Parlament ittifoqning 150-yubiley assambleyasi oʻz ishini boshladi
Foto: Akmal Muhammadev/“Xalq soʻzi”
Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Toshkent shahrida oʻz ishini boshladi.
Assambleyaning ochilish marosimi “Tashkent City” xalqaro biznes markazining Kongress xollida boʻlib oʻtmoqda.
Bugun jahon siyosiy maydonida oʻzining mustahkam oʻrni, obroʻsi va oʻz soʻziga ega boʻlgan Parlamentlararo ittifoq parlament diplomatiyasini rivojlantirish, demokratik institutlarni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarini roʻyobga chiqarish kabi muhim yoʻnalishlarda faol ish olib bormoqda.
Tashkilot milliy qonunchilik organlarining ilgʻor tajriba va amaliyotlarini oʻzaro integratsiya qilish orqali zamonaviy tahdidlarni bartaraf etish boʻyicha parlamentlar uchun umumiy strategiyalarni ishlab chiqishda koʻmaklashib kelmoqda.
Ayniqsa, geosiyosiy vaziyat tobora taranglashib borayotgan bir davrda Parlamentlararo ittifoq dunyoda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, nizolarni hal etish, xalqaro huquq va tinchlikparvar siyosatni rivojlantirish borasida parlamentlar rolini kuchaytirishga harakat qilmoqda.
Shu jihatdan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi nafaqat oʻzining tarixiyligi, balki uning mazmun-mohiyati jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga, mamlakatlar barqaror rivojlanishini taʼminlashning muhim sharti boʻlgan ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.
“Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida oʻtkazilayotgan Assambleyada 190 ta mamlakat, 15 ta kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.
Assambleya doirasida ijtimoiy taraqqiyotga erishishda, adolatli jamiyatni barpo etishda parlamentlar ishtirokni kengaytirish va faolligini oshirishga qaratilgan 90 ga yaqin turli tadbirlar va debatlar tashkil etiladi.
Xususan, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva soʻzga chiqar ekan, bugun Parlamentlararo ittifoq jahon siyosiy maydonida oʻzining mustahkam oʻrniga ega boʻlganini hamda parlament diplomatiyasini rivojlantirish va demokratik institutlarni mustahkamlash borasida oʻz faoliyatini amalga oshirayotganini taʼkidlab oʻtdi:
— Bugun Yangi Oʻzbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida islohotlar izchillik bilan davom etmoqda, taraqqiyotning hal qiluvchi bosqichiga qadam qoʻyildi.
Milliy parlamentlarning ushbu jarayonlarda muhim ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy vazifalarni hal etishdagi roli, vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston parlamenti xalqaro parlament mexanizmlariga faol ravishda integratsiyalashib bormoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Parlamentlararo ittifoq 150-yubiley assambleyasi ishtirokchilarini qutlab, mazkur tadbirning parlamentarizm tarixidagi ahamiyati haqida alohida toʻxtalib oʻtdi:
— Qonunchilik sohasida, dunyo miqyosidagi muloqot va sheriklikni mustahkamlash, parlamentlarning ijtimoiy taraqqiyotni va adolatni koʻzlagan holda faollik koʻrsatib, tajriba almashish borasida Parlamentlararo ittifoq istiqbolda oʻzining muvofiqlashtiruvchilik rolini yanada kuchaytiradi deb umid qilamiz.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar Assambleyaning bosh mavzusi “Ijtimoiy rivojlanish va adolat uchun parlament harakati” ekanligini qayd etib, bu borada davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalarga eʼtibor qaratdi.
Xususan, Parlamentlararo ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson xonim quyidagi fikrlarni bildirdi:
— Oʻzbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni va mamlakatingiz qanday taraqqiy etayotganining guvohi boʻlib turibmiz. Shu munosabat bilan yana bir bor Oʻzbekiston Prezidentini hamda Senat Raisini bu boradagi harakatlari natijasi bilan tabriklayman. Bu mamlakat barqaror rivojlanib bormoqda.
Assambleya davomida biz adolat va ijtimoiy taraqqiyot mavzularini jamlab, ular qanday uygʻunlashishi mumkinligini muhokama qilmoqchimiz. Sababi baʼzida ijtimoiy adolatsizliklar boʻladi va ayrim davlatlar bu adolatsizliklarni taraqqiyot nomidan oqlashga urinadilar. Biz esa bu ikki tushuncha birgalikda rivojlanishi kerak, deb hisoblaymiz.
Bosh kotib Martin Chungong esa shunday dedi:
— Bu hafta davomida Toshkent parlament diplomatiyasining poytaxtiga aylanadi. Bu yigʻilish global hamjamiyat duch kelayotgan muammolar, ziddiyatlar va nizolarni muloqot orqali hal qilish mumkinligini koʻrsatuvchi namunaga aylanadi. Ayni vaqtda dunyo murakkab muammolar, urushlar va ziddiyatlar girdobida qolayotgan bir paytda ushbu Assambleyaning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi yurtingizdagi bebaho neʼmat – tinchlik hukmronligini hamda mamlakat rahbariyatining koʻp tomonlama hamkorlik va parlament diplomatiyasini rivojlantirishga boʻlgan sodiqligini koʻrsatadi. Bu uchun Parlamentlararo ittifoq juda minnatdordir.
Jarayonlarni batafsil Parlamentlararo ittifoqning *YouTube tarmogʻidagi sahifasi orqali kuzatib borishingiz mumkin.
Assambleya doirasidagi barcha tadbirlar 5-9-aprel kunlari “Tashkent City” xalqaro biznes markazining Kongress xollida boʻlib oʻtadi.
Shuningdek, Assambleya doirasida muhim xalqaro hujjatlar, jumladan, Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi.
Toshkentda oʻtkazilayotgan yubiley Assambleya Parlamentlararo ittifoq, jahon parlamentarizmi tarixida unutilmas voqeaga aylanishiga hamda Assambleya doirasida ilgari surilgan tashabbuslar, qabul qilingan hujjatlar Ittifoqqa aʼzo davlatlarning qonunchilik islohotlariga ijobiy taʼsir koʻrsatishiga ishonch bildirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring