Parlamentdagi muxolifat: Tarixi, hozirgi holati va istiqbollari

12:01 24 Yanvar 2025 Siyosat
248 0

Soʻnggi vaqtlarda parlamentdagi muxolifat masalasi keng muhokama qilinmoqda. Konstitutsiyaviy huquq sohasining mutaxassisi sifatida ushbu masala haqida ayrim fikrlarni ilgari surmoqchiman.

Muxolifat nima uchun kerak?

Birinchidan, muxolifat qabul qilinayotgan qarorlarni tanqidiy koʻrib chiqish orqali ulardagi kamchiliklarni koʻrsatadi, shu orqali qarorlar yanada xalqchil, asoslangan va toʻgʻri boʻlishi taʼminlanadi. Muxolifatsiz asoslanmagan yoki xato qarorlar qabul qilish ehtimoli ortadi. Muxolifat esa, xatolarni koʻrsatib, ularni toʻgʻrilash uchun imkon beradi.

Ikkinchidan, muxolifat odatda nazoratchi rolini bajaradi, shu bois qaror qabul qiluvchilar ortiqcha xarajat, vakolatdan chekka chiqishga yoʻl qoʻymaslik uchun oʻzlarini nazorat qilib boradilar, yaʼni boshqacha aytganda, muxolifat hokimiyatga kelgan kuchlarni sergak, uygʻoq boʻlishlarini taʼminlaydi.

Uchinchidan, muxolifat xalqni qiynayotgan muammolarni oʻrtaga olib chiqib, parlamentdagi koʻpchilik eʼtiborini ushbu masalalarga qaratadi, ularni hal qilish uchun koʻproq eʼtibor qaratishni talab qiladi.

Umuman olganda, muxolifatni iqtisodiyotda raqobatga oʻxshatish mumkin, yaʼni raqobat bor joyda ijobiy oʻzgarish, taraqqiyot va yuksalish boʻlgani, raqobatdan isteʼmolchilar foyda koʻrgani kabi davlatda muxolifat boʻlishidan xalq va jamiyat manfaat koʻradi. Qolaversa, muxolifat fuqarolarning fikr bildirishga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish usuli sifatida ham namoyon boʻlishini inobatga olish lozim.

Muxolifat qanday boʻlishi kerak?

Muxolifatni turli xil “muxolifat” niqobi ostidagi davlatga qarshi xatti-harakatlardan, tashqi destruktiv kuchlar yordamida oziqlantirilgan fitnalardan farqlash zarur. Muxolifat ostida ommaviy tartibsizliklar, fitnalar qoʻzgʻash taraqqiyotni oʻn yillar orqaga surib tashlashi, davlatchilikni yoʻq qilishi mumkinligini koʻp davlatlar, shu jumladan, ayrim qoʻshni davlatlar misolida ham koʻrganmiz.

Tinchlik taraqqiyotning, iqtisodiy yuksalish va farovonlikning asosiy va eng muhim sharti ekanligini hech ham unutmaslik kerak. Jamiyatga sogʻlom, konstruktiv muxolifat kerak. Tanqidlar asoslangan boʻlishi, populizmga aylanib ketmasligi kerak. U yoki bu muammoning yechimi davlatning ichki imkoniyatlari, mavjud iqtisodiy resurslari bilan bogʻliqligini ham inobatga olish lozim.

Bu yerda shuni unutmasligimiz kerakki, muxolifat konstruktiv boʻlsa bunyodkor kuchga aylanadi, aksincha, faqat shunchaki populistik tanqiddan iborat boʻlsa, jamiyatda davlat hokimiyati, davlat organlariga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi.

Muxolifat masalasi — qonunchiligimizda. Oʻzbekistonda muxolif partiyalar bormi?

Ushbu masala qonunchilik uchun ham, amaliyotimiz uchun ham yangilik emas. Tarixga nazar soladigan boʻlsak, turli yillarda turli partiyalar oʻzini muxolifat, deb eʼlon qilganligining guvohi boʻlishimiz mumkin. Xususan, 2005-yilda — Xalq demokratik partiyasi va “Milliy tiklanish” DP, 2010-yilda Xalq demokratik partiyasi, 2015-yilda Xalq demokratik partiyasi va “Adolat” SDP fraksiyalari oʻzini parlament muxolifati sifatida eʼlon qilgan.

U yoki bu siyosiy partiyalarning parlamentdagi muxolifat, deb eʼlon qilinishini parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etgan siyosiy partiyalarning “Demokratik kuchlar bloki”ga birlashuviga nisbatan pozitsiyasi sifatida baholash mumkin.

Qonunchilikka murojaat etadigan boʻlsak, muxolifat instituti 2007-yil 11-aprelda “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonun bilan qonunchiligimizga kiritilgan. Xususan, ushbu Qonun parlamentdagi muxolifat uchun zarur huquqiy shart-sharoitlar yaratdi, xususan, u bilan quyidagilar belgilandi:

birinchidan, yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yoʻli va dasturiga yoki uning ayrim yoʻnalishlariga qoʻshilmaydigan siyosiy partiyalar fraksiyalari oʻzlarini muxolifat deb eʼlon qilishi mumkinligi belgilandi;

ikkinchidan, parlamentdagi muxolifatning qonunda fraksiyalar uchun nazarda tutilgan vakolatlar bilan bir qatorda qoʻshimcha uchta kafolatlangan huquqqa egaligi belgilandi:

— qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilguniga qadar oʻsha masalaga doir qonun loyihasining muqobil tahririni kiritish;

— muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan oʻzining alohida fikrini Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bayonnomasiga kiritish;

— Oliy Majlis Senati tomonidan rad etilgan qonun boʻyicha kelishuv komissiyasida oʻz vakillarining kafolatli ishtirok etishidir.

Parlamentdagi muxolifat qanday ishlaydi?

Parlamentdagi muxolifat oʻziga xos xususiyatlarga ega. Xususan, koʻpchilik palata majlislarida qonun loyihalari boʻyicha jiddiy muhokamalar boʻlmasligini tanqid qiladi.

Parlamentdagi qonun ijodkorligi jarayonining oʻziga xosligi shundaki, haqiqiy tortishuv va bahs-munozaralar qoʻmita va fraksiyalar yigʻilishlarida boʻladi. Ushbu yigʻilishlar soatlab davom etadi va barchaning — deputatlar, ekspertlar, qonun tashabbuskorlari, NNT vakillari fikrlari, mulohazalari va takliflari eshitiladi.

Oʻz-oʻzidan qoʻmita va fraksiyalarda muhokamalarda koʻp eʼtiroz boʻlgan, koʻpchilik qoʻllab-quvvatlamagan yoki yagona yechimga kelinmagan qonun loyihalari palata majlisiga olib chiqilmaydi. Chunki, qoʻmita va fraksiyada qoʻllab-quvvatlanmagan loyiha palatada 1 yoki 2-oʻqishdan ham oʻta olmaydi.

Shunga koʻra, palatada 1 yoki 2-oʻqishga koʻp soatli muhokamalarda deputatlarning eʼtirozlari asosida qayta ishlanib maromiga yetgan loyihalar olib chiqiladi va deputatlar oʻz takliflari inobatga olinganligini inobatga olib, qoʻshimcha savollari boʻlmasa, boshqa savol bermaydi.

Yana bir jihati, tortishuvlarning parlamentdagi oʻqishlarga qarab ham farqlanadi, bu qonun ijodkorligi jarayonidagi yana bir oʻziga xoslik.

1-oʻqishda tortishuv koʻp boʻlmaydi, chunki unda qonunning konsepsiyasi muhokama qilinadi. Konsepsiya boʻyicha eʼtiroz boʻlmasa, loyiha batafsil muhokama qilinmaydi. Masalan, loyiha bilan qaysidir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyat turiga kiritilyapti. Agar deputat shu faoliyat turini litsenziyalash xato, deb hisoblasa, bu konseptual eʼtiroz, uni 1-oʻqishda koʻtarish kerak. Agar litsenziyalash toʻgʻri, lekin litsenziya uchun davlat boji miqdorini kamaytirish taklifi boʻlsa, bunday taklif konsepsiyaga mos boʻlgani uchun uni 1-oʻqishda koʻtarish shart emas.

Bu kabi takliflar loyiha 1-oʻqishdan oʻtgandan soʻng 2-oʻqishga tayyorgarlik koʻrish vaqtida qoʻmita va fraksiyalar yigʻilishlari davomida berilsa, uning qabul qilinishi ehtimoli yuqori boʻladi. Agar shunda ham qabul qilinmasa, unda buni 2-oʻqishda barcha deputatlar oldida koʻtarish kerak boʻladi.

Parlamentdagi muxolifat qanday natijalar bergan?

Koʻpchilik parlamentga kelib tushgan qonun loyihalari oʻzgarishsiz, tortishuvlarsiz qabul qilinadi, degan eʼtirozni bildiradi. Aslida vaziyat qanday?

Parlamentga kelib tushgan qonun loyihalarining juda katta qismi oʻzgartiriladi. Koʻpincha, saylovchilar manfaatlaridan kelib chiqib, loyihalarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi. Xususan, Qonunchilik palatasida qonun loyihasini koʻrib chiqish natijasida loyihalarga xalqchil qoidalar kiritilganligi yoki aksincha odamlarga ogʻirlik olib keladigan qoidalar chiqarib yuborilganligiga guvoh boʻlganman. Masalan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda koʻp muhokama qilingan maktab darsliklari uchun ijara toʻlovlari deputatlar tashabbusi bilan loyihadan chiqarib tashlandi.

“Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasidan bir harakat uchun ikki marotaba javobgarlikka tortmaslik prinsipidan kelib chiqib hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida energiya resurslari isteʼmolchilarining ikkita harakatlari uchun jarimalar chiqarib tashlangan.

Yaqinda koʻp munozaralarga sabab boʻlgan yoʻnalishli transport vositalari uchun ajratilgan alohida yoʻlaklardan transport vositalari harakatlanishi qoidabuzarligi uchun jarimalar miqdori ikki barobarga kamaytirildi, qaysi holatlarda ushbu harakatlar qoidabuzarlik hisoblanmasligi toʻgʻrisida aniqlashtiruvchi norma kiritildi.

Umuman olganda, Qonunchilik palatasida qonun loyihalari, ayniqsa, ularning aholiga qoʻshimcha ijtimoiy, moliyaviy yoki boshqacha majburiyat yuklaydigan, javobgarlik belgilaydigan normalari har tomonlama tahlil qilinadi va “chigʻiriq”dan oʻtkaziladi.

Shu bilan birga, davlatda qaror qabul qiluvchi organ faqat parlament emasligini ham inobatga olish lozim. Koʻplab yangicha tartib-taomillar, iqtisodiy mexanizmlar qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar bilan joriy etiladi. Ular tegishli organlarning vakolati doirasida qabul qilingan qonuniy qarorlar boʻlib, ularga parlament taʼsir oʻtkaza olmaydi. Albatta, parlament yoki deputat soʻrovi yuborish orqali vaziyatga aniqlik kiritishi, rahbarlarni chaqirib eshitishi mumkin. Lekin baribir parlament nazorati natijalari asosan tavsiyaviy xususiyat kasb etishini ham tushunish kerak.

Yangi taklif etilayotgan qonun loyihasi nima haqida?

2024-yil 18-noyabrdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida davlatimiz rahbari tomonidan parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlar sonini 3 tadan 6 taga oshirish taklif etilgan edi.

Mazkur masala keyinchalik 2025-yilga moʻljallangan Davlat dasturi loyihasida ham oʻz aksini topdi.

Ushbu taklifni qoʻllab-quvvatlab, bir guruh deputatlar tomonidan parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda oʻzini parlamentdagi muxolifat, deb eʼlon qilgan siyosiy partiya fraksiyasiga quyidagi qoʻshimcha huquqlar berishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritish taklif etilmoqda:

— Qonunchilik palatasining 1 nafar qoʻmita raisi va 2 nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlarini kafolatli egallash. Bunday amaliyot dunyo tajribasida ham keng uchraydi. Xususan, Buyuk Britaniya, Litva, Moldova va Armaniston parlamentida byudjet va xavfsizlik boʻyicha qoʻmitalar raislari yoki oʻrinbosarlari muxolifat fraksiyadan saylanadi.

— Har chorakda “Hukumat soati” va parlament soʻrovi doirasida kamida bittadan masala kiritish. Masalan, Qozogʻiston va Armanistonda ham parlamentdagi muxolifat “parlament eshituvi” va “hukumat soati” tadbirlari boʻyicha taklif ilgari suradi.

— Qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qoʻrib chiqilgunga qadar uning muqobil tahririni kiritish. Amaldagi qonunchilikda faqat birinchi oʻqishda koʻrib chiqilgunga qadar qonun loyihasining muqobil tahririni kiritishi mumkin. Ikkinchi oʻqishga qadar uzaytirilishi ushbu huquqni amalga oshirish uchun vaqt nuqtayi nazaridan qoʻshimcha sharoit yaratadi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi quyi palata faoliyatida fikrlar xilma-xilligini taʼminlashga, parlament nazorati tadbirlari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Umuman, muxolifat huquqlarining kengayishi parlament faoliyatiga yangi mazmun olib kirish bilan birga, ichki demokratiyaning kuchayishiga, qonun ijodkorligi jarayonida bahs-munozaralar orqali adolatli qonun va qarorlar qabul qilinishiga yanada ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Shuhrat YOQUBOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер