Parkentdan jahon bozoriga

16:38 31 May 2023 Iqtisodiyot
793 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Bugungi kunda yurtimizda qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini zamonaviy mezonlar asosida isloh qilish, xususan, ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga keng tatbiq etish borasida izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi tomchilatib sugʻoriladigan ekin bogʻlariga uyushtirilgan press-turda yangi texnologiyaning ahamiyati hamda amaliy samarasi oʻrganildi.

Taʼkidlash oʻrinliki, 2019-yili tashkil etilgan “Agro star expo” MCHJ kichik klasterida sifatli hosil olinmoqda. Kanadadan keltirilgan bu gilos navi oʻzini oʻzi changlantiradi. Ayni paytda klaster bogʻida 11 ming tup gilos parvarish qilinayotgan boʻlib, har gektar yerdan 5 tonnadan hosil olinishiga erishilyapti.

Bogʻ hududidagi tomchilatib sugʻorish uskunasi Isroil davlatidan keltirilgan va 20 gektarlik gilos bogʻiga moʻljallangan.

Foto: “Xalq soʻzi”

OAV vakillariga klaster korxonasi agronomi tomchilatib sugʻorish texnologiyasidan 6 yildan 20 yilgacha foydalanish mumkinligi, suvni daraxtlarga 20 metr baland paslikkacha bir xil yetkazib berishi haqida toʻliq maʼlumot berildi. Shuningdek, jurnalistlar klaster korxonasi tasarrufidagi 40 gektar uzum bogʻida yoʻlga qoʻyilgan tomchilatib sugʻorish texnologiyasi faoliyati bilan ham tanishdilar.

Hozirgi kunda Parkent bogʻlarida sharbatga toʻlib pishgan gilos mevasi Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.

— Uch yil oldin bu joylar qir-adir, foydalanilmaydigan yerlar boʻlgan, — deydi “Agro star expo” MCHJ kichik klasteri agronomi Joʻrabek Poʻlatov. — Bu yerga kanaldan 900 metr trubalardan suv tortib kelingan. Oʻtgan yili uzumlar hosilga kirdi, gektaridan 5 tonnadan hosil oldik. Bu yil gektaridan 20 tonna hosil olishni moʻljallayapmiz. Asosan, mayizbop uzum navlari ekilgan.

Shuningdek, Parkent tumani dengiz sathidan 1100 metr balandlikda joylashgan Sanganak qishlogʻining lalmi yerlariga ham tomchilatib sugʻorish texnologiyasi oʻrnatilib, bogʻ yaratildi. Bugungi kunda 70 gektar yer maydonida 7 turdagi gilos, nok, olma, olxoʻri, shaftoli, uzum kabi mevali daraxtlar parvarishlanyapti.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Oʻtgan yili gilosning 1 gektaridan 4,2 tonna hosil olingan boʻlsa, bu yil 5,5 tonna hosil olish moʻljallanmoqda, — deydi “Agro elit” MCHJ fermer xoʻjaligi agronomi Orif Mahmudov. — Ayni paytda koʻchatlar 5 yillik boʻldi. U yaxshi parvarish qilinsa, 30 yilgacha hosil olish mumkin. Giloslar Rossiya, Xitoy va Indoneziyaga eksport qilinayotir.

Ayni jarayonda yer ostidan 10 ta quduq kovlab, 80 ming tonnalik hovuzga tashlab, undan tindirib suv olinmoqda. Imkoniyat yoʻq hududda mana shunday sharoit yaratilishi sababli har gektar yerga bir soatda 15 tonnadan suv berilmoqda. Hozirgi mavsumda bogʻlar har kuni sugʻoriladi.

Koʻchatlar Ispaniya, Turkiya, Kanadadan keltirilgan boʻlib, popuk ildizli, yarim pakana daraxtlar hisoblanadi. Koʻchatlar bir yilda hosilga kiradi. Har bir gektar yer maydoniga davlat tomonida 8 milliondan subsidiya ajratib berilishi bogʻdorchilik xoʻjaliklarining daromad salmogʻi yanada yaxshilanishi hamda faoliyat koʻlamini kengaytirib borishda muhim omil boʻlmoqda..

Akram Xamraqulov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер