Pokistondan import qilingan katta miqdordagi mandarin partiyasida zararkunandalar borligi aniqlandi

12:16 23 Dekabr 2024 Jamiyat
177 0

Import boʻlgan mahsulotlar uchun rasmiylashtirilgan 30 dan ortiq fitosanitar sertifikatlar qalbaki boʻlib chiqdi.

Har yili qish mavsumida respublikada sitrus mevalariga boʻlgan talab yuqori boʻlib, mazkur turdagi mahsulotlarning import hajmi ortadi. Mevalarning katta qismi Oʻzbekistonga Pokistondan import qilinadi. Tabiiyki, olib kirilgan karantin ostidagi mahsulotlar karantin nazoratidan oʻtkaziladi.

Bir necha kun avval “Ayrtom” chegara oʻtkazish punkti orqali 26 ta transport birligida Pokiston davlatidan olib kirilgan mandarin partiyasida karantinosti zararkunanda borligi maʼlum boʻldi.

Mahsulotlardan namunalar olinib, Agentlikning Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertiza oʻtkazildi. Tahlil natijasida import mevada .”Qizil pomeranes” qalqondori mavjudligi aniqlandi.

Mazkur turdagi hasharot limon, xurmo, anjir, olma, olxoʻri, zaytun, uzum kabi oʻsimliklarning shirasi bilan oziqlanib, ularning hosildorligiga taʼsir koʻrsatadi. Asosan Pokiston, Afgʻoniston, Jazoir, Angola, Gvineya, Misr, Tanzaniya, Janubiy Afrika hududida tarqalgan.

Holatga oydinlik kiritish maqsadida Karantin agentligi Pokiston karantin xizmati bilan bogʻlanganda Pokiston tomoni dekabr oyida Oʻzbekistonga mandarin eksporti uchun fitosanitariya sertifikati rasmiylashtirib berilmaganini bildirgan.

Agentlik maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston va Pokiston milliy karantin xizmatlari oʻrtasida elektron hujjatlar almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan. Qalbaki sertifikatlar mazkur elektron tizim orqali ham tekshirildi va fitosanitariya sertifikatlari qalbaki boʻlgani aniqlandi.

Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, endilikda Pokistondan olib kirilishi rejalashtirilgan barcha karantin ostidagi mahsulotlar uchun berilgan fitosanitariya sertifikati haqqoniyligi chegara maskanlarida Karantin agentligining E-Fitouz avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tekshirilib, Pokistonning elektron bazasida ushbu fitosanitariya sertifikati mavjudligi tasdiqlangandan soʻng mahsulotlar olib kirilishiga ruxsat berilishi belgilandi.

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi Pokistondan mandarin eksporti uchun import karantin ruxsatnomasi rasmiylashtirilishi vaqtinchalik toʻxtatilgani haqida ogohlantirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер