Pekinda Oʻzbekiston — Xitoy koʻrgazmasi ochildi

13:00 15 Yanvar 2021 Madaniyat
1596 0

Xitoy poytaxti markazidagi Tyananmen maydoni yaqinida joylashgan «Gugun» Yopiq shaharining Imperator saroyi muzeyida “Keng va bepoyon dashtlar chorrahasi: Buyuk Ipak yoʻlidagi arxeologiya topilmalari” deb nomlangan Oʻzbekiston – Xitoy foto koʻrgazmasi ochildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbir Oʻzbekiston Davlat tarix muzeyi, XXR Imperator saroyi muzeyi va Xitoy Shimoliy-Gʻarbiy universiteti hamkorligida mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi koʻmagida tashkil etildi.

Koʻrgazmada Oʻzbekiston – Xitoy arxeologiya ekspeditsiyasi tomonidan Sazagʻan (Samarqand) va Rabat (Surxondaryo) hududlarida olib borilgan qoʻshma arxeologiya qazuv-tadqiqot ishlarining natijalari namoyish etilmoqda.

Ikki mamlakat olimlaridan iborat qoʻshma arxeologiya ekspeditsiyasi tomonidan Oʻzbekistonning Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan Sazagʻan yodgorligi va Rabat qishlogʻidagi qadimgi qabrlardan topilgan rang-barang arxeologiya topilmalarining suratlari koʻrgazma peshtaxtalaridan joy oldi.

Jumladan, koʻrgazmada temir qurollar, sopol buyumlar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlardan yasalgan taqinchoqlar hamda tilla zargarlik buyumlari namoyish etilmoqda. Bundan tashqari, koʻrgazma bilan tanishuv asnosida qadimgi qabrlarda olib borilgan qazuv ishlari toʻgʻrisida ham atroflicha tasavvur hosil qilish mumkin. Mazkur suratlarda mayit bilan birga ov va ish qurollari, zargarlik buyumlari hamda sopol hunarmandchiligi osori-atiqalari koʻmilganini koʻrish mumkin. Bu topilmalar Kushon davriga (eramizgacha boʻlgan III—I asrlar) aloqadorligi taxmin qilinadi.

Mazkur koʻrgazma doirasida Oʻzbekistonning Xitoydagi elchixonasi xodimlarining Imperator saroyi muzeyi direktori oʻrinbosari Luo Vey bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Muloqot chogʻida Luo Vey ushbu koʻrgazmani tashkil etishdagi koʻmagi uchun Oʻzbekiston Davlat tarix muzeyiga minnatdorlik bildirdi. Muzey direktori oʻrinbosari Xitoy tomonining bu yoʻnalishda yana-da faol hamkorlik qilishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Luo Veyning qayd etishicha, Xitoy va Oʻzbekiston Buyuk Ipak yoʻli boʻyida joylashgan eng muhim mamlakatlar hisoblanadi. Uning aytishicha, mamlakatlarimiz ming yilliklar davomida shakllangan noyob va boy tarixiy-madaniy merosga ega ekanligidan ushbu koʻrgazma ham guvohlik beradi.

“Yopiq shahar” nomi bilan mashhur Imperator saroyi muzeyi YUNESKO butunjahon merosining obyekti hisoblanadi. U Pekin markazidagi 1406 – 1420-yillarda barpo etilgan Xitoy imperatorlari dinastiyalari sobiq saroyi hududida joylashgan.

Saroyning umumiy maydoni 111 gektarni tashkil etadi. Hammasi boʻlib 980 ta bino joylashgan ushbu hudud 10 metr balandlikdagi devor bilan oʻralgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер