Poytaxtlik shifokorlar Turkiyadan qanday ilgʻor tajribalarni oʻrganib qaytdi?

16:19 05 Oktyabr 2023 Jamiyat
265 0

Mamlakatimiz Turkiya bilan tibbiyotning koʻplab yoʻnalishlarida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Joriy yil avgust oyida oʻtkazilgan Oʻzbekiston — Turkiya sogʻliqni saqlash forumi bu boradagi aloqalarni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qildi.

Xususan, ushbu tadbirda kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish, oʻzaro talabalar va mutaxassislar alashinuvini yoʻlga qoʻyish borasida hamkorlik qilish boʻyicha qator ikki tomonlama memorandum va shartnomalar imzolangan edi.

Ana shu kelishuvlar ijrosi doirasida bugunga qadar Buxoro davlat tibbiyot instituti talabalari hamda yurtimizdagi qator davolash muassasalarining shifokorlari va hamshiralari oʻqish, malaka oshirish, amaliyot va stajirovka oʻtash uchun Turkiyaga yuborildi.

Yaqinda esa poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻi S. Xusanova boshchiligidagi xodimlar ham ushbu mamlakatda malaka oshirib, ilgʻor tajribalarni oʻrganib qaytdi.

Turkiyada istiqomat qilayotgan 81 million nafardan ziyod aholiga tibbiyotning uch boʻgʻini — oilaviy poliklinikalar, tuman kasalxonalari va ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari xizmat koʻrsatadi.

Mamlakatda tibbiy turizm rivojlangan boʻlib, bemorlar asosan davolanish, fizioterapevtik muolajalar olish va sanatoriy-kurortlarda dam olish uchun boradi.

Qardosh oʻlka transplantalogiya sohasida ham yetakchilardan hisoblanadi. Tibbiyot muassasalaridagi fizioterapiya va reabilitatsiya boʻlimlari insult va turli jarohatlardan keyin bemorlarning harakatlanishini tiklashga moʻljallangan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan toʻliq jihozlangan.

Oilaviy poliklinikalarda oilaviy shifokor, oilaviy hamshiralar, amaliyot hamshiralari va doyalar faoliyat yuritadi. Xar bir oilaviy shifokorga 4000 nafar axoli biriktirilgan.

Safar davomida vakillarimiz Istanbul shahridagi “Bezmialem”, “Medipol” universitetlari, Anqara shahar kasalxonasida ham boʻlib, ushbu muassasalarda qoʻllanilayotgan zamonaviy dignostika va davolash usullari, tibbiy texnologiyalar hamda asbob-uskunalar imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

Bir soʻz bilan aytganda, bunday almashinuvlar mutaxassislar bilim va koʻnikmalarini oshirish, Turkiya tibbiyotining ilgʻor tajribasini mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimiga keng joriy qilishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?