Pokistonlik oliy toifali murabbiy ishtirokida kriket murabbiylarini tayyorlash boʻyicha oʻquv-yigʻin boshlandi

23:33 07 Noyabr 2022 Sport
732 0

Mamlakatimizda sportning kriket sport turini keng ommalashtirish, mazkur sport turi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha Oʻzbekiston kriket federatsiyasi tomonidan amaliy ishlar boshlab olib borilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Kriket federatsiyasi kriket boʻyicha ikki bosqichli murabbiylarni (Level-1 Criket Coaching) tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda viloyatlarda jismoniy tarbiya oʻqituvchilari, sport maktablari murabbiylarini jalb qilgan holda oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarini boshladi. 

Ushbu ikki bosqichli oʻquv-seminarga Pokiston Islom Respublikasidan taklif etilgan kriket boʻyicha oliy toifali murabbiy Tohir Muhammad hamda OʻKF raisi Aziz Mixliyevlar olib bormoqda. Ayni paytda mutaxassislar tomonidan Buxoro viloyatida 18 nafar jismoniy tarbiya va sport mutaxassislari ishtirokida birinchi bosqich murabbiylik kursi oʻtkazildi va yakunda ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Ushbu tartibdagi oʻquv-seminarlari Oʻzbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vazirligi hamda Oʻzbekiston Kriket federatsiyasining taqvim-rejasiga koʻra, noyabr oyida Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Fargʻona, Andijon va Toshkent viloyatida boʻlib oʻtadi.

Shuningdek, joriy yil dekabr oyida Oʻzbekiston Kriket federatsiyasi Xalqaro Kriket Kengashining (ICC) mutaxassislarini jalb qilgan holda ikkinchi bosqich oʻquv-seminarlarini oʻtkazadi. Bunda seminar ishtirokchilari oʻquv-mashgʻulotlarni yakunlagach, imtihon topshirishadi va imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtgan tinglovchilar Xalqaro Kriket Kengashining birinchi bosqichli xalqaro kriket murabbiyi guvohnomasiga ega boʻlishadi. 

Muhim jihati, birinchi bosqich xalqaro kriket murabbiylik guvohnomasini qoʻlga kiritgan murabbiylar nafaqat mamlakatimizda balki xorijiy davlatlarda ham kriket boʻyicha murabbiylik qilish imkoniyatiga ega boʻlishadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?