZBIC” aʼzolari va yetakchi Chexiya kompaniyalari vakillari oʻrtasida V2V formatida muzokaralar tashkil etildi. Tomonlar farmatsevtika, elektronika va elektrotexnika, energetika, toʻqimachilik va kimyo sanoati, logistika, qurilish va boshqa istiqbolli sohalarda konstruktiv muloqot oʻrnatish hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning aniq yoʻnalishlarini belgilab oldilar.

Oʻzbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi bosh konsuli Olimjon Abdullayev tadbirdagi nutqida respublikamizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli tarkibiy oʻzgarishlar haqida maʼlumot berdi. Milliy iqtisodiyotning ochiqligi va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga alohida eʼtibor qaratildi. “Oʻzbekiston–2030» strategiyadagi belgilangan maqsadlar mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, xorijiy hamkorlar uchun barqaror sarmoyaviy muhitni taʼminlash koʻzda tutilgani alohida taʼkidlandi.

Chexiyaning Gʻarbiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha savdo-sanoat vakillari oʻz navbatlarida soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekiston-Chexiya hamkorligi sezilarli faollashganini yuqori baholadilar. Joriy yilda har ikki davlat hukumat rahbarlarining oʻzaro tashriflari, Oʻzbekiston tomoni vakillari bilan xalqaro miqyosdagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kuchli turtki berganini taʼkidladi. Chex tomoni, shuningdek, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.

Tadbir Oʻzbekiston va Chexiya biznes vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchun muhim platforma vazifasini bajardi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?