Parashyutdan sakrashni istaysizmi? O’zbekistonda bu muammo emas...

10:50 01 Fevral 2018 Sport
13240 0


Bolaligidan parashyutdan sakrashni orzu qilmagan inson kam bo’lsa kerak. Lekin O’zbekistonda ko’pchilik bunday imkoniyat harbiylardan boshqalarga berilmaydi, deb o’ylashi mumkin. Haqiqatan ham shundaymi? Yo’q. Yurtimizda har qanday yaxshi maqsadni ro’yobga chiqarish mumkin. Xoh u ekstremal sport turi bilan bog’liq bo’lsin. Xo’sh, buning uchun nima qilish kerak? Qanday tartib-taomillar, qonun-qoidalarga rioya etish lozim? Biz ana shu kabi bir qator qiziqarli savollarni soha mutaxassisi, O’zbekiston parashyut sporti federatsiyasi raisi o’rinbosari Evgeniy Lityanskiyga yo’llagandik. Quyida ana shu javoblarni e’tiboringizga havola qilamiz.
— O’zi parashyutdan sakrash yoki parashyutizm qanday soha?
— Parashyutizm ekstremal sport turi hisoblanadi. Shuning uchun avval er usti mashg’ulotlaridan o’tish lozim. O’tganda ham, qat’iy, qisqa bo’lmagan yo’riqnomalar olib boriladi. Zero, bu parashyutdan sakrashda xavfsizlik garovi hisoblanadi, havoda stress holati ro’y bersa, xato qilishning oldini olishni o’rgatadi.
—  Mavsum qachon boshlanadi?
— Joriy yilgi mavsum shu yil 4 mart kuni ochiladi. Lekin xohlovchilar guruhini yig’ish imkoniyatga qarab amalga oshiriladi. Sababi aerodorom va aviatsiya texnikasining o’tkazish salohiyati chegaralangan. Aerodrom esa O’rta Chirchiq tumanidagi Aranchi qishlog’ida joylashgan.
— Umuman mashg’ulotlardan o’tib, parashyutdan sakrayman degan odam buning uchun qancha mablag’ sarflaydi?
— Buning uchun 475 ming so’m ketadi. Shundan 50 ming so’mi tibbiy sug’urta uchun. To’lov ixtiyoriy shaklda. Shartnomani esa mana bu xavoladan olish mumkin: http:G’G’aerosport.uzG’docG’dogovor.pdf.
— Qanday samolyotdan va qanday parashyutda sakraladi?
— “An-2” samolyotidan “D 1-5-u” parashyutida.
— Qanday balandlikdan sakraladi?
— 800 metr balandlikdan.
— Havaskor nomzodlarga qanday talablar qo’yiladi?
— Birinchidan, ular 14 yoshdan 55 yoshgacha bo’lish kerak. Ikkinchidan bo’yi 1 metru 40 santimetrdan past bo’lmasligi lozim. Uchinchidan, og’irligi 40 kilogrammdan engil va 100 kilogrammdan og’ir bo’lmasligi shart. Albatta, sog’ligi joyida bo’lishi va o’zi bilan shaxsni tasdiqlovchi hujjatini olib kelishi zarur. Yana bir gap. 14 yoshga etganlar mustaqil sakrashni ota-onasining yozma ruxsati bilangina amalga oshirishishi mumkin.
— Sog’liq haqida gapirdingiz. Salomatligida qanday muammolar bor insonlarning sakrashiga ruxsat berilmaydi?
— Bu borada ma’lum talablar bor, albatta. Masalan, epilepsiya, ruhiy kasalliklar, karlik, qulog’i og’irlik, otit, eshitishga ta’sir etuvchi surunkali quloq kasalliklari, qandli diabet, yurak-qon tomir va o’pka kasalliklari, hushidan ketib qolish, tomir tortishish, tayanch harakati koordinatsiyasi buzilishi, asab tizimi kasalliklari, surunkali buyrak kasalliklari bilan og’rimagan, uzoqni yaxshi ko’ra olmaslik muammosi yo’q insonlarga sakrashga ruxsat beriladi.
Ayni chog’da xohlovchilar boshidan jarohat olmagan, sakrashni amalga oshirishda xalaqit beruvchi tayanch-harakat apparatidagi nuqsonlar, jismoniy cheklanishlar ega bo’lmasligi, oxirgi 24 soatda alkogol va boshqa shu kabi mahsulotlarni iste’mol qilmagan bo’lishi kerak.
— Masalan, men shu talablarga javob beraman deylik. Bir o’zim parashyutda sakraymanmi yoki...
— Ha, mustaqil sakraysiz. Axir o’zingiz sakrasangizgina, haqiqiy adrenalin va ekstremal lazzatni his qila olasiz. Parashyutning ochilish tizimi esa juda ishonchli.
— Xudo ko’rsatmasin, agar parashyut ochilmay qolsa-chi?
— Amalda bunday holat favqulodda kam kuzatiladi. Boisi, sakrash eng yuqori darajadagi ishonchli desant texnikasida bajariladi. Boz ustiga, bunday noxush vaziyatda zaxira parashyuti ham bor.
— Erga qo’nishda daraxt, simyog’och, binolarga urilib ketish yoki suvga tushib ketish mumkinmi?
— Bunday hollar juda kam ro’y beradi. Lekin bo’lib turadi. Shuning uchun dastlabki tayyorgarlik mashg’ulotlarini chin dildan, katta mas’uliyat bilan pishiq-puxta qilish lozim.
— Aytingchi, juft, ya’ni tandem bo’lib yoki yo’riqchi bilan birga sakrash mumkinmi?
— Bizda tandem bo’lib yoki yo’riqchi bilan sakrash yo’lga qo’yilmagan.
— Samolyotga chiqishdan oldin parashyutlarni kim taxlab beradi?
— Parashyutlarni maxsus o’qitilgan yo’riqchilar, sporchilar yoki taxlovchilar yig’ib beradi. Taxlash jarayoni keyinchalik maksimal ishonchni ta’minlash uchun bosqichma-bosqich qat’iy nazorat qilinadi.
— Foto yoki videoqurilmalar bilan sakrashga ruxsat beriladimi?
— Ayrimlar o’zlari bilan fotoapparatlar yoki mobil telefon vositalarini olib chiqishadi va parashyut ochilgandan so’ng suratga tushishadi. Ammo fotoapparatni qo’ldan tushirib yuborish va uni bir umrga yo’qotish mumkin. Bundan tashqari, suratga tushish eng asosiy narsa — erga to’g’ri qo’nishdan diqqatni chalg’itadi.
— Erkin tushish vaqti qancha?
— Desant parashyutida sakrashda erkin tushish deyarli bo’lmaydi. Sababi “D-1-5-u” parashyutida sakraganingizdayoq, u majburiy ochiladi. Faqat samolyotdagi po’lat-arqondan ajralganingizdan so’ng parashyut to’liq ochilguncha, ya’ni qisqa soniyalar davomidagina erkin tushiladi.
— Parashyut “gumbazi” ostida qancha muddatgacha pastlaydi? Ya’ni erga tushguncha qancha vaqt ketadi?
— Buning uchun agar sharqiy oqimga tushib qolinmasa, 3-5 daqiqa sarflanadi.
— Parashyutda erga tushish tezligi qancha?
— Soniyasiga 5 metr.
— Sakrash uchun qanday poyabzal va libos kiyish kerak?
— To’g’ri savol. Bunday ekstremal sport turi uchun oyoq kiyim tanlash juda muhim. Eng yaxshi tanlov — to’piqni yaxshi himoyalaydigan poshnasiz, baland tagcharmli tuflidir. Lekin sport krossovkasi ham bo’laveradi. Birinchi marta sakrayotganlar uchun esa ketalar yoki ochiq poyafzallar tavsiya etilmaydi.
Kiyim qo’l va oyoqni to’liq yopishi, qulay bo’lishi, harakatni chegaramasligi lozim. Keyin kir bo’lsa ham achinilmaydigan kiyim olish kerak. Masalan, sport kostyumi to’liq to’g’ri keladi. 
— Agar men haligi televizorda ko’rsatadigan ekstremallar kabi rang-barang kombinezon(shimi bilan ko’ylagi birga qo’shib tikilgan korjoma, jomakor) va tezkor parashyutda sakrashni istab qolsam-chi?
— Hammasining o’z vaqti-soati bor. Buning uchun, avvalo, erkin tushish va “qanot” turidagi parashyutni boshqarishni o’rgatish kurslaridan o’tish lozim.
— “Qanot-parashyut” nima o’zi?
— “Qanot-parashyut” desant parashyutdan ancha kichkina, to’g’ri burchakli yoki ellipsimon shaklda bo’ladi. Gorizontal tezlik va ko’tarilish kuchiga, yuqori darajada manyovrchanlikka ega. Bu kabi vositani ochish va erga qo’ndirish uni boshqarayotgan parashyutchidan katta mahorat va ko’nikmalarni talab qiladi, albatta.
— Aytgancha, parashyutning umumiy og’irligi qancha?
— Asosiy va zaxira parashyuti bilan qo’shib hisoblaganda umumiy og’irligi 20 kilogrammga teng. Lekin bu raqamni ko’rib, qo’rqib ketmaslik kerak. Er ustidagi mashg’ulotlarda unga hatto qizlar ham tezda ko’nikib ketish mumkin. Osmonda ochilganda esa uning og’irligi hatto sezilmaydi ham.
— So’nggi savol. O’zbekistonda parashyut sporti qay darajada rivojlanayapti?
— Nafaqat parashyut sport turi, balki sportning aviatsiya bilan bog’liq boshqa barcha turlari tang ahvolda. Muammolar juda ko’p. Mamlakatimiz Markaziy Osiyoda Afg’onistondan tashqari aeroklublar bo’yicha terma jamoasi yo’q yagona davlat. O’ylaymanki, yaqin vaqt ichida tegishli mutasaddilar tomonidan mazkur masalaga e’tibor qaratiladi va kamchiliklar bartaraf etiladi. Qo’llab-quvvatlash bo’lsa, salohiyatli sportchilarimiz etarli va ularning safi yanada kengayadi. Eng muhimi, shu sport turlari bo’yicha xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qila olishishimizga ishonaman.
Saidjon MAXSUMOV 
suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер