Poytaxtlik shifokor-olimlar Namanganda murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazishdi

Kecha aholi salomatligini saqlash va koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezident tomonidan respublika ixtisoslashgan markazlarning vertikal ish tizimini takomillashtirib, ularni oilaviy shifokor punktlari bilan bogʻlash zarurligi, bu borada Namangan tajribasini kengaytirib, barcha bemorlarni poytaxtga yubormasdan, ularga yashash joyida ixtisoslashgan tibbiy yordam olish imkoniyatini yaratish kerakligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Darhaqiqat, viloyatda ayni yoʻnalishdagi amaliy harakatlar koʻlami kengaymoqda. Buni, masalan, bugun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida poytaxtdan tashrif buyurgan bir guruh shifokor-olimlar tomonidan oʻtkazilgan murakkab jarrohlik amaliyotlari va mahorat darslarida ham koʻrish mumkin. RSHTYOIMning jarrohlik va transplantologiya boʻlimi hamda Tibbiy xodimlar kasbiy malakasini rivojlantirish markazi shoshilinch tibbiy yordam kafedrasining bir guruh professor-oʻqituvchilaridan iborat yetuk mutaxassislar filialda shahar va tumanlaridan taklif qilingan shoshilinch tibbiy yordam boʻlimidagi jarrohlar uchun kasbiy malakalarini oshirishga bagʻishlangan sayyor sikl oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etishdi. Bir paytning oʻzida nazariy va amaliy bilimlar uygʻunlashtirildi.
RSHTYOIMning shoshilinch jarrohlik va transplantologiya boʻlimi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod Xadjibayev, ilmiy markazning bosh vrach oʻrinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Dilmurod Poʻlatov, jarrohlik transplantologiyasi boʻlimi boshligʻi Dilshod Ergashev, anesteziolog-reanimatolog Farhod Siyabayev, operatsiya bloki bosh hamshirasi Liliya Rahimova hamda dotsent Ravshan Madiyevlar yangiqoʻrgʻonlik Dilorom Azimovada «Qorin oldi devori ventral churrasi bilan allaplastika», Namangan shahrida yashovchi Eʼzoza Burxonovada esa «Laparatom xoletsistektomiya» singari shoshilinch murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarishdi. Dardmand ayollarni xastalikdan xalos boʻlishdi.
— Viloyatning chekka va olis hududlarida ham tibbiy koʻriklar oʻtkazishni rejalashtirganmiz, — deydi Farhod Abduhakimovich. – Bunda birinchi navbatda “Temir daftar” hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand bemorlarning xonadonlariga tashrif koʻzda tutilgan. Ularning xastalanish darajasiga qarab,zarur holatlarda rejali va shoshilinch operatsiyalarni bajaramiz.
Toshkentdan kelgan shifokor-olimlar bir oy davomida viloyatning barcha tumanlarida sayyor sikl oʻquv mashgʻulotlarini olib boradilar. Olisda yashovchi bemorlarda murakkab turdagi jarrohlik amaliyotlari ham oʻtkaziladi. Ayni jarayonda mahalliy shifokorlar bilan tajriba almashinadi, malakalar mukammallashtiriladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring