Poytaxtlik shifokorning Kitob tumanida malaka oshirgani islohotlarning yaqqol samarasi emasmi? — SSV birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatov

19:31 12 Sentyabr 2022 Jamiyat
457 0

Arxiv surat

Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi “Dr.Boboev health center” xususiy klinikasi qoshida tashkil etilgan nodavlat vrachlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazida ilk bitiruvchilarga sertifikatlar topshirildi.

Joriy yilning 18-mart kuni Prezidentimiz tibbiyot xodimlari bilan oʻtkazgan ochiq muloqotida yirik va nufuzli xususiy shifoxonalarga ham shifokor va hamshiralar malakasini oshirish hamda qayta tayyorlashga ruxsat berilishini alohida taʼkidlagan edi.

Tajribali urolog II darajali “Salomatlik” ordeni sohibi Alisher Boboyev tashkil etgan xususiy klinika jamoasi bu tashabbusga birinchilardan boʻlib “labbay” deb javob berdi.

Klinikaga joriy yilda Vazirlar Mahkamasidan “Nodavlat kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash faoliyati”ga ruxsat olingan edi. Endilikda bu jamoa davolash ishlari bilan birgalikda kadrlar tayyorlash faoliyati bilan ham shugʻullanib, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ham oʻz hissasini qoʻshmoqda. Buning uchun ushbu markazda 1 nafar tibbiyot fanlari doktori va 3 nafar tibbiyot fanlari nomzodi faoliyat yuritmoqda.

Foto: Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati

Bugun bu yerdagi nodavlat markazda vohamiz bilan bir qatorda mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan kelgan 8 nafar shifokor “ilk qaldirgʻochlar” sifatida endourologiya boʻyicha uch oylik oʻquv kurslarini yakunlashdi.

— “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil, malakali tibbiy xizmatni xalqimizga yanada yaqinlashtirish borasidagi ezgu maqsadlarimiz, islohotlar samarasining amaldagi yaqqol ifodasini mana shu yerda koʻrib turibmiz, — dedi tadbirda onlayn tarzda ishtirok etgan Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatov. — Poytaxtdagi mutaxassis olis togʻ tumaniga borib mahorat oʻrganadi, desa shu paytgacha birov ishonarmidi? Bugun shu markazda tahsil olgan shifokorlarimiz orasida Buxoro, Samarqand, Jizzax, Xorazm va hatto toshkentlik mutaxassislar bor. Alisher Shukrullayevich boshchiligidagi fidoyi jamoa mamlakatda birinchilardan boʻlib xususiy sektorda mutaxassislar malakasini oshirish va tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali order tizimi asosida xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻydi.

— Bu yerda mavjud imkoniyatlar, xususan, murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻrganish uchun tashkil etilgan maxsus zamonaviy simulyatsiya markazi tinglovchilarimiz mahoratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi, — deydi nodavlat vrachlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Abdumalik Abdurizayev. — Qolaversa, ular klinikaning tajribali endourologlari qatorida amaliyotlarda ishtirok etib, bilim va tajribalarini mustahkamladi. Malaka oshiruvchilar orasida orasida nufuzli tibbiyot muassasalari boʻlim boshliqlaridan tortib xususiy klinikalar rahbarlarigacha borligi bizni juda quvontiradi.

— Markazimizda tashkil etilgan 2017-yildan buyon oʻtkazilgan 7913 ta amaliyotning 6028 tasi endourologik operatsiya hisoblanadi, — deydi klinika rahbari Alisher Boboyev. — Kelgusida markazda laparoskopiya hamda robotlar amaliyoti boʻyicha maxsus sikllar yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?