Parlament yuqori palatasi aʼzolari Mahalliy Kengashlar deputatlari savollariga javob berdi

08:11 15 Fevral 2022 Jamiyat
432 0

Foto: Халқ сўзи

Xabaringiz bor, shu yilning 3-4-fevral kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi oʻtkazilgan va unda 20 ta masala, jumladan, 8 ta qonun koʻrib chiqilgan edi.

Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Farhod Boqiyev hamda mazkur qoʻmita aʼzosi Farmon Toshev ishtirokida xalq deputatlari Samarqand viloyati va tuman, shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari hamda kotibiyat mudirlari bilan ZOOM orqali oʻtkazilgan yigʻilishda yalpi majlisda koʻrib chiqilgan ana shu masalalar haqida batafsil maʼlumot berildi.

— Yalpi majlisda maʼqullangan qonunlar orasida “Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish ishlarini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi, — dedi F.Boqiyev. — Xabaringiz bor, mazkur qonun 9-fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi va kuchga kirdi. Ushbu qonun bilan Mehnat, Fuqarolik va Soliq kodekslariga hamda amaldagi “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Unga koʻra, endilikda Chernobil AESdagi avariya tufayli mayib boʻlish yoki kasallik oqibatida III guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga ham pensiya tayinlanadi. Taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan yetim bolalarga 23 yoshga toʻlgunga qadar boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olish huquqi berildi. Bolani parvarishlash taʼtillarida boʻlish vaqtini ish stajiga qoʻshib hisoblash jami davri 3 yildan 6 yilga oʻzgartirildi.

Fuqarolik kodeksiga kiritilgan oʻzgartishga koʻra, endilikda avtomototransport vositalari elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda onlayn-auksion natijalariga koʻra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega boʻladi.

Yigʻilishda yalpi majlis qarori bilan Vazirlar Mahkamasiga Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida parlament soʻrovi yuborishning sabab va mohiyati haqida ham maʼlumot berildi.

Senatorlar ayni payda qoʻmitada muhokama etilayotgan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun yuzasidan mahalliy Kengashlar deputatlari ham oʻz fikr va takliflarini bildirishlari muhimligini taʼkidladi.

Parlament yuqori palatasi aʼzolari deputatlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?