Parlament va siyosiy partiyalar faoliyati huquqiy asoslari takomillashmoqda

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning qirq toʻqqizinchi yalpi majlisida “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, 2023-yilning aprel oyida umumxalq referendumi orqali Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlandi.
Shu bilan birga, qator qonunlar, Prezident farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlari qabul qilinib, jamiyatimizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Konstitutsiyamizda muhrlangan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish yuzasidan Oliy Majlis palatalari tomonidan oʻz faoliyatlarini tartibga soluvchi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda.
Xususan, parlament palatalarining faoliyatidagi parallellikni va bir-birini takrorlovchi vakolatlari aniqlashtirilmoqda, Senat aʼzolari jami 100 nafardan 65 nafarga qisqartirilmoqda. Bunda, har bir maʼmuriy-hududiy birlikdan 4 nafardan senator saylanishi, 9 nafari Prezident tomonidan tayinlanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda. Bunda Spikerning oʻrinbosarlari fraksiya aʼzosi boʻlishi mumkin emasligi hamda lavozimda boʻlish davrida siyosiy partiyadagi aʼzolikni toʻxtatib turishi belgilanmoqda. Bundan tashqari Qonunchilik palatasi va Senatning oʻzini oʻzi tarqatib yuborish vakolati kiritilmoqda. Bunday holatda Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy mobaynida oʻtkazilishi, Senatning yangi tarkibi esa, 1 oy mobaynida shakllantirilishi nazarda tutilmoqda.
Yana bir muhim jihat, 100 ming nafardan kam boʻlmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishi mumkinligi hamda parlament tekshiruvini oʻtkazish Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan oʻtkazishi belgilanmoqda.
Qonunning yuqorida qayd etilgan Senat aʼzolari soni va qoʻmitalar nomlarini hamda Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari soni va maqomini belgilovchi qoidalari 2024-yilda navbatdagi chaqiriqdagi Oliy Majlis palatalari ishi boshlanganidan amalga kiritilishi belgilanmoqda.
Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning normalarini amalga oshirishga, shuningdek, qonunlar qoidalarini Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda nutq so‘zladi.
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Xalq soʻzi” bo'lim muharriri “Oltin qalam” mukofoti sohibi boʻldi
- Eng yaxshi maqolalar mualliflari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring